BBC navigation

Xitoy mahkamasi Gu Kaylayni ikki yillik tanaffus bilan o‘lim jazosiga hukm qilgan

Сўнгги янгиланиш 20 август 2012 - 12:38 GMT

Gu Kaylayga chiqarilgan hukm bir umrlik qamoq jazosi bilan almashtirilishi mumkin

Xitoylik "urilgan" partiya vakili Bo Silayning xotini Gu Kaylay britaniyalik biznesmen Nila Xeyvudning o‘limida aybdor deb topilgan va ikki yillik ortga surish bilan o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Qotillikka aloqadorligi uchun ikkinchi ayblanuvchi Chjan Syaotszyunga esa o‘n yillik qamoq jazosi berilgan.

Hukm politsiya bilan o‘rab olingan Xefe mahkama binosida o‘qib eshittirilgan.

Hukmni ijro etishda tanaffus shuni anglatadiki, shu vaqt mobaynida Gu Kaylay yana biror-bir jinoyat sodir etsa, o‘lim jazosi amalga oshiriladi.

Aks holda, hukm bir umrlik qamoq jazosiga almashtirilishi mumkin.

Bu esa Gu xonim umrining kamida 14 yilini panjara ortida o‘tqazadi, degani.

Xitoy matbuotiga ko‘ra, mahkama jarayonida Gu Kaylay Chuntsin mehmonxonasida 41 yoshli britaniyalik biznesmenni zaharlab o‘ldirganini tan olgan.

Mahkama zaliga horijlik jurnalistlar kiritilmagan. Faqat ikki britaniyalik diplomatga mahkama jarayonini kuzatishga ruxsat berilgan.

"Xitoy hukumatiga Nil Xeyvudning o‘limi tafsilotlarini tekshirgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Shu bilan birga mahkama jarayoni inson haqlari talablariga mos kelishini va o‘lim jazosi qo‘llanilmasligini xohlaymiz", deyiladi Britaniya elchixonasi chiqargan murojaatda.

Xeyvud oilasi himoyachisi mahkama qarorini hurmat qilishini bildirgan.

Gu Kaylay qotillikni ruhiy tushkunlik ta‘sirida sodir etganini aytgan.

Kaylayning aytishicha, o‘rtadagi o‘zaro biznes barbod bo‘lgach, Xeyvud uning o‘g‘liga tahdid qilgan va Britaniyada garovda saqlagan.

Gu xonim sodir etgan jinoyati uchun kechirim so‘ragan.

Xitoyda o‘lim hukmi turli jinoyatlar uchun tez-tez chiqarilsa ham, 1976 yilda tugagan Madaniyat inqilobidan buyon partiya rahbarlari va ularning oilasiga nisbatan ishlatilmagan.

Bo Silay Xitoyning eng yuqori lavozimlariga nomzod sifatida ko‘rib kelingan. Biroq xotiniga nisbatan jinoiy ishi ochilgach, omma oldida ko‘rinish bermay qo‘ygan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu ish orqali aynan Bi Silay nishonga olingan. Gu Kilay ham "Xitoyning birinchi ayoli" bo‘lish imkoniyadan butunlay mahrum bo‘lgan.

Mart oyida Bo Silay Chuntsin shahar qo‘mitasi kotibligidan ozod qilingan va "tartibni buzganligi" uchun tekshiruv ishlari boshlangan.

Bo Silay xotinining jinoiy ishiga aloqador, deb aytilmagan.

Yaqin oylarda Xitoyda mamlakat rahbariyati o‘zgarishi va siyosiy byuroning 10 a‘zosidan yetti nafari nafaqaga chiqishi kutilmoqda. Bu har 10 yilda o‘tqaziladigan Kommunistik partiya s‘ezdida aniq bo‘ladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.