BBC navigation

O‘zbek mahbuslar maktublari aks etgan rasmlar "uyni bezatish uchun emas"

Сўнгги янгиланиш 30 август 2012 - 17:22 GMT

Qamoq futboli

AQShda yashab ijod qiluvchi asli o‘zbekistonlik rassom Sergey Ignatev o‘zining bir seriya asarlarini O‘zbekiston qamoqxonalaridan yashirincha olib chiqilgan maktublarga bag‘ishlagan.

"Ijod va inson haqlari" deya nomlangan loyihaning muallifi bo‘lgan rassom kelgusi oylarda bu asarlarini dunyo bo‘ylab ko‘rgazmaga qo‘yishni rejalayapti. Ular avvalo Peruda, so‘ng Belgiya va Frantsiyada ko‘rgazmaga qo‘yiladi.

Ignatev chizgan rasmlarda o‘zbek qamoqxonalarida daxshatli qiynoqlarga solingan tutqunlarning ichki dunyosi aks etadi.

Sergey Ignatev O‘zbekistonda Teatr va rassomchilik instituti va Binkov nomidagi rassomchilik bilim yurtini tamomlagan. 1988 yilda O‘zbekistonni tark etishidan avval u Teatr va rassomchilik institutida dars bergan.

Sergey Ignatev art protest san‘ati bilan ko‘p yillardan beri shug‘ullanadi.

O‘zbekistondan ketishiga qayta qurish yillarida protest art sohasida yuritgan faoliyati, xususan sobiq KGB binosi qarshisida uyushtirgan ko‘cha ko‘rgazmalari uchun qilingan tazyiqlar, hamda Rassomlar uyushmasidan haydalishi sabab bo‘lgan.

BBC undan avvalo mahbuslar xatlari uning qo‘liga qanday tushib qolganini so‘radi.

Ignatev: Markaziy Osiyodagi inson huquqlari uyushmasi o‘z arxividagi bu maktublarni menga berib turdi. Har bir maktubning o‘ziga yarasha unikal tarixi bor, chunki bu maktublarning ba‘zilari qamoqdan odamlarning qorni ichida, va boshqa tana qismlarida olib chiqilgan. Bu maktubni yozgan tutqunlardan tashqari, bu xatlarning o‘zi ham qiyin kunlarni boshidan kechirganlar. Biz ularni jamlab, illyustratsiyalar bilan bir kitob qilib chiqarish ustida ishlayapmiz. Bu xatlar mualliflarini oshkor qila olmaymiz, chunki ular hali ham panjara ortida o‘tirishibdi. Faqat qaysi qamoqdan olib chiqilganini oshkor qilamiz.

Og‘riq

BBC: Nimalar haqida yozadi bu tutqunlar?

Ignatev: Masalan, bir ta‘sirli, kichik hikoyani aytib bersam. Bir mahbusning oldiga o‘zining 80 yoshar onasidan tashqari hech kimni kiritishmagan. Lekin, onaxonning xotirasi yaxshi bo‘lmagani uchun, maxbus o‘z onasining tizzasidan tepasiga, ya‘ni soniga siyoh bilan xat yozgan. Chunki onaxon o‘g‘li tashqariga qanday xabar yetkazmoqchi bo‘lganini xotirasida saqlay olmagan. Lekin, onaxon qamoqdan chiqib ketayotganda, uni tutib, ginekologiya kreslosiga o‘tqazib, atseton bilan butun xatni oyog‘idan o‘chirib tashlashgan. Ona ko‘p yig‘lagan. Tasavvur qiling, qanday umidsizlik, o‘zbek bo‘la turib, o‘z onang soniga xat yozsang... Bunga o‘xshash hikoyalar ko‘p. Mahbuslar qamoqda ularga bir parcha go‘shtdek munosabat qilishlarini yozadilar. Ularga har kuni "sen bir tirik go‘shtsan" degan gaplar uqtiriladi. Ayniqsa, diniy mahbuslarga juda qiyin. Mening "Bir parcha go‘sht" nomli kartinamda insonning insoniyligi butkul yo‘q qilinib, uning hayvonga aylantirilgani aks etadi. Mahbuslar xatlarida juda shafqatsiz, sadistlarcha munosabat haqida, ko‘p jinsiy zo‘rlanganlari, murch bilan, dubinka bilan zo‘rlanganlarini yozadilar. Menimcha, bugunda o‘zbek qamoqxonalarida kashf qilinayotgan qiynoq turlari Markiz de Sadning yetti uxlab, tushiga ham kirmagan bo‘lardi.

