BBC navigation

Ruslan Chagayev olmoniyalik raqibini nokautga uchratdi

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 12:11 GMT

Professional boks WBA yo‘nalishining eng og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev olmoniyalik raqibi Verner Kreyskottni yettinchi raunddayoq texnik nokaut bilan yengishga muvaffaq bo‘ldi.

Sakkiz raundlik reyting jangi kecha tunda tantanali boks kechasi doirasida Olmoniyaning Obarxauzen shahrida bo‘lib o‘tgandi.

O‘zining ustunligi bilan kechgan jangda Ruslan Chagayev hali beshinchi raunddayoq olmoniyalik raqibini ikki bor nokautga uchratishi mumkin edi. Ammo har ikki gal ham raqibi o‘zini o‘nglab olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo yettinchi raundda o‘zining kuchi bilan tanilgan chap qo‘li bilan bergan zarbasi uning shu yil hisobidan o‘tkazayotgan ketma-ket uchinchi reyting jangida ham g‘alabasini ta‘minladi. Verner Kreyskott texnik nokautga uchradi.

Agar shu yilning iyul oyi ma‘lumotlariga qaralsa, kechagi jangiga qadar Ruslan Chagayev WBA reytingida 7-o‘rinni egallab turgandi.

Ruslan Chagayev qator janglar o‘tkazish bilan o‘z reytingini yaxshilab, kelasi yil kuz oylarida yana eng og‘ir vazn toifasida WBA yo‘nalishida Jahon chempionligi kamari uchun da‘vogarlik qilmoqchi.

Jang arafasida

Ruslan Chagayev avvalroq BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida qator janglar o‘tkazib, albatta Jahon chempionligi kamariga da‘vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritish niyatida ekanini aytgandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschiga ko‘ra, kelasi yilning kuz oylarida yana Jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqishni ko‘zlamoqda.

Ruslan o‘tgan oy Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va erkin agentga aylangandi.

U biz bilan suhbatda o‘z qarori sababini erkin agentlik maqomi o‘ziga ko‘proq jang o‘tkazish imkoniyatini berishi bilan izohlagandi.

Ruslan Chagayev o‘tgan yil 27 avgust kuni Olmoniyaning Erfurt shahrida Jahon chempionligi uchun jangda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

Ammo shundan so‘ng barcha reyting janglarida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.