BBC navigation

Moskvada O‘zbekistonlik "qotil taksichi"lar hukm etildi

Сўнгги янгиланиш 4 сентябр 2012 - 15:47 GMT

"Taksichilar" guruhi boshliqlariga umrbod qamoq jazosi tayinlangan

Moskva shahar mahkamasi xotin-qizlarni o‘ldirish va bosqinchilik qilishda aybdor deb topib, o‘zbekistonlik "taksichilar" guruhining besh nafar a‘zosini 18 yildan bir umrgacha qamoq jazolariga hukm etgan.

20 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan sudlanuvchilardan ayrimlari, bundan tashqari, odam o‘g‘irlash, hujjatlarni qalbakilashtirish, qasddan birovga o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish va giyohvand moddalarni saqlashda ham aybdor, deb topilishgan.

Mahkama hukmidan ayon bo‘lishicha, guruh boshlig‘i 24 yashar Xushnud To‘raqulov va 20 yoshli Abdug‘ani G‘aniyevlarga bir umrlik qamoq jazosi berilgan.

Guruhning qolgan uch nafar a‘zosini qattiq tartibdagi koloniyada o‘tash sharti bilan 18 yildan 22 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga qaror qilgan.

Mahkama, bundan tashqari, jabrdiydalarning da‘volarini qondirib, aybdorlardan qariyb 5 million Rossiya rubli miqdorida pul undirib olinishi xususida ham hukm chiqargan.

Tergov faraziga ko‘ra, jinoiy guruh xotin-qizlarga hujum qilish, ularni o‘g‘irlash va o‘ldirish maqsadida 2010 yilning iyun oyida tuzilgan bo‘lgan.

Agar tergov ma‘lumotlariga qaralsa, ular jinoiy ish ochilgan boshqa shaxslar bilan birga 2010 yilning dekabr oyidan 2011 yilning yanvarigacha uch ayolni o‘ldirishgan, yana bir nafarini o‘g‘irlab, o‘ldirmoqchi bo‘lishgan va bosqinchilik qilishgan.

Beshovlonning jinoiy ishi shu yil iyun oyida Moskva shahar mahkamasiga oshirilgandi.

Rossiya ommaviy-axborot vositalaridagi xabarlarga tayanilsa, ularning o‘zlari sodir etilgan jinoyatlarga hech bir aloqalari yo‘qligini aytishgan.

Jinoyat tafsiloti

Agar Rossiya Bosh prokuraturasi tarqatgan ma‘lumotlarga qaralsa, guruh a‘zolari Moskva shahar ko‘chalarida taksichi qiyofasida yurib, taksiga zarurati bo‘lgan ayollarni izlab yurishadi.

Bo‘lajak qurbonlarini topgach, sal nariroqda to‘xtab, haydovchidan boshqa hamma mashinadan tushib qoladi.

Haydovchi esa, mijoz bilan kelishib, uni mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirishga taklif etadi.

Xuddi shu paytda uning hamtovoqlari yugurib kelib, mashinaga ikki tomondan minib olishadi va ayolning yo‘lini to‘sib qo‘yishadi.

Shundan so‘ng, haydovchi voqea joyidan qochib qoladi.

Mashinalari bo‘lmagan paytda esa, pana-pastqam va yaxshi yoritilmaydigan yerlardan o‘z qurbonlarini qidirishadi.

Ularning qalbaki pasport, haydovchilik guvohnomasi, yashash joyida qayddan o‘tganlikka oid hujjatlardan foydalanganliklari va qurol sifatida uchi o‘tkir va keskir buyumlarni qo‘llaganliklari aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.