BBC navigation

AQSh mahkamasi: Somali sobiq bosh vaziri qiynoqlar uchun 21 million dollar to‘lashi lozim

Сўнгги янгиланиш 29 август 2012 - 13:00 GMT

Muhammad Ali Samantar o‘ziga qarshi ayblovlar siyosiy motivlarga asoslangan, deydi.

AQSh mahkamasi Somalining sobiq bosh vaziri Muhammad Ali Samantar o‘z davrida qiynoqqa tutilgan odamlar va ularning oilalari uchun 21 million dollar miqdorida tovon puli to‘lashi lozim, degan hukm chiqargan.

Amerika mahkamasidagi somaliliklar "jangi" sakkiz yil davom etdi.

Asli Somalida tug‘ilgan, keyin Amerikadan boshpana topgan to‘rt somalilik fuqaro va boshqalar manfaatini mahkamada himoya qilgan uch guruh bir paytlar Somalining eng qudratli shaxslaridan bo‘lgan va hozirga kelib taqdir taqozosi bilan u ham Amerikaga borib o‘rnashgan Muhammad Ali Samantarga qarshi da‘vo arizasini 2004 yilda qo‘zg‘agan edilar.

Bugun 76 yoshga kirgan, o‘z mamlakatida general-leytenant harbiy darajasigacha chiqqan janob Samantar 1991 yilda qulagan Somali rejimida vitse-prezident, Mudofaa vaziri va bosh vazir lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U tahsilni Moskvadagi Frunze nomidagi harbiy akademiyada olgan.

Muhammad Ali Samantar 1980 yildan 1986 yilgacha Somali Mudofaa vaziri, 1987 yildan 1990 yilgacha Bosh vazir bo‘lgan.

Bugun AQSh fuqaroligini qo‘lga kiritgan somaliliklar da‘vo qilishlaricha, Bosh vazir lavozimini egallagan yillarida Muhammad Ali Samantar shaxsan o‘zi sodir etgan bo‘lmasa-da, Somalidagi milliy ozchilik hisoblanadigan odamlarni o‘ldirish, jinsiy zo‘rlash va qiynoqlarga solish haqidagi buyruqlarni mamlakatning josuslik xizmati va harbiy politsiyasiga o‘zi shaxsan bergan.

Muhammad Ali Samantar o‘ziga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni rad etgan, o‘zining jinoiy javobgarlikdan daxlsizlik maqomiga ega ekanini aytgan.

Da‘voni federal mahkama rad etgan, biroq AQSh appelyatsiya mahkamasiga murojaat qilinganidan keyin mahkama ishi qayta tiklangan, keyin Amerika Oliy mahkamasining chindan ham Amerikadagi jinoiy javobgarlik daxlsizligi qonuni Muhammad Ali Samantarga tatbiq etilishi-etilmasligi ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelgan.

2010 yilda AQSh Oliy mahkamasining hay‘ati janob Samantar diplomatik daxlsizlikka ega emas, degan qarorni yoqlab ovoz bergan.

Bugun Virjiniya mahkamasi chiqargan hukmda, da‘vogarlarning har biriga Muhammad Ali Samantar tovon puli sifatida 1 million AQSh dollari miqdorida, jazo zarari sifatida 2 million, jami 21 million dollar to‘lashi lozim, deyilgan.

Shu yil fevralida "Associated Press" axborot agentligi bilan suhbatida janob Samantar salomatligi yomonlashayotgani sababli mahkamada o‘zini himoya qila olmayotganini, moliyaviy ahvoli yomonligidan mahkama ishi ko‘rilishi bilan bog‘liq to‘lovlarni to‘lashga qodir emasligini aytgan, u rasman bankrot yoki kasodga uchragan, deb e‘lon qilingan.

Muhammad Ali Samantar o‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan ishning siyosiy sabablarga asoslanganini aytgan, u vatani Somaliga xizmat qilganini, faqat mamlakati qonunlariga bo‘ysunganligini aytgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.