BBC navigation

Devid va Syu Richardson: "Qoraqalpog‘iston keyingi Abu Dabi yo Dubayga aylanishi mumkin".

Сўнгги янгиланиш 31 август 2012 - 14:21 GMT

"Orol havzasining qoraqalpoqlari" kitobi avvallari chop qilinmagan suratlar va ma‘lumotni o‘z ichiga oladi.

BBC mehmoni - Qoraqalpog‘iston bo‘yicha tadqiqotchilar Devid va Syu Richardsonlar.

Britaniyalik er-xotin tadqiqotchilar shu kunlarda "Orol havzasining qoraqalpoqlari" nomli yirik kitobni nashrdan chiqardilar.

Kitob qoraqalpoqlar haqidagi ingliz tilida chop etilgan yagona tarixiy ishdir. Rang-barang suratlarga boy kitob qoraqalpoqlarning kelib chiqishi, urf-odatlari va san‘ati haqida hikoya qiladi.

Devid va Syu Richardsonlar Qoraqalpog‘istonga ilk bora 1996 yilda borganlar.

Ular qoraqalpoqlarni 14 yil davomida tadqiq qilib, Orol havzasiga tez-tez safar qilishgan va mahalliy olimlar, arxeologlar va muzey kuratorlari bilan hamkorlik qilganlar.

Devid va Syu Richardsonlar 14 yil davomida qoraqalpoqlar hayotini o‘rgandilar.

Bu 14 yil davomida ikkovlon qoraqalpoqlar haqida yozilgan deyarli barcha ilmiy ishlarni yig‘ib chiqdilar. Ularning kollektsiyasiga hatto Orol havzasiga safar qilgan har bir yozuvchining kundaliklari ham kiradi.

Devid va Syu Richardsonlarga ko‘ra, qoraqalpoqlar Markaziy Osiyodan chiqqan eng sirli va jozibali xalqlardan biridir.

"Asrlar osha ularning kelib chiqishi va tarixi, hamda ularning moddiy madaniyati ko‘plar uchun jumboq bo‘lib kelgan. Masalan, ularning matolari va to‘qimachilik san‘atini ko‘plar tushunmaydi va boshqa xalqlarniki deb o‘ylaydilar", - deyishadi mualliflar.

O‘zbekiston mustaqillikka erishishi ortidan Qoraqalpog‘iston tili o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlagani aytiladi. Davlat muassasalarida qoraqalpoq tilida ish yuritish rag‘batlantirilmaydi.

Bugunda qoraqalpoqlar yashovchi Orol havzasi yer yuzida inson qo‘li bilan yaratilgan eng dahshatli tabiiy ofatning markazidadir.

Kitob o‘tgan ikki asr davomida olingan suratlar bilan boyitilgan

"Orol dengizi qurib borar ekan, qoraqalpoqlar yurtining shimolini qumlik ishg‘ol qilib olgan, ishsizlik keng tarqalgan, juda ko‘p odamlar kasal. Sayyohlar uchun asosiy inshoot bu 1960 yillarda Orol dengizining tubi bo‘lgan qumlikda zanglab yotgan kemalarning qabristoni. Shuning uchun ham bugun yana bir qoraqalpoqlarning tarixi va bir vaqtlar gullab-yashnagan madaniyatini qayta hikoya qilish vaqti keldi", - deydi mualliflar.

Devid va Syu Richardsonlar shu kunlarda AQSh bo‘ylab lektsiya safariga chiqish arafasidalar. Ular qoraqalpoqlar o‘tmish va madaniyati haqida Chikago, Siettl, San Frantsisko, Los Anjeles, Boston, Vashington va boshqa shaharlarda ilmiy chiqishlar qilishlari rejalangan.

Lektsiyalar jadvali bilan www.qaraqalpaq.com saytida tanisha olasiz.

Devid va Syu Richardsonlar savollaringizga javob berdi.

Janob Devid agar tekshirgan bo‘lsangiz Qoraqolpoqlar tarixan yashagan joylar orol dengizi bo‘ylari bo‘lgan va o‘sha yerlar ham Xiva Xonligiga qarashli hisoblangan. Ammo, Qoraqalpoqni bugungi hududi SSSR davrida tuzilib, asosan o‘zbeklar yashaydigan janubiy rayonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarkibiga kiritilgan. Bu kelajakda noxush voqe‘alar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan katta tarixiy xato deb bilasizmi?!
Muhammadsolih

