BBC navigation

Xitoyda nega xorijiy muxbirlarga qarshi hujumlar ko‘paymoqda?

Сўнгги янгиланиш 21 август 2012 - 15:12 GMT

Xitoy huquq-tartibot organlari xorijiy matbuot xodimlarini muntazam ravishda tahqirlashmoqda.

Xitoydagi xorijiy muxbirlar uyushmalari Xitoy hukumatiga murojaat bilan chiqib, o‘tgan bir oy ichida xorijiy matbuot xodimlari yuz tutgan tahqirlashlar va zo‘ravonliklardan chuqur xavotir bildirganlar. Ular jurnalistlarga bo‘layotgan hujumlarning soni oshib borayotgani va bu hujumlarda politsiya va xavfsizlik kuchlari roli tobora o‘sayotganini aytganlar.

BBC O‘zbek hizmati BBCning Pekindagi muxbiri Martin Peyshns bilan bog‘lanib, vaziyat naqadar abgorligi haqida so‘radi.

Peyshns: Hukumat xorijiy muxbirlar Xitoyda erkin faoliyat yuritishlari mumkin deyishadi, lekin, albatta, Tibetga cheklov qo‘yilgan. Lekin, aslida, xorijiy muxbirlarni politsiya muntazam ravishda qo‘lga oladi va ba‘zi hollarda do‘pposlaydi ham. Xorijiy matbuot uyushmalarining aytishlaricha, o‘tgan bir oyning ichida to‘rtta jiddiy hodisa ro‘y berdi. Masalan, yaponiyalik bir jurnalistni politsiya urib, jihozlarini musodara qilgan. Boshqa bir hodisada, nozik bir mahkama ishini yoritayotgan gonkonglik jurnalist fuqarolar kiyimidagi politsiya zobitlari tomonidan do‘pposlangan. Va endi Pekin, Shanxay va Gonkongdagi xorijiy muxbirlar klublari Xitoy hukumatidan jurnalistlarni zo‘ravonlik va qo‘rqituvlardan himoya etishni so‘rashmoqda. Ular ayniqsa xavfsizlik kuchlarining munosabatidan xavotirdalar.

BBC: Lekin, o‘tgan bir necha yil ichida Xitoyda matbuot erkinlashmoqda, degan taassurot paydo bo‘lgandi. Oxirgi vaqtda xorijiy muxbirlar bunday zo‘ravonlikka yuz tutayotganlari sababi nimada?

Peyshns: 1990 yillargacha jurnalistlar juda jiddiy nazorat ostida edilar, lekin ayniqsa 2008 yil Pekin Olimpiadasi oldidan jurnalistlarga ko‘proq erkinlik berildi. Erkinlik deganda, hukumat xodimisiz mamlakat bo‘ylab harakat qilishni nazarda tutayapman. Lekin, ba‘zilarida baribir mahalliy rasmiylarning to‘siqlariga duch kelasiz. Ammo, o‘tgan yildan beri bu erkinliklar cheklana boshlandi. Arab davlatlarida yuz bergan inqiloblar Xitoy hukumatini bezovta qila boshladi. Bir hodisada bir guruh xorijiy muxbirlar yoppasiga qo‘lga olinib, xususan BBS muxbiri qo‘pol jismoniy munosabatga yuz tutgan. Pekinning qoq markazidagi nufuzli savdo markazida politsiya boshqa bir muxbirning qo‘lini sindirgan. Hozir zo‘ravonlikning oshayotganiga bir sabab shuki, hukumat 10 yilda bir marta yuz beradigan eng yuqori darajali rahbariyatning o‘zgarishiga tayyorlanmoqda va u bu haqida yomon xabarlar tarqatilishini istamaydi.

BBC: Biroq, masalan, O‘zbekiston, Shimoliy Koreya yo ba‘zi arab davlatlariga qaraganda Xitoyda baribir xorijiy matbuot faoliyati mavjud, shunday emasmi? Masalan, O‘zbekistonda umuman xorijiy matbuot yo‘q.

Peyshns: Ha, to‘g‘ri, bu Yaqin Sharq yo Afrika emas. Vaziyat albatta jiddiy, lekin hech kim o‘ldirilgani yo‘q. Masalan Markaziy Osiyo yo Afg‘onistonda bunga bog‘liq ahvol ancha og‘irroq, men Afg‘onistonda ishlaganman. Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda ko‘proq mahalliy jurnalistlar zo‘ravonlikka yuz tutadi va ba‘zilarida butunlay yo‘q bo‘lib ketishadi, lekin biz xorijiy jurnalistlar muayyan erkinliklarga egamiz. O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Xitoy xorijiy muxbirlar kelishini istaydi, chunki u o‘zining muhimligini biladi va o‘zi diqqat markazida bo‘lishni xohlaydi. U jurnalistlardan ijobiy yoritishlarini kutadi, lekin biz tanqidiy ko‘z bilan qarashamiz kerak.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.