BBC navigation

O‘zbekistonda mashinalar savdosi dollarning narxini tushirgan

Сўнгги янгиланиш 28 август 2012 - 14:43 GMT

O‘zbekistondagi avtosalon egalari savdoda mashinalar yo‘qligini e‘lon qilishgan

O‘zbekistondagi "qora bozor"da Amerika dollarining qiymati arzonlagani kuzatilgan. 1 haftacha oldin qora bozorda 1 AQSh dollari 2830 so‘mga sotilgan bo‘lsa, u 2680 so‘mga tushgan.

Buning sababi, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning shu paytgacha bo‘lib kelgani dollarda emas, O‘zbek so‘miga sotishga qaror qilinganidadir.

O‘zbekiston qonunlariga binoan, mamlakatda to‘lovlar milliy valyutada amalga oshirilishi kerak.

Biroq O‘zbekistondagi avtomobil ishlab chiqarish tizimi ham, bu avtomobillarni qayerda qanchaga sotilishi ham shaffof emas, o‘zbek avtomobillarini nega to‘satdan so‘mga sotishga qaror qilinganini ham o‘zbek rasmiylari izohlamaganlar.

Biz bugun suhbatlashgan Toshkentdagi bir necha iqtisodchi, jurnalist va tahlilchilarning aytishlaricha, O‘zbekiston mustaqilligi bayrami arafasida naqd pul kerak bo‘lgan, ana shu naqd pulni aholidan yig‘ib olish maqsadida GM-Uzbekistan avtomobil ishlab chiqarish zavodining avtosalonlarini ishga solishga qaror qilingan.

Odatda avtosalonlar O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilgan avtomobillarni xorij valyutasida sotishadi, aholi qo‘lidagi naqd so‘mni jalb qilish uchun "avtomobillar dollarda emas, so‘mda sotiladi, sotib olmoqchi bo‘lgan odamlar avtosalonga murojaat qilishsin", deya e‘lon qilishgan.

O‘tgan hafta avtoxaridorlar avtosalonlarga yopirilishgani, keyin oxir-oqibat mashina sotuvchilar hozir savdoda avtomobil yo‘qligini e‘lon qilishga majbur bo‘lganlari haqida xabarlar tarqaldi, aftidan yuqoridagi rahbarlar chamalagan miqdordagi naqd pulni jamlashga erishilgan.

Xo‘sh, bu naqd pulni nimalarga sarflash mo‘ljallanayapti degan savol tug‘iladi.

Kuzatuvchilar fikricha, bugun davlat g‘aznasi bo‘shab qolgan, mustaqillik bayrami tantanalarini o‘tkazish uchun, bayram kunlari odamlar kayfiyatini ko‘tarish maqsadida davlat idora-tashkilotlari xodimlariga maoshlarini to‘lash, pensiya va boshqa sotsial nafaqalarni tarqatish uchun so‘mdagi naqd pul kerak. Shuning uchun aholidan so‘mni yig‘ib olish yo‘llari qidirilgan, buning eng oson yo‘li esa har biri million-million so‘m turadigan avtomobillarni sotishni e‘lon qilish yo‘li bo‘lgan.

Natijada butun O‘zbekiston bo‘ylab muomalada aylanayotgan naqd so‘m kamaygan, "qora bozor"dagi 1 AQSh dollari 2830 so‘mdan 2680 so‘mga tushib ketgan.

Shu kecha-kunduzda avtosalonda mashina yo‘q, pulini to‘laganlar 2-3 oydan keyin avtomobillarini olishadi, deb e‘lon qilinganidan keyin "qora bozor"da dollar yana ko‘tarilgani kuzatilayapti, bugun Toshkentda 1 dollar uchun 2700-2720 berishga rozi bo‘lishayapti ekan.

O‘zbekistondagi haqiqiy bozor deb ko‘riladigan, ya‘ni Markaziy banknikidan ko‘ra, qora bozordagi dollar qiymati real qiymat, deb ko‘riladi va O‘zbekiston Markaziy banki bu bozorda bo‘layotgan o‘zgarishlarning o‘ziga hech qanday aloqasi yo‘q, deb ko‘radi.

Markaziy bank shu kecha-kunduzda belgilagan 1 AQSh dollari qiymati 1974 so‘m bo‘lib turipti, lekin aksar aholining bu qiymatda yoki shu qiymat atrofida naqd dollar olishlari deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan.

O‘zbekistondagi valyuta bozoridagi vaziyatni yaqindan biladiganlar fikricha, O‘zbekiston Markaziy banki bu bozordagi ahvolga hech qanday ta‘sir ko‘rsata olmaydigan strukturadir.

BBCga o‘z ismi-shariflari oshkor etilishini istamasliklarini aytgan bir necha moliya sohasi xodimlari ana shu fikrni bildirishdi.

O‘zbekistondagi bir necha iqtisodiy tahlilchi, jurnalist va kuzatuvchilardan munosabatlarini so‘raganimizda, ular ham bu fikrga qo‘shilishdi. Ularning aytishlaricha, mamlakatda shu kungacha ham bemalol "gullab-yashnayotgan qora bozor" mavjudligi O‘zbekiston Markaziy bankining bu qora bozorni yo‘q qilishda qo‘li kaltaligini ko‘rsatadi.

1994 yilda O‘zbekiston milliy valyutasi muomalaga kiritilgan paytida 1 dollar 20 so‘mlar qilib belgilangan bo‘lsa, bugunga kelib O‘zbek so‘mi 100-130 foiz qadrsizlangan. Va bunga qarshi Markaziy bank hech narsa qila olgan emas. Aksincha, "O‘zbekistonda dollar qimmatlashidan ham yoki arzonlashishidan ham foyda ko‘radigan yuqori mansabdagi shaxslar bor, ana shu odamlarning hamma joyga gaplari o‘tadi, qo‘llari ham yetadi", degan fikrni bildirishdi BBCning bugungi suhbatdoshlari.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.