BBC navigation

O‘zbekiston Islomiy Harakatining yana bir lideri o‘ldirildi

Сўнгги янгиланиш 17 август 2012 - 12:19 GMT

O‘zbekiston Islomiy Harakati yangi a‘zolarni yollashga urinayotgani aytiladi

Xalqaro Xavfsizlik kuchlari O‘zbekiston Islomiy Harakatining shimoliy Afg‘onistondagi rahbarlaridan bo‘lgan Mulla Anvarni o‘ldirishgani haqida aytishmoqda.

Mulla Anvar shimoldagi Bag‘lon viloyatida jangarilar yetakchilaridan bo‘lgan va yaqinda ikki afg‘on mulozimiga qarshi uyushtirilgan suiqasd amali va qator zo‘ravonliklar uchun mas‘ul, deb bilinadi.

Ayon bo‘lishicha, xorijiy ittifoq qo‘shinlari afg‘on maxsus bo‘linmalari bilan birga shimoliy Taxor viloyatining Ishkamish tumanida reyd o‘tkazayotgan paytda isyonchilar hujumiga duch kelishadi kelishadi.

Havodan madad kuchlari chaqiriladi va shundan so‘ng boshlangan havo hujumida qator isyonchilar bilan bir qatorda Mulla Anvar ham o‘ldiriladi.

Reyd chog‘ida jangarilardan ikki nafari hibsga olingan.

So‘nggi yillarda Afg‘oniston shimolida O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari faoliyati kuchaygani kuzatiladi.

Bu esa, xorijiy ittifoq qo‘shinlari tomonidan qator maxsus harbiy amaliyotlarning yo‘lga qo‘yilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu amaliyotlar ortidan harakatning yuqori martabali qo‘mondonlari o‘ldirilgani va hibsga olinganiga oid xabarlar ham bir necha bor o‘rtaga chiqqan edi.

Mahalliy kuzatuvchilar O‘zbekiston Islomiy Harakatining "Al-Qoida", Tolibon va "Haqqoniy" kabi yirik jangari guruhlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borishini aytishadi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati shu oy boshida o‘zining vebsahifasida rahbari Usmon Odilning "shahodatga erishgani"ni ma‘lum qilgandi.

Harakat bayonotida Usmon Odilning qachon, qayerda va qanday hayotdan ko‘z yumgani ochiqlanmagan, ammo uning o‘rniga Usmon G‘oziy tayinlagani aytilgandi.

Jangarilar va Markaziy Osiyo

So‘nggi yillarda, ayniqsa, Afg‘onistonga qo‘shni Tojikistonda O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolikka aloqador hibsga olishlar va mahkama jarayonlari soni ortgan.

Birgina joriy yilning o‘zida ayni shu ayblovlar bilan o‘nlab kishilar uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.

Kuch tizimlari vakillari shimoliy Tojikistonda keyingi o‘n yilda yuz bergan aksar qurolli hujumlar va halokatli portlashlarni O‘zbekiston Islomiy harakati bilan bog‘lashadi.

Yaqinda Tojikiston Oliy Mahkamasi O‘zbekiston Islomiy Harakatining bir qanoti sifatida ko‘riluvchi "Jamoati Ansarulloh"ni faoliyatini taqiqlangan edi.

Agar harakatning o‘z insoniy talofatlariga oid o‘tgan yili e‘lon qilgan ro‘yxatiga qaralsa, ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Afg‘oniston, Pokiston va Olmoniya fuqarolaridir.

O‘tgan o‘n yil davomida O‘zbekiston Islomiy Harakati boshpana topgan Pokistondagi ayrim tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi yillari o‘tkazilgan aksilisyonkorlik amallari bois safi siyraklashgan bu guruh yana faollashayotgan va kengayayotgan ko‘rinadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu harakat Markaziy Osiyo davlatlaridan ham yangi a‘zolarni yollashga urinmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.