BBC navigation

Olma-ota yaqinida 11 jasad topilgan

Сўнгги янгиланиш 14 август 2012 - 11:04 GMT

Ili-Olatau tabiat parki Olma-otaning dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi.

Olma-ota viloyati Ili-Olatau milliy parki hududida topilgan jasadlar soni o‘n birga yetgan. Olma-ota shahridan uzoq bo‘lmagan Tausamal posyolkasi va tog‘lar o‘rtasidagi 30 chaqirimlik hududda joylashgan o‘rmondan topilgan jasadlarda jarohat alomatlari bor.

Jasadlar 25 chaqirim radiusdagi masofa orasida topilgan.

Bu haqida Olma-otada jurnalistlarga gapirgan Ichki Ishlar Vazirligining jinoiy politsiya qo‘mitasi raisi muovini Arman O‘rozaliyev bildirgan.

"Umumiy hisobda 11 jasad topildi. Birinchi hodisa hududida olti, ikkinchisida esa besh jasad", - dedi O‘rozaliyev.

"Birinchi hodisa joyida avvalo o‘rmonchining jasadi, undan 300 metr nariroqda uning nikohsiz xotini va o‘rmonchiga ishlagan ikki xodim va uning do‘sti jasadlari topildi. Shunday qilib, olti kishi shaxsi aniqlandi. Qolganlarning shaxsini endi aniqlaymiz", - dedi u.

Hozirda o‘rmonchining o‘g‘li qidirilmoqda. Hech kim hibsga olinmagan.

Politsiya qotillik jinoiy tortishuvlar oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkin degan farazni oldinga surmoqda.

"Hozircha ichki munosabatlarni hal qilib olish sabab bo‘lishi mumkin deya hisoblaymiz. Chunki o‘sha yerda bo‘lgan ishtirokchilarning hammasi ham topilgani yo‘q. Ikkinchidan chetdan birortasi bo‘lishi mumkin", - dedi Qozog‘iston Ichki Ishlar Vaziri Qalmuxanbet Qosimov ilk matbuot anjumanida.

Jasadlarning barchasida pichoq izlari borligi ma‘lum qilingan.

IIV chiqargan bayonotda aytilishicha, biri ayol va biri erkakka tegishli ikki jasad o‘rmonchining uyi tashqarisida topilgan. Yana bir ayol va yana bir erkakning jasadlari esa hodisadan ikki chaqirim nariroqda topilgan.

"So‘ngra milliy park ishchilari hodisadan 25 chaqirim uzoqlikda, qo‘shni o‘rmondagi o‘rmonchining uyi yonayotgani haqida xabar olishgan", - deyiladi bayonotda.

Yong‘in o‘chirilganidan so‘ng uy ichidan ikki yonib ketgan jasadlar topilgan.

IIVning ilk bayonotida jasadlardan besh nafarining shaxsi aniqlangani aytilgandi. Ular 1959 yilda tug‘ilgan Irina Karpenko, 1952 yilda tug‘ilgan V. Sinyakov, 1936 yilda tug‘ilgan P.Zaxaropulo, 1938 yilda tug‘ilgan Antonina Karpыzina va 1969 yilda tug‘ilgan A.Guzayevlar ekani aytiladi.

Mahalliy muxbirimizga ko‘ra, Ili-Olatau tabiat parki Olma-otaning dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Dam olish kunlari ushbu joylar dam oluvchilar bilan gavjum bo‘ladi.

Qotillikning aynan dam olish kunlari sodir bo‘lgani aytilmoqda. Jasadlar esa 13 avgust, dushanba kuni topilgan.

Qozog‘istonning tog‘li hududlarida ommaviy qotillik ilk marotaba uchrayotgani yo‘q. Shu yilning may oyida Qozog‘istonning Xitoy bilan chegaradosh tog‘li nuqtasida 14 chegarachi o‘ldirilgan va jasadlari yoqib yuborilgan edi.

Qozog‘iston Bosh Prokuraturasi ushbu qotillik ichki nizolar natijasida kelib chiqqani va bu zastavada xizmat qiluvchi Vladislav Chelax safdoshlarini o‘ldirganini tan olganini rasman ma‘lum qilgan.

Keyinchalik Vladislav Chelax qotillik qilmagani va ushbu ko‘rsatmalarni ruhiy bosim ostida berganini bildirgan. Uning mahkama ishi davom etmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.