Devid Richardson: Bu yerlar Xivaga tegishli yerlar bo‘lmagan, chunki Xorazm davlati chegaralari har doim o‘zgarib turgan. Chegaralar daryoning yo‘nalishiga qarab o‘zgarib turgan. 1500 yillarda bugun qoraqalpoqlar yashaydigan yerlar sahro bo‘lgan. 1600 yillar o‘rtalarida daryo o‘z yo‘nalishini o‘zgartirganida, bu hudud ham o‘zgara boshlagan. Orol degan nom ana shu yerdan chiqqan. Orol deb nomlanishiga sabab, bu hudud suv va botqoqliklar orasidagi orol bo‘lgan. Qoraqalpoqlar va o‘zbek qabilalar bu orolga ko‘chib o‘tganlar. Xorazm va shimoliy Orol havzasi o‘rtasida chegara mavjud bo‘lgan. Xiva xoni 1810 yil dekabrida nihoyat bu yerlarni ishg‘ol qilganida, u yerlar Xiva Xonligi tarkibiga kirgan. Qoraqalpoqlar qozoqlar tomonidan siqib chiqarilgach, bu orolga ko‘chishgan. Aslida ular Sirdaryo qirg‘oqlarida yashaganlar. Qabilalar orasidagi raqobat va chorvachilik uchun zarur yerlar ustida chiqqan to‘qnashuvlar ularni avval hech kim yashamagan Orol hududiga yetaklagan. U davrda fuqarolar urushi ketayotgandi, qo‘ng‘irotlar mang‘itlarga qarshi kurashayotgandi va bir qator isyonchi o‘zbeklar urushdan qochib shu hududga joylashganlar. Ko‘plab mang‘itlar Orol havzasida yashay boshlagan. Qoraqalpoqlar esa o‘zlari anglamagan holda shu fuqarolar urushi orasiga tushib qolganlar. Xiva qo‘ng‘irotlari qoraqalpoq qo‘ng‘irotlari bilan til biriktirishga uringanlar va o‘zlari tomonlariga og‘dirishga intilganlar. Va bora-bora qoraqalpoqlarning mavqei susaygach, ularni 1810 yilda Xiva xoni bosib olgan.

Qoraqalpog‘iston haqida shunday ajoyib kitob nashr qilinganidan juda hursandman. Qoraqalpoqlar, ularning san‘ati va madaniyatiga qiziqish sizda qanday paydo bo‘ldi? Britaniyada ham bu haqida lektsiyalar berasizmi? Agar bersangiz, iltimos, qayerda o‘tishini xabar qiling.
Gulsara Do‘stova, Nottingem, Britaniya

Syu Richardson: Biz ko‘p yillar davomida butun dunyodan matolarni yig‘ishga qiziqqanmiz. 1996 yilda biz kichik bir guruh tarkibida O‘zbekiston va Turkmanistonga safar qildik. Butun safar dahshatli bir safar bo‘ldi desam adashmayman. Ko‘p narsani ko‘rolmadik. Qoraqalpog‘istonga borganimizda Nukusdagi muzeyga kuya tushgandi, shuning uchun barcha eksponatlar yashirib qo‘yilgandi. Parijdagi Luvr muzeyi mutaxassislari u yerdagi kollektsiyani saqlab qolishga urinayotgandilar. Biz matolarni ko‘ra olmaganimizdan norozi bo‘lib, yana qaytib kelishga qaror qildik. Uch yil o‘tib qaytib borganimizda, avvallari hech qayerda ko‘rinmagan ajoyib matolarni ko‘rdik. Ular haqida ma‘lumot yig‘ishga uringanimizda, ingliz tilida hech qanday ma‘lumot yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. O‘zimiz tadqiqotni boshladik, va har yili kamida bir oyni Qoraqalpog‘istonda o‘tkazdik. Mahalliy gid yordamida u yerdagi muzeylar bilan aloqalar o‘rnatdik va Orol havzasi bo‘ylab sayohatlar qildik. Qancha ko‘p borgan bo‘lsak, shuncha ko‘p o‘rgangimiz keldi.

BBC: Kitobingizda o‘tmishda tadqiqotchilar Qoraqalpog‘istonni o‘ta zerikarli va qo‘shnilariga qaraganda ko‘rimsiz deb tasvirlaganini yozgansiz. Lekin, siz uchun bu xalq juda qiziq tuyilgan, shundaymi?

