BBC navigation

"O‘zbekiston MDH davlatlari Qutqaruv kuchlari tarkibida bo‘lmaydi"

Сўнгги янгиланиш 4 сентябр 2012 - 15:50 GMT

O‘zbekiston har qanday xalqaro harbiy blok amaliyotlarida ishtirok etmasligi haqida qonun qabul qilgan

O‘zbekiston MDH davlatlari Qutqaruv kuchlari korpusi saflariga kirmoqchi emas.

Bu haqda Rossiyaning RIA-Novosti axborot agentligi Qozog‘iston Favqulodda Holatlar bo‘yicha vaziri muovini Valeriy Petrovning so‘zlariga tayanib xabar tarqatgan.

Janob Petrov esa, bu haqda MDH mamlakatlari Favqulodda holatlar bo‘yicha davlatlararo kengashining yig‘ini doirasida bildirgan.

Jurnalistlarga so‘zlarkan, qozog‘istonlik mulozim, "Bu – O‘zbekistonning suveren huquqi ekani va buning hech bir qo‘rqinchli yeri yo‘q ekani"ni aytgan.

"Qolgan barcha davlatlar MDH Qutqaruv kuchlari korpusiga kirishlarini tasdiqlashdi. Davlatlararo kengashda ovoz berish tartibi yo‘q. Shu bois, hech bir mamlakat bunga majbur qilinmaydi. Bu ish tomonlarning roziligiga qarab amalga oshiriladi. Agarki, O‘zbekiston ishtirok etishni istamas ekan, bu – uning suveren huquqi", deb bayon qilgan janob Petrov Qozog‘iston poytaxti Ostonada.

MDH davlatlari Qutqaruv kuchlari korpusi – davlatlararo tezkor madad kuchlari uyushmasi bo‘lib, asosiy faoliyati tabiiy ofatlar va texnogen holatlar oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

Kengashning o‘zi esa, favqulodda holatlardan ogohlantirish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha MDH davlatlari orasida hamkorlikni ta‘minlash yo‘lida ish olib boradi.

Unga 1993 yilda MDHga a‘zo davlatlar rahbarlari kengashining roziligi bilan asos solingan. Ushbu kelishuvga O‘zbekiston ham imzo chekkan.

Bu – O‘zbekistonning so‘nggi paytlarda MDH davlatlari bilan bog‘liq tashabbuslardan ilk bor o‘zini chetga tortishi emas.

Rasmiy Toshkent Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Tezkor madad kuchlari tuzish g‘oyasiga ham ro‘yxushlik bermay kelgan.

Shu yilning iyun oyi oxirida, hatto, tashkilot tarkibidagi faoliyatini to‘xtatish niyatida ekanini ham bayon qilgandi.

Ayrim tahlilchilar esa, buning sababini Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti faoliyatining samarasizligi va ayrim mintaqa davlatlari rahbarlari orasidagi ziddiyatli munosabatlar bilan izohlashgandi.

Ular bunga misol qilib 2010 yilgi O‘sh qirg‘ini chog‘i tashkilotning bir chetda qo‘l qovushtirib qarab turgani va Tojikiston bilan O‘zbekistonning yengil bo‘lmagan munosabatlarini tilga olishgandi.

Ba‘zi kuzatuvchilar esa, bularning barchasini O‘zbekistonning yana G‘arb bilan yaqinlashish istagi bilan izohlashadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.