Shaftolicha

BBC: Bu maktublar sizning asarlaringizda qanday aks etadi? Nimalarni chizasiz ularni o‘qigandan so‘ng?

Ignatev: Bilasizmi, men bevosita bu qiynoqlarni chizganim yo‘q. Menga ko‘proq bu insonning qalbidagi hissiyotlari va ruhiy xolati qiziqroq. Masalan, "O‘g‘it" deb nomlangan bir kartinam haqida gapirsam, qamoqda ko‘pgina qiynoqqa solingan odamlar qiynoq oqibatida o‘lib qolishganida, ularni yuqori voltli kabellar ostida noma‘lum joylarga ko‘mib tashlashgan. Bu odamlarni inson emas, bir o‘g‘itdek ko‘mishgan. Insonni bir parcha go‘shtga aylantirish, uni urib-yiqitib keyin futboldek tepish, kim oyog‘i bilan bu tananing qaysi qismiga tepa olishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, bu yovvoyilik. Bu yerda nafaqat mahbuslar yovvoyilashadi, balqi qo‘riqchilarning o‘zi ham. Ular hayvondan ham yomon maxluqlarga aylanadilar. Mana shu kabi psixologik holatlari menga qiziq bo‘lgan. Men buni allegoriya tarzida yetkazib beraman, ya‘ni bevosita ichak-chavoqlarni yo qonni namoyish qilmayman. Bu maktublarni o‘qib, men har xil holatga tushganman. Masalan, birida mahbus o‘zini o‘ldirish istagi haqida yozadi. Boshqalarda esa qanday bo‘lmasin omon qolish istagi. Lekin, ularning o‘zlari endi hayot baribir avvalgidek bo‘lmaydi deb yozishadi, chunki ularning dunyoqarashi butunlay o‘zgargan. "Biz bir poda qo‘ymiz, ishga podadek haydashadi. Ichki dunyo haqida unuting, faqat omon qolish yagona maqsad" deb yozadi ular.

O‘g‘it

BBC: Ko‘p rassomlarni go‘zal tabiat, dengiz yo qiru-adirlar, yo ayol badani ilhomlantiradi. Sizni nima uchun qiynoqlar mavzusi ilhomlantirdi?

Ignatev: Insonning psixologik portreti menga qiziqroq. Bilasizmi, hamma asarlar bilan ham uyni bezab bo‘lmaydi. "Volgadagi burloqlar"ni yotoqxonangizga osa olmaysiz. Shuning uchun aytmoqchiman, menga uyni bezatishdan ko‘ra, ruhiy dunyoni tasvirlash qiziqroq. Insonning ichki dunyosi, og‘riqlar, hissiyotlar mavzusini men har doim afzal ko‘rganman. Bir divan ustida chiroyli osilib tursin deb rasm chizmayman.

BBC: O‘zi rassomlik, umuman, ijod va san‘at inson haqlari yo protest mavzusiga qanchalar yaqin? Ular bir-biriga bog‘liqmi?

Ignatev: Juda ham yaqin bog‘liq. Mana, O‘zbekistonda rassomlarga o‘z o‘yi va fikridagini qog‘ozga tushirish man etilgan. Faqat chiroyli manzalar va hokazoga ruxsat bor. Masalan, qator rassom tanishlarim Andijon fojeasiga bag‘ishlab bir seriya kartinalarni ko‘rgazmaga qo‘ymoqchi bo‘lganlar. Ularga ochiqcha tahdid qilingan, "Bolalar, bu ko‘rgazma qo‘yilishi bilan, onangizni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rasiz" deb. O‘zligingizni izhor qilish va bu dunyoda nimanidir o‘zgartirishga imkon yo‘q u yerda. Menga tanish karikaturachilar Islom Karimov yoki uning oilasiga bog‘liq karikaturalarni chizishgan, lekin hatto o‘z yaqin do‘stlariga ko‘rsatishga qo‘rqadilar. Juda qiziq, kuchli siyosiy plakatlar bor. Bir rassom tanishim menga "Agar bu karikaturani chizsam, keyingi chizadiganim qamoqxonadagi nakolka bo‘ladi" dedi. Men O‘zbekistonda bo‘lgan ana shu mustaqil rassomlarning asarlarini ko‘rgazmaga qo‘yish maqsadida Inson huquqlari uyushmasi bilan ishlayapman.

Qo‘ylar

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.