Syu Richardson: Bizning asosiy qiziqishimiz har doim mato bo‘lgan. Biz qator mato uyushmalariga a‘zomiz va matolar haqida yuzlab kitoblarga egamiz. Odamlar asosan turkman matolariga qiziqadilar, yoki o‘zbek so‘zanalari va atlasini yaxshi ko‘radilar. Ular jahonga mashhurlar va bu albatta ularga loyiq baho. Ko‘plar qoraqalpoq san‘atini umuman bilmaydi. Lekin, bir borib ko‘rgach, ular hayratga tushadilar. Biz o‘z kitobimiz bilan bu matolar naqadar ajoyib ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini istaymiz. Qoraqalpoqlarning gilam to‘qish usuli turkmanlarnikidek mayin va rivojlangan emas, lekin motivlari juda go‘zal. Lektsiyalarimizga kelsak, bu yil Britaniyada faqat bitta lektsiya o‘qidik, u o‘tgan chorshanba kuni Oksfordda bo‘lib o‘tdi. Kelasi yil Manchesterda bitta lektsiya o‘qishimizni so‘rashdi. Lekin, Gulsara Nottingemdan ekan. Tasodifga qarang, biz ham Nottingemda yashaymiz. Agar Gulsaraga bog‘lanishga yordam bersangiz, biz unga bajonidil yuzma-yuz lektsiya beramiz.

Muhtaram Devid va Syu janoblari! Agarda Qoraqalpog‘iston O‘zbekistondan ajrab mustaqillikka erishib, alohida suveren davlat bo‘lsa, bundanda taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etishi mumkinmi?
Odiljon Maxdumiy, O‘sh, Qirg‘iziston

Devid Richardson: Buni aytish qiyin. O‘tmishda u hatto o‘z oyog‘ida tik turadi deb aytish qiyin bo‘lgan. Chunki u juda kichik davlat, va asosan qumlikdan tashkil topgan. Jug‘rofiy jihatdan u O‘zbekiston hududining deyarli 40 foizini egallaydi, lekin aholisi juda kichik. Lekin, hozirda Ustyurt platosida va Orol tubida gaz zahiralari topilgan ekan, uning juda boy hudud bo‘lish istiqboli bor. Kim bilsin, nazariy jihatdan, u kichik Abu Dabi yo Dubayga aylanishi mumkin. Lekin, bugungi vaziyatda buning yuz berish ehtimoli juda kam.

BBC: Bugungi vaziyat deganda nimani nazarda tutayapsiz? Nima to‘sqinlik qiladi uning kichik Dubayga aylanishiga?

Devid Richardson: Odamlar ba‘zida Qoraqalpog‘istonni ayri bir respublika deb o‘ylaydilar, chunki uning muxtorlik maqomi bor. Ammo, voqe‘likka qaralsa, u O‘zbekistonning bir viloyati, xolos. Boshqa viloyatlardan farqi shuki, uning o‘z parlamenti bor. Biroq, asosiy qarorlar Toshkentda olinadi. Toshkent, albatta, bu kabi yirik boylikka ega hududni o‘z qo‘li ostida saqlashni istaydi. Buxoro yaqinida gaz maydonlari bor, lekin Qoraqalpog‘istondagi zahiralar yangi va hali ham tadqiq qilinmoqda.

Bebaho tadqiqotingiz uchun rahmat. Mening savolim shuki, qoraqalpoqlar O‘zbekistondan mustaqil chiqishni istaydilarmi? Yoki Qozog‘istonga qo‘shilishni? Qozog‘istondan O‘zbekistondan ko‘ra yaxshiroq rivojlangan. Undan tashqari, qoraqalpoqlar madaniyati qozoqlarnikiga yaqinroq.
Begzod, Toshkent, O‘zbekiston

Devid Richardson: Men Qoraqalpog‘istonda uyushgan mustaqillik harakati bor deb o‘ylamayman. Shubhasiz, O‘zbekistondan mustaqil bo‘lish fikriga ega odamlar bor. Menimcha, asosiy muammo shuki, Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning eng qashshoq viloyati. Shunday ekan, u yerda hayotdan nolish hissi keng tarqalgan. Bu nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekistonda ham mavjud. Eng yirik muammo bu ishsizlik. Ikki yil avval Chegara bilmas shifokorlar ishsizlik va noto‘liq ishga yollash Qoraqalpog‘istonda 70 foiz ekanini aniqladi. Bizning Nukusdagi do‘stlarimiz yashaydigan bir ko‘chada ishga loyiq erkaklarning 80 foizi boshqa mamlakatda, xususan Qozog‘istonda ishlaydilar. Chunki Qozog‘iston liberalroq va peshqadam iqtisodiyotgan ega. Menimcha, bu kabi muhitda turlicha fikrlar qaynab chiqishi mumkin. Men bilganim, yaqinda internetda bu haqida qizg‘in bahslar kechdi. Lekin, bu bahslar qandaydir yirik milliy harakat borligidan darak beradi yoki mustaqillik asos bor degan fikrga isbot emas. Oddiy odamlar mustaqillik fikridan ko‘ra, o‘z qorinlarini qanday to‘ydirishni ko‘proq o‘ylashadi.

