BBC navigation

MTS vitse-prezidenti: "O‘zbekistondagi sarmoya muhiti zaharli"

Сўнгги янгиланиш 22 август 2012 - 13:15 GMT

MTS vitse-prezidentiga ko‘ra, shirkat O‘zbekistonda mutlaqo qonun doirasida faoliyat qilib kelgan.

Rossiyaning "MTS-O‘zbekiston" shirkati vitse-prezidenti xorijiy shirkatlarning O‘zbekistonda duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

CNBC xalqaro biznes portaliga yozgan maqolasida janob Maykl Xekker O‘zbekistondagi muhit xorijiy sarmoyalar uchun doimo mushkul bo‘lib kelgani lekin oxirgi vaqtda bu muhit zaharliga aylanganligini aytgan.

O‘zbekistonda hibsga olingan MTS shirkati xodimlari taqdiridan xavotir bildirgan janob Xekkerning aytishicha, 8 yil mobaynida shirkat mutlaqo mahalliy va xalqaro qonunlar doirasida faoliyat qilib kelgan.

O‘zbekiston Davlat Aloqa inspektsiyasi "MTS O‘zbekiston" markasi ostida faoliyat yurituvchi "O‘zdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlaganligini ma‘lum qilgandi.

O‘zbekiston rasmiy doiralari tekshiruvlar natijasida "O‘zdunrobita" shirkati respublika bo‘ylab 48 ta stantsiyani noqonuniy ravishda ishlatib kelganini aniqlagan.

12 avgust kuni Toshkent shahar Xo‘jalik mahkamasi faoliyatida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar tufayli "MTS-O‘zbekiston" shirkatiga berilgan litsenziyani bekor qilish haqida hukm chiqargan.

BBC matbuotda o‘z fikrlarini izhor etishga qaror qilgan shirkat vitse-prezidenti Maykl Xekker bilan bog‘lanib, O‘Zbekiston tomoni da‘volari quruq bo‘lmasa kerak, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Janob Xekkerning aytishicha O‘zbekiston tomoni da‘volari va ayblovlari mutlaqo asossiz.

Maykl Xekker: Bu ayblovlar kulgili va tazyig‘-u bosimlar ostida olingan iqrorlarga asoslanadi. Bu ayblovlarning o‘zi 100 foiz jinoiy faoliyat. Men sizga bir misol keltiray. Bizning litsenziyamizdan mosuvo qilgan mahkama jarayonini oling. Bu jarayon 15-20 daqiqa davom etdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, ularda bu ayblovlarni isbotlash uchun dalil yo‘q. Bu mahkama jarayonlari avvaldan rejalangan, sahnalashtrilgan bir jarayon sifatida o‘tkazilgan va ba‘zi rasmiylarning o‘zlari ham biz bilan shaxsiy muloqotlar vaqtida bu jarayonlar noqonunuiy sahnalashtirilgan jarayon ekanligini tan olganlar. Ayblovlarning hammasi soxta va asossiz. Bizning shirkatimiz yuz tutayotgan narsa o‘zbek rasmiylari tomonidan o‘tkazib kelingan "bor-budini qoqib olish" kampaniyasining bir qismi va biz bu kabi kampaniyaga uchragan navbatdagi xorijiy shirkat bo‘lib chiqdik. Lekin hozirda bu kampaniyaga nafaqat biz, balki bizning shirkatimizning hissadorlari va O‘zbekistondagi ko‘plab million mijozlari qurbon bo‘lishmoqda.

BBC: O‘zbekistonda ish yurituvchi xorijiy shirkatlar o‘ta qat‘iy valyuta qonun-qoidlaridan shikoyat qilib kelishadi va kuzatuvchilarga ko‘ra, bu qonunlarni aylanib o‘tmasdan foyda keltiruvchi biznesni yuritish deyarli imkonsiz. Sizning ham shirkatingiz shu kabi amallarga qo‘l urgan bo‘lishi mumkinmi?

Maykl Xekker: Bu savolga javob qat‘iyan "yo‘q" bo‘ladi. Bizning shirkatimiz mutlaqo qonun doirasida ish yuritadi. Biz qayerda ish yuritmaylik qonunni chetlab o‘tmaganmiz, o‘tmayapmiz va o‘tmaymiz. Siz O‘zbekistondagi hisob-kitob hujjatlarmizdan ko‘rishingiz mumkin - u yerda yuz millionlab dollar mablag‘imiz bor. Chunki bu pullarni biz hech qachon mamlakatdan tashqariga olib chiqmaganmiz. Bu shundan dalolat beradiki, biz siz sha‘ma qilayotgan amallarga hech qachon qo‘l urmaganmiz. O‘zbekistonda bu keng qo‘llanadigan amal bo‘lsa, bizga buning hech qanday ahamiyati yo‘q, biz qonunga amal qilamiz va mana shunisi ahamiyatli.

BBC: Mamlakatdan foydani olib chiqish haqida aytib o‘tdingiz, bu borada ham O‘zbekiston qonunlari o‘ta qattiq, siz bu qonunlarni aylanib o‘tishga harakat qilmaganmisiz?

Maykl Xekker: Yana bir bor takrorlayman, biz bunday ishni qilishga harakat qilmaganmiz, qilmayapmiz va qilmaymiz. Biz O‘zbekistondagi hamma qonun-qoidlarga rioya qilib kelgan shirkatmiz. Yillar mobaynida shirkatimiz faoliyatida o‘zbekiston tegishli tashkilotlari tomonidan o‘tkazib kelingan auditlar bundan dalolat beradi. Biz bu kabi amallarga hech qachon qo‘l urmaganmiz, biz AQShda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yirik shirkatmiz, bunday amallar bizning faoliyat doiramizga kirmaydi. Shuning uchun O‘zbekiston rasmiylarmizning bizga nisbatan amallaridan juda hayronmiz, hibsga olingan va tazyiqqa uchrayotgan xodimlarimiz taqdiridan xavotirdamiz.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.