BBC navigation

Janubiy Koreyada "Munchilar" asoschisi vafot etdi

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 13:29 GMT

San Myon Mun o‘zini "Masih" e‘lon qilgandi

O‘zini Masih deya e‘lon qilgan "Birdamlik cherkovi" asoschisi San Myon Mun 92 yoshida vafot etgan.

U haqda, eng avvalo, ommaviy nikohlar tashkilotchisi sifatida eslashadi.

Tanqidchilar Munni boyish maqsadida odamlarni yo‘ldan urishda ayblashadi.

Mun 1950-yillarda Janubiy Koreya poytaxti Seulda o‘z cherkoviga asos solgandi.

Uning o‘zi asosan Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlarda millionlab tarafdorlari borligini ta‘kidlardi.

San Myon Mun yirik biznes imperiyasini yaratdi. Ushbu imperiya nashriyotlar, qurol-yaroq zavodlari va universitetlarni qamrab olgandi.

Ashaddiy anti-kommunist bo‘lgan Mun 1970-yillarda AQSh prezidenti Richard Nikson ma‘muriyati bilan yaqin aloqalarni o‘rnatgandi.

"Birdamlik cherkovi" vakillarining Assoshieyted-press agentligiga ma‘lum qilishlaricha, Mun dushanba kuni Janubiy Koreyaning Kengido shahri yaqinida joylashgan o‘z cherkovi ichidagi shifoxonada olamdan o‘tgan.

U ikki hafta muqaddam o‘pkasini shamollatib qo‘ygani xabar qilingandi.

"Birdamlik cherkovi" o‘tgan asrning 60 va 70-yillarda ko‘plab janjallar ichida qolib ketdi: "Munchilar" odamlarni yo‘ldan urish, oilalarni buzish va Munni boyitish maqsadida faoliyat yuritishda ayblangan edilar.

Munning o‘zi mazkur ayblovlarning barchasini inkor etgan, biroq, 1982-yilda soliqlardan bosh tortgani uchun, 11 oy qamoqda o‘tirib chiqqandi.

Janjallar

Mun tarafdorlari ommaviy to‘ylar o‘tkazish bilan shuhrat topishgan

Qo‘shma Shtatlarda Washington Times gazetasiga asos solgan San Myon Mun katta boylik to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

U Janubiy Koreya doxil dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ko‘plab shirkatlarni idora etardi.

Ammo u butun hayoti davomida janjallarga ro‘baro‘ bo‘ldi.

2003 yilda Mun bir chiqishida Xolokost Iso alayhissalomni o‘ldirgani uchun yahudiylarga Xudo tomonidan yuborilgan jazo edi, deyishi ortidan xalqaro hamjamiyat tanqidlariga ro‘baro‘ bo‘ldi.

Mun hozirda Shimoliy Koreyada joylashgan Pxenan viloyatida dunyoga keldi.

San Myon Munning da‘vo qilishicha, 15 yoshida ekan Iso alayhissalom uning o‘ngida paydo bo‘lib, Yer yuzida Tangri podishohligini o‘rnatishni so‘ragan ekan. Mun ikki marta rozi bo‘lmagani, ammo uchinchi marta rozi bo‘lganini aytib kelgan.

U o‘z g‘oyalari uchun cherkovdan quvilgan va qamoqqa olinib, kommunistlar tomonidan qiynoqqa tutilgan edi.

Keyinchalik Janubiy Koreyaga qochishga muvafaq bo‘lgandi.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.