BBC navigation

"AQSh O‘zbekistonda yirik harbiy markaz ochadi"

Сўнгги янгиланиш 23 август 2012 - 15:21 GMT

AQSh-O‘zbekiston aloqalari yana ilimoqda

"Kommersant" nashri Toshkent va Vashington o‘rtasidagi so‘nggi muzokaralarni o‘rganib, yaqin orada O‘zbekistonda AQShning yirik harbiy markazi ochilishi haqida xabar bermoqda.

Ushbu markaz mintaqada eng yirigi bo‘ladi.

Ilgariroq, O‘zbekiston rahbariyati o‘z hududida hech bir xorijiy davlat harbiy bazasi bo‘lmasligini e‘lon qilgandi.

Shu bois yangi markaz harbiy bazalardan qanday farq qilishi mumkinligi va uning faoliyati hamda harbiy vakolati nimalardan iborat bo‘lishi aniq emas.

Biroq bosh e‘tibor Afg‘oniston hamda Markaziy Osiyoda tinchlikni saqlashga qaratilishi aytilmoqda.

Yangi markaz O‘zbekistonning qayerida ochilishi ma‘lum emas. 2005 yilgi Andijon xunrezligi ortidan O‘zbek hukumati Qarshi yaqinidagi "Xonobod" bazasidagi AQSh harbiylarini chiqarib yuborgan edi.

Ammo Surxondaryodagi aksar olmonlar foydalanayotgan "Ko‘kaydi" bazasi hech qachon faoliyatini to‘xtatmagan.

Bugun esa Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan yagona temir yo‘l yordamida bog‘layotgan va o‘ng‘ay avtomobil yo‘liga ega O‘zbekiston Afg‘onistondagi NATO kuchlari chiqib ketganidan keyin ham muhim mamlakat bo‘lib qolishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek Xizmati "Kommersant" nashrida "Markaziy Osiyoni bazalar bo‘yicha bo‘lishmoqda" sarlavhali maqola mualliflaridan biri Yelena Chernenkoni suhbatga tortib, avvalo, xorijiy harbiy baza ochilishiga O‘zbekiston yo‘l qo‘ymasligini aytayotgan bir paytda, AQSh harbiy markazi ochilishi haqidagi xabarlar qanchalik tasdig‘ini topgan, deb so‘radi.

Yelena Chernenko: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbalarimizga ko‘ra, bu mavzuda muzokaralar boshlanib ketgan. AQShning siyosiy va harbiy mulozimlari bilan o‘tgan so‘nggi uchta uchrashuvda O‘zbekiston tarafi mazkur masalani muboyasa etgan. Yaqinda Robert Bleyk O‘zbekistonga keldi. Kelasi oylar ichida AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Toshkentga keladi va ayni masala yuzasidan yakuniy muzokaralar kechishi mumkin.

BBC: O‘zbekiston hukumati Andijon voqealari ortidan Qarshidagi AQSh harbiylarini chiqarib yuborgandi. Ya‘ni ishonchlilik nuqtai nazaridan olganda, Vashington nega harbiy markaz ochish uchun yana O‘zbekistonni tanlayapti?

Yelena Chernenko: Avvalo, Amerika kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketishmoqda va bu o‘rinda shimoliy yo‘lak sifatida O‘zbekiston eng muhim davlatdir. O‘zbekistonsiz bu yo‘lak ish bermaydi. Chunki Afg‘onistondagi yagona temir yo‘l O‘zbekistondan o‘tadi. 2014 yili NATO kuchlari chiqib ketgach, mintaqada vaziyat yomonlashib ketmasligi uchun ham O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash muhimligini Amerika tushunib turibdi. Shu bois Vashington Toshkent bilan murosaga borayotgan ko‘rinadi.

BBC: Hali yaqinda ham Prezident Karimov O‘zbekiston hududida hech qanday xorijiy harbiy baza ochilmasligi haqida aytgan edi. Hozir aytilayotgan yirik harbiy markaz ochilsa, u harbiy bazadan qanday farq qilishi mumkin? Ya‘ni harbiy markaz qanaqa bo‘ladi?

