BBC navigation

Qirg‘iziston: Uch sobiq koalitsiyachi partiya yangi hukumat tuzishmoqchi

Сўнгги янгиланиш 4 сентябр 2012 - 15:43 GMT

Qirg‘iziston hukumati 22-avgust kuni tarqalib ketgandi

Amaldagi hukumat parchalanib ketishidan ikki hafta o‘tib, Qirg‘izistondagi uch partiya yangi koalitsiyaga kirishga rozi bo‘lishgan.

Bu gal sobiq ma‘muriyat tarkibida bo‘lgan Qirg‘iziston Sotsial-demokratlar partiyasi, "Ota-Makon" va "Or-Nomus" partiyalari yangi koalitsiya tuzish istagini bayon qilishgan.

O‘tgan shanba kuni iste‘fo bergan Qirg‘iziston Bosh vaziri Omurbek Babanovning "Respublika" partiyasi esa, yangi ittifoq tarkibida bo‘lmaydi.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev o‘tgan hafta Sotsial-demokratlar partiyasiga yangi koalitsiya tuzish vazifasini topshirgandi.

Qirg‘izistonning so‘nggi hukumati shu yilning 22 avgust kuni tarqalib ketgandi.

Bunga "Ota-Makon" va "Or-Nomus" partiyalarining koalitsiya tarkibidan chiqib ketishlari sabab bo‘lgandi.

Ular mamlakat iqtisodining tang ahvolga kelib qolgani va Bosh vazir keng quloch yoygan poraxo‘rlik hollarining oldini ololmayotganini aytib, shunday qarorga kelganliklarini ma‘lum qilishgandi.

Koalitsiya a‘zolariga ko‘ra, yangi Bosh vazirlikka biror bir partiya ta‘siri ostida bo‘lmagani uchun prezident ma‘muriyati rahbari Jonto‘ra Sotiboldiyevning nomzodini ilgari surishmoqchi.

Uning nomzodi kelasi hafta mamlakat parlamentida ovoz berishga qo‘yilishi kutilmoqda.

Qirg‘izistonda yaqindan boshlab joriy etilgan va hozircha Markaziy Osiyoda yagonasi bo‘lgan parlament tizimini Sotsial-demokratlar partiyasi faol dastaklab keladi.

Kecha bo‘lib o‘tgan yig‘inda koalitsiya a‘zolari biror bir yangi siyosatlarini ochiqlashmagan.

Biroq bundan avval asosiy maqsadlari korruptsiyaga barham berish va Qirg‘izistonga sarmoya jalb etish ekanini aytishgandi.

Qirg‘iziston iqtisodi asosan Kanadaning Centerra Gold shirkatiga tegishli "Qumtor" oltin konidan kelayotgan daromad va chetdagi mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag‘larga qarab qolgan.

"Ota-Makon" partiyasi a‘zolarining aytishlaricha, avvalgi hukumat tarkibidan chiqishga qaror qilishgan paytda Qirg‘iziston qariyb 3 milliard dollarlik tashqi qarzini to‘lolmaslik darajasiga kelib qolgan bo‘lgan.

Uch partiyadan iborat yangi koalitsiya hisobiga 120 nafar parlament a‘zosidan 67 tasi to‘g‘ri keladi.

"Ota-Makon" partiyasi lideri Omurbek Tekebayev parlamentdagi qolgan ikki muxolif partiyadan bo‘lgan 15 nafar vakilni ham o‘zlariga og‘dirishga umid qilmoqda.

Yillarki Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat beqarorligicha qolmoqda.

Qirg‘iziston so‘nggi yillarda qator inqiloblarga sahna bo‘lgan va bundan ikki yil burun mamlakat janubida yuz bergan etnik nizolarda aksariyati o‘zbeklardan iborat yuzlab insonlar qurbon bo‘lishgandi.

Mintaqadagi eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lgan Qirg‘izistonda ham AQSh va ham Rossiya harbiy bazalari joylashgan. Har ikki davlat ham bu yerda o‘z ta‘sirlarini saqlab qolishga urinib kelishadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.