Syu Richardson: Biz siyosiy savollar so‘ramaymiz. Eng asosiy qiziqishimiz bu madaniyat. Qoraqalpoqlar uylariga taklif qilinganimizda, mezbonlarimizdan o‘tmish haqida yoki ma‘lum bir madaniy mavzu haqida so‘raymiz. Siyosiy bahslar olib bormaganmiz. Balki, ular ham biz bilan bu kabi mavzu haqida suhbatlashishni istamaslar.

BBC: Qoraqalpoq madaniyati, sizningcha, tahdid ostidami? Agar ko‘p yoshlar boshqa mamlakatlarga ish izlab ketgan bo‘lsa, bu milliy sanoat rivojiga ta‘sir qilsa kerak?

Syu Richardson: Ha, ko‘p milliy hunar turlari yo‘qolib ketgan. Omon qolganlarini nohukumat tashkilotlar qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, "Orolning oltin me‘rosi" degan tashkilot yaxshi ish olib boradi. Bu tashkilot loyihasiga binoan, masalan, Mo‘ynoq aholisi kashtachilik bilan shug‘ullanayapti, juda yuqori sifatli mahsulotlarini Toshkentdagi va boshqa joylardagi do‘konlarga sotishayapti. Lekin, masalan, o‘tov yasash kabi hunarlar yo‘q bo‘lib ketayapti, chunki bizning davrimizda ko‘p odamlar o‘tovda yashashni istashmaydi. Oxirgi marta o‘tovlar yasalayotganini ko‘rganimizda, ular Toshkentdagi tungi klub va barlar uchun beshta o‘tovni yasayotganlariga guvoh bo‘ldik. Biroq, chet mamlakatlarda, Ovro‘po va AQShda o‘tovga juda qiziqadilar, amerikaliklar bizga maktub yo‘llab, o‘tovni qayerdan sotib olishni so‘rashayapti. O‘zim ham jon deb bitta o‘tov sotib olardim, lekin uni Qoraqalpog‘istonda olib chiqish oson emas. Unday tashqari, bizda ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Bir marta juda g‘alati voqea bo‘lgandi, bizni bir mezbonimiz o‘toviga taklif qildi. U yerga elektr quvvati o‘tkazilgandi va biz uning ichida o‘tirib Shveytsariya jamoasining kim bilandir o‘ynagan futbol matchini tomosha qildik.

Devid Richardson: Bir ajoyib joyi shuki, Qoraqalpog‘istonliklar hali ham yoz oylarida o‘tovlarini qurib, butun oilalari bilan shu o‘tovlarda uxlaydilar. Bu sayyohlar uchun qilinmaydi, balki oilalarning o‘zlari uchun. Jazirama issiq bo‘lganda, o‘tov salqingina bo‘ladi. Osh pishirib, do‘stlar bilan mehmondo‘zlik qilishga ham zo‘r mos keladi. Afsuski, o‘tovlarning kuni sanoqli qolgan, bir necha yildan so‘ng bunday manzaraga guvoh bo‘lishingizga shubha qilaman. Agar sayyohlar Qoraqalpog‘istonga borishni o‘ylab turishgan bo‘lsa, bugun borishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim.

Hurmatli Devid va Syu Richardson, Qoraqalpog‘istonda suvi va havosi juda yomon, ko‘p chet elliklar uyoqda tursin, o‘zbekistonliklar ham kasal bo‘lishadi. Sizlar borganingizda nima yeb ichdingiz? Qoraqalpog‘istonning milliy taomi nima?
Sharif Sharifiy, Toshkent, O‘zbekiston

Syu Richardson: 1996 yilgi mash‘um ilk safarimizda biz o‘ta yomon "Toshkent" mehmonxonasida turdik. Devid, guruhimizda qator boshqa odamlar bir qatorda, o‘ta dahshatli ich og‘rig‘ini boshidan kechirdi. Bu biz uchun eng og‘riqli hol bo‘lgandi. Lekin, keyingi safarlarimizda biz asosan mahalliy oilalar uylarida yashadik va uyda pishirilgan ovqatlarni yedik. Biz manti, chuchvara, lag‘mon, palovni juda yaxshi ko‘ramiz. Bozorlarda ajoyib salatlarni sotishadi, har safar havzaga chiqib ketishdan avval bozorga borib, pomidor, bodring, non va pishloqlarni sotib olamiz. Kanalning bo‘yiga o‘tirib ovqatlanamiz, va kimdir uyidan chiqib bizga uyida tayyorlangan qatiq beradi yo yana qandaydir ovqat. Olchalarning bunday shirini hech qayerda yemaganman, agar ularni Britaniyada sotishda, albatta sotib olgan bo‘lardim.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.