BBC navigation

Qozog‘istonning yuzlab yuk mashinalari O‘zbekistonga o‘tolmayapti

Сўнгги янгиланиш 24 август 2012 - 14:58 GMT

Qozog‘istonning Toshkent yaqinidagi chegara nuqtasida yuzlab yuk mashinalari to‘planib qolgan

Qozog‘istonning Toshkent yaqinidagi chegara nuqtasida yuzlab yuk mashinalari to‘planib qolgan.

6 kun davomida haydovchilar jazirama issiqda kutishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Rasmiylar mashinalarning harakatlanishi uchun yangi chora-tadbirlar kuchga kirishi munosabati bilan ularning O‘zbekiston hududiga kirishida muammolar bo‘layotganini aytishmoqda.

Kuzatuvchilar yuk mashinalarning harakatlanishidagi muammoni Mustaqillik munosabati bilan nazoratning kuchaytirilishi deya izohlashmoqda.

19 avgustdan boshlab Janubiy Qozog‘iston viloyatining Sariag‘ach tumani hududida joylashgan Baurjan Qo‘nisbayev bojxona nuqtasida yuk mashinalar to‘planishi boshlangan.

23 avgustga kelib, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mashinalarning soni 200 dan ortib ketgan.

Qozog‘istonlik bojxonachilar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashib, vaziyat borasida kelishuvlar olib borgan.

Ayni vaqtda mashinalarning tezroq qo‘yib yuborilayotgani aytilmoqda.

Bir kun davomida tez aynib qoluvchi tovar olib ketayotgan 60 mashina o‘tkazilgani ma‘lum.

2012 yilning 1 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining "Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, bo‘lishlari, yuk olib o‘tishlari va undan chiqib ketishlari tartibi to‘g‘risida” 1995 yil 11 yanvardagi 11-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish" to‘g‘risidagi qarori chiqqan.

Ayni ushbu qarordagi o‘zgartirishlar tufayli xorijlik yuk tashuvchi kompaniya va shaxslar "O‘zavtoyo‘l" davlat aktsionerlik kompaniyasidan ruxsat olishi kerak.

Bungacha yuk mashinalarning ruxsat olishi kerak bo‘lgan, biroq ular ruxsatnoma o‘rniga belgilangan jarimani to‘lashni afzal bilgan.

Bu haqda O‘zbekiston avtomobil va daryo tranporti agentligi Tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limidan Baxtiyor ismli mutaxassis quyidagilarni bildirdi.

"Bu tartib oldin ham bo‘lgan. Biroq shu paytgacha ruxsatnomasi bo‘lmasa 10 barobar jarima to‘lab o‘tish mumkin bo‘lgan. Hozir jarimani bekor qilishdi va faqat ruxsatnoma asosida o‘tish tartibi joriy etildi", - deydi Baxtiyor ismli mutaxassis.

Qozog‘iston chegarasida to‘plangan haydovchilar ushbu tartibning e‘lon qilinmagani va bojxona hududidan ancha olis bo‘lgan Toshkent shahrida ruxsatnoma berilishidan norozi bo‘lishgan.

"O‘zavtoyo‘l" davlat aktsionerlik kompaniyasidan o‘zini Shohruh deb tanishtirgan mutaxassisning BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatda aytishicha, O‘zbekiston hududidan yuk olib o‘tishni istovchi kompaniya va shaxslar ushbu ruxsatnomani elektron pochta orqali talabnoma yuborib olishlari ham mumkin.

"Mashinalarning to‘planib qolishiga sabab, menimcha, o‘sha chet el fuqarolari yoki korxonalari O‘zbekistonda va xorijda bo‘layotgan qonun loyihalaridagi o‘zgarishlardan xabarsiz qolganliklari. Agar shu narsadan manfaatdor tomon bo‘lsa bilishi kerak. Misol uchun men Eronga bormoqchi bo‘lsam, u yerda qanaqa qonun ishlayotganini, nima qilishim kerakligini avval bilib olaman", - deydi Shohruh ismli xodim.

Mahalliy mustaqil mutaxassislarning bildirishicha, O‘zbekiston ushbu chora-tadbirlar orqali xorij kompaniyalarini yurishga ruxsatnoma talab qilinmaydigan mahalliy mashinalardan foydalanishga majbur qilishni ko‘zda tutgan.

Ismi sir qolishni istagan mutaxassisning aytishicha, ayni vaqtda mashinalarning to‘planib qolishiga esa, Mustaqillik bayrami munosabati bilan yuk mashinalarini sinchkovlik bilan nazoratdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelayotgani sabab bo‘lmoqda.

Yuklar, hattoki, itlar yordamida bitta-bittalab tekshirilayotgani aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.