BBC navigation

Paralimpiada: sog‘lomlarini imkoniyati cheklanmagan sportchi deb atalishiga nima deysiz?

Сўнгги янгиланиш 31 август 2012 - 17:44 GMT

Paralimpiyachilar ham o‘yinlarni boshlab oldi.

Qiziq tomoni, aytishlaricha, Olimpiya o‘yinlari davomida chipta topish unchalik qiyin masala bo‘lmagan. Ammo Paralimpiada o‘yinlariga chipta topishimiz juda qiyin bo‘ldi.

Ayniqsa, o‘zbek sportchilari qatnashadigan biror turga yoki o‘zim shug‘ullanadigan o‘tirib o‘ynaladigan voleybolga kirishni juda istagan edim. Biroq hozircha ushbu musobaqalarga kirish imkoni bo‘lganicha yo‘q.

Olimpiya o‘yinlari vaqtida har xil g‘avg‘olardan olisroq bo‘laylik deb shaharni tashlab ketgan londonliklar Paralimpiya o‘yinlariga qaytib kelgan va chiptalarni topish o‘ta mushkul ishga aylangan.

Paralimpiya o‘yinlarida dunyoning 165 davlatidan 4 mingdan ortiq sportchi kelgan.

Quvonarlisi O‘zbekiston sportchilari ham ushbu o‘yinlarda ishtirokini oshirib bormoqda.

Bundan sakkiz yil muqaddam Afinada bo‘lgan o‘yinlarda atigi bir kishi O‘zbekiston sharafini himoya qilgan. Pekinga esa ikki sportchi borgan. Biroq ularning birortasi ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmagan.

Bu yil esa o‘yinlarda 10 o‘zbekistonlik sportchi qatnashishi kutilmoqda. Bu Markaziy Osiyo ichida eng katta raqam. Sportchilar medallarga da‘vogar ekanligini yashirishmayapti.

Biroq tanqidchilar 30 mingdan ortiq imkoniyati cheklanganlar sport turi bilan shug‘ullanadigan O‘zbekiston uchun ushbu raqamlar o‘ta ozligini aytishadi.

Markaziy Osiyodan kelgan vakil sifatida shunga amin bo‘ldimki, London imkoniyati cheklangan insonlar uchun iloji bo‘lgan barcha imkoniyatni yaratishga harakat qilgan.

Aravachada yurganlardan tortib, imkoniyati cheklanganlarga nisbatan matbuotda ishlatiladigan atamalargacha yo‘riqnoma ishlab chiqqan.

Biroq ushbu sport turi va atamalariga nisbatan munosabat vaqt o‘tishi bilan yanada keskin o‘zgarishlar yuz tutishi mumkin degan to‘xtamga keldim.

Bundan 10 yillarcha muqaddam o‘zimiz ham "nogiron", "sog‘lom" sportchilar degan atamalarni ishlatib yurgan bo‘lsak, bugunga kelib imkoniyati cheklangan sportchilar kabi atamalar paydo bo‘ldi.

Hattoki ikkinchi tomonga BBC "imkoniyati cheklanmagan sportchi" atamasini qo‘llashni tavsiya qilmoqda.

Ushbu yo‘riqnomalardan asosiy maqsad imkoniyati cheklanganlarning cheklanmaganlar bilan o‘zlarini birdek tutishi va ajratishlardan noqulaylik sezmasligi uchun sharoit yaratish.

Paralimpiada o‘yinlari texnologiyaning rivojlanishi ortidan 20-30 yildan so‘ng Olimpiada o‘yinlari bilan qo‘shilib ketishi mumkin degan qarashlar ham bor.

Janubiy Afrikalik yengil atletikachi Oskar Pistoriusning protez oyoqda Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishi va sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritishi paralimpiya o‘yinlarini kelajakda Olimpiyada o‘yinlariga qo‘shilib ketishi mumkin degan farazlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Bu yo‘nalishdagi fikrlarni qo‘llab-quvvatlovchilar, barcha sport turlari aralashmagan taqdirda ham ochilish va yopilish kabi marosimlar ham Olimpiada ham Paralimiada o‘yinlari uchun bir xil vaqtda hamda ajratilmagan holda o‘tishi kerak degan fikrni oldinga surishadi.

O‘shanda paralel olimpiada so‘zlarining qisqartmasidan olingan Paralimpiada kalimasi o‘rniga faqatgina Olimpiada atamasi qolishi va imkoniyati cheklangan sportchilarni ajratmaslikka qaratilgan siyosat butkul qaror topishi mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.