Yelena Chernenko: Bu yerda terminologik farqlar bor. Darhaqiqat, Prezident Karimov bu borada aytgan va ayni mavqeni O‘zbekiston parlamenti ham tasdiqlagan. AQSh vakillari ham O‘zbekistonda uzoq muddatli harbiy baza ochmaymiz, deyishgan. Lekin kuzatuvchilarga ko‘ra, uning nomi harbiy baza bo‘lmaydi va balki tezkor harakat markazi, deb ataladi. Bu nom o‘zgarishi ham mumkin, lekin faqat "baza" degan so‘z ishlatilmaydi. Bo‘lmasa, O‘zbekistondagi bu markazda ham baribir Amerika harbiylari va qurollari bo‘ladi. Mazkur markaz faqat Afg‘onistonga yaqin joyda, doimo tayyor turish uchun muhim, deyilmoqda. Ular ushbu baza Rossiya va yo Xitoyga qarshi emas, balki faqat mintaqada biron nizo chiqmasligi uchun ochilmoqda, deydilar.

BBC: Mana qo‘shni Qirg‘izistonda Rossiya bazasi bor. U yerdagi Amerika bazasiga qarashlar esa anchayin adovatli. Endi agar Vashington O‘zbekistonda bu kabi yirik harbiy markaz ochsa, unda markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyat taranglashib ketmaydimi?

Yelena Chernenko: Menimcha, yangi markaz rostdan ham vaziyatni taranglashtiradi. Chunki mana hali faqat muzokaralar kechayotgan bir pallada ham Rossiyada ayni markaz ochilishi rejasiga qarshi adovatli qarashlar yuzaga kelmoqda. Moskva uchun Qirg‘izistonda yagona va majmuiy bir harbiy baza ochish, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy ishtirokini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois biqinida AQSh bayrog‘i hilpirab turgan boshqa bir harbiy markaz ochilishi Kremlga xush yoqmasligi aniq. Yaqin yillarda Markaziy Osiyo ziddiyatlar kuchayadi, deyishni istmasdim. Ammo mintaqada raqobatlar kesishayotgan ko‘rinadi.

BBC: Agar bu kabi tanglik yuzaga kelsa, nega unda O‘zbekiston hukumati o‘z hududida ushbu markazni ochishga rozi bo‘lishi mumkin? Ya‘ni O‘zbekiston bundan foyda ko‘radi?

Yelena Chernenko: Ushbu masalada aniq gap aytish qiyin. Chunki ayni hamkorlik qanday shartlar asosida kechishini bilmaymiz. Aniq bo‘lgani - Afg‘onistondan olib chiqiladigan harbiy-texnika va boshqa jihozlarning juda katta qismini O‘zbekiston oladi. Chunki AQSh bu harbiy texnikani mintaqada qoldirishni istaydi. Ya‘ni Afg‘onitsondami va yo Markaziy Osiyoning boshqa joyidami biron nizo chiqsa va yo vaziyat yomonlashsa, ana shu harbiy texnikani ishga solish mumkin. Bu esa O‘zbekiston hukumati uchun juda manfaatli. Menimcha, ayni hamkorlik O‘zbekiston hukumatining mavqeini ham kuchaytiradi.

BBC: Harbiy markaz ochish va hamkorlikni kuchaytirish oldidan AQSh tarafi O‘zbekistondan inson huquqlari va demokratiyaga oid ahvolni yaxshilashni talab qilganmi?

Yelena Chernenko: Biz Nyu Yorkda ham bu savolning huquqiy jihatlarni o‘rgandik. Chunki joriy yil boshida AQSh tarafi O‘zbekistonni harbiy yordam ko‘rsatib bo‘lmaydigan davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Shu asosda hozirgidek harbiy hamkorlik imkoni yuzaga kelgan. Ya‘ni O‘zbekistonga endi harbiy ko‘mak ko‘rsatish mumkin. Lekin O‘zbek hukumati bilan bu kabi harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun, O‘zbekiston inson huquqlarini yaxshilash yo‘lida aniq qadamlar qo‘yadi, deb AQSh Prezidenti ma‘muriyati otaliqqa olishi talab qilinadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.