BBC navigation

Sug‘dda ikki kun ichida 7 kishi o‘z joniga qasd qilgan

Сўнгги янгиланиш 5 сентябр 2012 - 11:12 GMT

Tojikiston shimolida o‘z joniga qasd qilish hollarining ortishi hukumatni tashvishga solgan

Tojikistondan olingan xabarlarga ko‘ra, mas‘ullar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, mamlakatning shimoliy mintaqalarida xudkushlik hollari keskin ortib bormoqda.

Agar rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, shimoliy Sug‘d viloyatida o‘tgan ikki kunning ichida 7 kishi o‘z joniga qasd qilgan.

Viloyatda joriy yil hisobidan xudkushlikka qo‘l urgan insonlarning soni esa, 200 dan ortgan.

Ayon bo‘lishicha, o‘z joniga qads qilish hollari aksaran 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlami orasida uchramoqda.

Ushbu mavzuni yaqindan o‘rgangan Tojikistondagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, qashshoqlik, iqtisodiy qiyinchiliklar, maishiy zo‘ravonliklar va yillarki hal etilmay kelayotgan qator ijtimoiy-maishiy muammolar odamlarni so‘nggi yo‘lga undamoqda.

Muxbirimiz o‘z joniga qasd qilish hollari har ikki jins vakillari orasida deyarli birdek qayd etilayotgani, aksariyat osib o‘ldirish bilan o‘z hayotiga nuqta qo‘yishga urinayotganini aytadi.

Qolganlari esa, o‘zlarini zaharlab, o‘zlariga o‘t qo‘yib yoki o‘zlarini daryoga tashlab, jonlariga qasd etishni ma‘qul ko‘rishgan.

Muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, mamlakat shimolida vujudga kelgan bu kabi vaziyat, hatto, mamlakat hukumatining e‘tiborini tortish darajasiga yetgan.

Hukumat ham tashvishda, ammo...

"Odamlarning o‘zlarini daryoga tashlab, o‘ldirishlarining oldini olish uchun mahalliy mas‘ullar, hatto, militsiya bo‘linmalarini ham safarbar etgan hollar bo‘lgan", deydi muxbirimiz Iskandar Firuz.

Uning aytishicha, juma namozlari chog‘ida aholini o‘z joniga qasd qilishdan qaytarish uchun maxsus va‘zlar ham o‘qilmoqda.

Qurbonlarni o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib borgan insonlar ustidan jinoiy ishlar ochilib, ishlari mahkamalarga ham oshirilmoqda.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, mamlakat shimolidagi mavjud vaziyat olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining samarasiz bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, ushbu muammoga barham berish uchun eng avvalo Tojikistonda chuqur ildiz otgan iqtisodiy muammolarga barham berilishi lozimligini urg‘ulashadi.

Ular Sho‘rolar davrida mamlakatning boshqa hududlariga qaraganda anchayin sanoatlashgan va iqtisodiy jihatdan rivojlangan bo‘lgan shimoliy mintaqalari so‘nggi yillarda qashshoqlashib borayotganini aytishadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bugun Tojikistondagi kambag‘al oilalarning aksariyati mamlakat shimoli hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, Tojikistonda aholining yarmiga yaqini shundoq ham nochorlikda hayot kechiradi.

Ularning kundalik iste‘mol xarajatlari, hattoki, 2 AQSh dollariga ham yetmaydi.

Mamlakatdagi minimal ish haqi esa, 20 AQSh dollariga yetib, yetmaydi.

Bu esa, dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.