BBC navigation

Suriyaning Islomiy tashkilotga a‘zoligi to‘xtatilgan

Сўнгги янгиланиш 16 август 2012 - 11:23 GMT

Suriyaning Islomiy Konferentsiya Tashkilotiga a‘zoligi to‘xtatilgan. Bu qaror tashkilotning Makkada bo‘lib o‘tgan favqulodda sammitida qabul qilingan.

O‘z fuqarolarini o‘ldirayotgan tuzumning islomiy tashkilotda o‘rni yo‘q, deb aytgan Islomiy konferentsiya tashkilotining bosh kotibi Akmaliddin Ehsono‘g‘li.

O‘tgan yil noyabrida Suriyaning Arab Ligasi a‘zoligidan ham chiqarilgan edi.

Ayni paytda Damashq va Aleppo(Halab)da yana janglar kuchaygan.

Turkiyaga yaqin Azaz shahriga qilingan havo hujumi natijasida kamida 23 kishi halok bo‘lgan, bir nechta uylar to‘liq yakson bo‘lgan.

Damashqda bomba portlashidan besh kishi aziyat chekkan. "Suriya ozodlik armiyasi"ning xabaricha, jangarilarning maqsadi Suriya harbiylari qatnashishi mo‘ljallangan marosimni nishonga olish bo‘lgan.

Chorshanba kuni Damashq markazida BMT kuzatuvchilari joylashgan mehmonxona yaqinida kuchli portlash ro‘y bergan edi.

Suriya davlat televideniyesi xabar qilishicha, benzin solingan idishga ulangan portlovchi moslama ishga solingan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan. Muxolifat faollari shaharning boshqa yerlarida ham portlashlar sodir etilganini aytishgan.

Amerika Eron hukumatini isyonchilarga qarshi kurashayotgan Bashar al-Assad tarafdorlarini qurol bilan ta‘minlayotganlikda ayblagan.

Vashingtonda jurnalistlar oldida gapirgan general Dempsiga binoan, "isyonchilar bilan kurashda jismonan va ruhan holdan toygan askarlarga eron shialari yordam berishmoqda".

Janob Dempsi jangarilar Suriya uchog‘ini urib tushirgan bo‘lishsada, ularda og‘ir qurollar va zenit raketalari bo‘lmasligi mumkin, degan.

Saudiyaning "Al-Vatan" ro‘znomasi Rossiyaning Yaqin Sharqdagi vakili Bogdanovning intervьyusini chop etgan.

Unga ko‘ra, rossiyalik diplomat "Bashar al-Assad akasining ikki oyog‘idan ajralishi ortidan iste‘fo berishi mumkin", - deb aytgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot vakili rossiyalik diplomat bunday intervyu bermaganini, Suriyadagi vaziyat propaganda urushiga aylantirilayotganidan xavotir bildirgan.

Suriya parlament kotibi Xolid Obid "Damashq-Moskva" videoko‘prigida jangarilarni G‘arb davlatlari va Isroil qurol bilan ta‘minlayotganlarini ta‘kidlagan.

"Mamlakatdagi beqarorlik vaziyatidan manfaatdor va uni davom ettirayotganlarning maqsadi bitta - tuzumni ag‘darishdir", - degan suriyalik mulozim.

Xolid Obidning aytishicha, Suriyada qurollangan islomchilar va "Al-Qoida" jangchilari harakat qilmoqdalar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.