BBC navigation

"Suriyalik qochqinlar soni rekord darajaga yetdi"

Сўнгги янгиланиш 4 сентябр 2012 - 15:52 GMT

BMTga ko‘ra, bir oy ichida 100 ming suriyalik vatanini tashlab chiqqan

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga qaralsa, avgust oyida Suriyani 100.000 dan ortiq odam tashlab chiqqan.

Mojarolar boshlangan shu yil mart oyidan buyon Suriyani bir oyning o‘zida buncha katta sondagi odam tark etmagani aytiladi.

Xalqaro tashkilot vakilasiga ko‘ra, "ularning barchasi qo‘shni davlatlardan boshpana topishgan".

Qochqinlar sonining oshishi Xalqaro Qizil Xoch Tashkiloti rahbari Piter Maurer prezident Bashar al-Assad bilan Suriyaga insonparvarlik yordami yetkazish bilan bog‘liq inqirozni muhokama etib olgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Deylik, shu kunlarda qurolli nizolarga sahna bo‘layotgan Alepponing muayyan qismlariga kirish umuman imkonsiz ekani bois, viloyatda bor bo‘lgan zaxiralarning ham tagi ko‘rinib qolmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, bugun Aleppoda yana besh kishi o‘ldirilgan, bir kun avvalgi havo hujumlarida esa, kamida 25 kishi qurbon bo‘lgandi.

Muxolifat faollarining aytishlaricha, Suriya Qurolli kuchlari bugun tongda shimoliy Aleppo viloyatini zambaraklardan hujumga tutisharkan, katta sondagi odamlarga tan jarohati ham yetgan.

Ayon bo‘lishicha, Suriya harbiylari 10 kun ichida Aleppo nazoratini o‘z qo‘llariga olishga ahd qilishgan.

Avvalroq poytaxt Damashq, endi esa, Aleppoda janglarning olovlanishi Suriyada qochqinlar inqirozini yanada kuchaytirgan.

Agar Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga qaralsa, shu paytgacha ja‘mi qochqinlarning soni 235.000 kishidan ortgan.

Xavfli vaziyat

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, qochqinlar soni ko‘pligidan yordam tashkilotlari yetarlicha jamloqlar tiklay olishmayotir va shu bois ham, vaziyatning izdan chiqib ketishi xavfi paydo bo‘lgan.

Ular butun Suriya bo‘ylab oziq-ovqat va boshqa ko‘maklarni tarqatish rejasida ekanliklarini ham ma‘lum qilishgan.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonning Pekindagi muzokaralari arafasida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi voizi Suriya inqiroziga siyosiy yechim topishning muhimligini urg‘ulagan.

Xitoy va Rossiya Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashining Suriyaga oid qator rezolyutsiyalariga veto qo‘yishgan.

Muxolifatdagi Suriya Milliy Kengashi xalqaro hamjamiyatni Suriya inqiroziga harbiy yo‘l bilan barham berishga undab keladi.

Pekin esa, bu kabi amalga butkul qarshi ekanini aytadi.

Suriyadagi muxolifat faollarining hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina o‘tgan oyning o‘zida mamlakatda 5.000 dan ortiq kishi o‘ldirilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.