BBC navigation

"Nezavisimaya gazeta": O‘zbekistonda iqror tahdid va qiynoqlar ostida olinadi

Сўнгги янгиланиш 28 август 2012 - 15:31 GMT

MTS bilan ro‘y bergan hodisa O‘zbekiston ichki siyosiy ahvoliga chuqurroq nazar tashlash uchun bahonadir

Moskvada nashr qilinadigan "Nezavisimaya gazeta" Rossiya rahbariyatini, jamoatchilik va biznesmenlarni O‘zbekistondagi inson haqlarining poymol etilishi hollaridan ogohlantirgan.

Rossiya ro‘znomasi bugun e‘lon qilgan maqola "Iqror - hamon isbotning malikasi" deb nomlanadi, unda O‘zbekistonda qiynoqlar va bosimlar ostida inson bo‘yniga olgan ayblovlar 1930 yillarda bo‘lgani singari uning qamalishiga xizmat qilayapti, deb yoziladi.

Bir paytlar Kremlning strategik sherigi deb e‘lon qilingan O‘zbekiston shu yozda ikki marta ommaviy axborot vositalarining diqqat markaziga tushdi, deb boshlanadi "Nezavisimaya gazeta"ning yangi maqolasi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga safaridan ko‘p o‘tmay respublika rahbariyati ODKB a‘zoligini to‘xtatishi haqida e‘lon qildi. Ushbu siyosiy qarordan keyin darhol MTSga tegishli O‘zbekistondagi yetakchi mobil aloqa shirkati jiddiy muammolarga duch keldi, rossiyalik sarmoyadorning bu mamlakatdagi biznesidan ayrilish tahdidi paydo bo‘ldi, deb yozadi rus ro‘znomasi.

MTSning O‘zbekistondagi bo‘limi faoliyati bugun butkul falaj holga kelgan: barcha litsenziyalari bekor qilingan, shirkatning bir necha menedjeri moliyaviy qonun buzilishlari ayblovlari bilan hibsga olingan. Shu jumladan, shirkat bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rossiya fuqarosi Radik Dautov ham.

MTS va Radik Dautov bilan ro‘y bergan hodisa O‘zbekiston ichki siyosiy ahvoliga yanada chuqurroq nazar tashlash uchun bahonadir, deb yozadi "Nezavisimaya gazeta".

"Hokimiyat vertikalini ushlab turish uchun O‘rta Osiyo mamlakatlarida joriy etilgan shafqatsiz tartiblarni bugunga kelib hech kimni hayratlantirmaydi... Rossiyalik biznesmenlar vakillarining fikricha, MTSga qarshi ayblovlar asosida so‘roq qilinganlarning bosimlar va tahdidlar ostida bergan ko‘rsatmalari sabab bo‘lgan. MTS shirkatidan aytishlaricha, ushbu hodisada mamlakatdagi qudratli tizimlarning daromadli biznesni tortib olish istaklarini ko‘rmoqdalar".

"Kuch tizimlarini ishga solib O‘zbekistonda bizneslarni reyderlik tajovuzlari bilan tortib olish misollarini ko‘plab keltirish mumkin". Ushbu holatlar O‘zbekistondagi inson haqlari ahvolining o‘ta abgorligini ko‘rsatadi. Matbuot xabarlari va inson haqlari himoyachilarining hisobotlaridan shuni taxmin qilish mumkinki, O‘zbekistonda SSSRning 1930 yillarida bo‘lgani kabi gumondorning aybdor ekanining asosiy isboti iqroriy ko‘rsatmalar bo‘lib qolmoqda, bular esa tergovchilarning tahdid va qiynoqlari ostida olinadi, deb yozadi "Nezavisimaya gazeta".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.