BBC navigation

Qirg‘izistonning O‘zbekistonga qo‘shni mintaqalarida kuydirgi qayd etilgan

Сўнгги янгиланиш 5 сентябр 2012 - 11:02 GMT

Kuydirgi manbai asosan kasallangan uy hayvonlari hisoblanadi

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, allaqachon uch kishi odamlar va hayvonlar uchun birdek xavfli bo‘lgan o‘tkir yuqumli kuydirgi xastaligi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

K-News axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bemorlardan ikki nafari cho‘y viloyati va yana biri poytaxt bishkeklikdir.

Shifokorlarga ko‘ra, ikki holatda infektsiya manbai kuydirgi tayoqchalari bilan zaharlangan tuproq bo‘lgan.

Xastalikni Bishkekda yuqtirgan ayol esa, O‘zbekistonga qo‘shni O‘sh bozorida go‘sht sotgan.

Ammo, agentlikning Qirg‘iziston Sog‘liqni Saqlash vazirligi ma‘lumotlariga tayanib xabar berishicha, mamlakat bo‘ylab shu paytgacha ja‘mi 5 kuydirgi holati aniqlangan.

Ulardan uchtasi Qirg‘iziston shimoliga to‘g‘ri kelsa, qolgan ikkitasi O‘sh va Botken viloyatlarida kuzatilgan.

Qirg‘iziston hududida kuydirgi xastaligining mingdan ortiq tabiiy o‘choqlari mavjudligi aytiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, joriy paytda odamlar va hayvonlar orasida kuydirgi xastaligi tarqalishining oldini olish uchun barcha lozim chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Poytaxt Bishkekdagi go‘sht sotiladigan barcha bozorlar va savdo nuqtalari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Kuydirgi

Kuydirgi – o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiruvchi, odamlar uchun ham, hayvonlar uchun ham birdek xatarli bo‘lgan xastalik hisoblanadi.

Kasallikni kuydirgi tayoqchasi qo‘zg‘atadi.

U tashqi muhitda spora holida uchraydi, suv va tuproqda 10 yilgacha yashash qobiliyatiga ega.

Kasallikning manbai asosan kasallangan uy hayvonlari – qoramol, ot, qo‘y, tuya, echki va cho‘chqa hisoblanadi.

Kasal hayvonlarda kuydirgi tayoqchasi hayvonning hamma organlariga kirib boradi va peshobi, najasi bilan tashqi muhitga chiqib, tuproq, yem-xashak, suv havzasini iflos qilib, kasallik tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Odamga esa, veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan hayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalaganda va yaxshi pishirmay, iste‘mol qilgan paytda yuqishi mumkin.

Kasallik asosan yoz-kuz fasllarida uchraydi va odamga yuqqandan keyin bir necha soatdan to 14 kungacha yashirin davri bo‘lib, bunda bemorlar shikoyat qilmaydilar.

Kasallikning qaysi yo‘l bilan yuqishiga qarab, teri, o‘pka, ichak va septik (qonda) turlari mavjud bo‘lib, asosan, 95-98 foiz teri shakli uchraydi.

Kuydirgining, ayniqsa, o‘pka turi odamlarda nihoyatda og‘ir kechadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.