BBC navigation

Hindistondagi Gitler do‘koni Isroilning g‘azabini toshirmoqda

Сўнгги янгиланиш 4 сентябр 2012 - 15:44 GMT

Hindistonda Gitler do‘konining ochilishi Isroil noroziligini uyg‘otgan.

Isroillik yuqori martabali diplomatning BBCga aytishicha, Hindistondagi Gitler nomi ostida ochilgan yangi kiyim-kechak do‘koni butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning ko‘ngillarini og‘ritgan.

Isroilning Mumbaydagi Bosh konsuli Orna Sagiv xonimga ko‘ra, bu kabi "o‘ylamay-netmay" qo‘yilgan nomdan "butkul hayrat"da qolgan.

Do‘kon bundan o‘n kun burun Gujarot shtatining Ahmadobod shahrida ochilgandi.

Do‘kon sohibining aytishicha, Adolf Gitlerning kim ekanidan butkul bexabar bo‘lgan.

Unga ko‘ra, do‘konini biznes hamkorining qattiqqo‘lligi uchun hamma "Gitler", deb ketgan bobosining ismi bilan atagan, xolos.

"Beparvolik, befarqlik"

Orna Sagiv xonim kelasi hafta Gujarotga avvaldan rejalangan safari chog‘ida ushbu masalani shtat rahbariyati bilan muhokama etib olmoqchi.

"Men do‘konga Gitler nomi g‘arazsiz maqsadda berilgan, deb o‘ylamayman. Nazarimda, bu – faqat beparvolik va sovuqqonlik natijasi", deb aytgan yuqori martabali isroillik diplomat.

Do‘kon sohibi Rajesh Shoh esa, odamlarni xafa qilganidan hayron ekanini aytmoqda.

"Do‘konimning nomi kimlarnidir shuncha bezovta qilishi xayolimga ham kelgan emas", deydi u.

Uning aytishicha, faqat do‘konini ochganidan keyingina Gitlerning olti million yahudiyning umriga zomin bo‘lganidan xabar topgan, xolos.

Rajesh Shohga ko‘ra, agar ketadigan sarf-xarajatlarini to‘lab qo‘yishsa, do‘konining nomini Gitlerdan boshqasiga o‘zgartirishga rozi.

Uning aytishicha, yorliqlar, reklama taxtasi va biznes kartochkalar uchun qariyb 3.000 AQSh dollari sarflab qo‘ygan.

Gitler nomi esa, do‘kon peshtoqiga katta-katta harflar bilan yozilgan va "i" harfidagi nuqtaning o‘rniga natsistlar svastikasining aksi tushirilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Hindistonda o‘tgan asr o‘rtalarida dunyoni Ikkinchi Jahon urushi girdobiga tortgan Olmon diktatorini xushlovchilar soni hozircha oz bo‘lsa-da, ammo ortib bormoqda.

Adolf Gitlerning hayoti va natsistlar tarixiga oid kitoblar hind jamiyatining muayyan qatlami, ayniqsa, ko‘pchilik yoshlar orasida o‘z o‘rnini topib ulgurgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.