BBC navigation

"Hamyurtlarimiz insonparvarlik tuyg‘ulari bilan o‘rnak bo‘la oladi"

Сўнгги янгиланиш 5 сентябр 2012 - 16:34 GMT

Vatandosh gazetasi Nyu-Yorkda bir oyda bir marta 5 ming nuxsada tarqatiladi

BBC mehmoni - Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir yarim yildan buyon nashr etilayotgan birinchi o‘zbekcha gazeta - "Vatandosh" muharriri Farhod Sulton.

"Vatandosh" gazetasi til, millat va Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan AQShdagi bir necha ziyoli o‘zbek yoshlari tashabbusi bilan 2011-yil boshida tashkil etildi. Ushbu nashr xorijda o‘z tili, millati va dinini unutib borayotgan o‘zbekistonliklar uchun vatanga bog‘liqliklarini ta‘minlovchi, til va milliy urf-odatlarni o‘rganishda yordamchi hamda tashna ko‘ngillarga ma‘naviy ozuqa bo‘ladi, deb umid qilamiz, - deydi Farhod Sulton.

Farhod Sultonning aytishicha, gazeta hozirda Nyu-York shahrida yashayotgan o‘zbeklarga oyiga bir marta 5000 nusxada tarqatilmoqda.

U ayni nomdagi web sahifaga bir yil ichida dunyoning 40 dan ziyod mamlakatidan 300 mingdan ziyod o‘quvchi kirganini aytadi.

Farhod Sulton O‘zbekistonning Bo‘ka shahrida tug‘ilgan.

Jahon Tillari Universiteti ingliz tili bo‘limi va Toshkent Islom Universiteti fiqh bo‘limlarida ta‘lim olgan.

Uch yil davomida Islom Universiteti Litseyida arab tilidan dars bergan, Islom Universiteti qoshidagi "Ziyo" studiyasida ishlagan.

Farhod Sulton shuningdek O‘zbekistonga oid bu yerga bosing uztimes.com nomli ingliz tilida veb sahifa ham ochgan.

Suhbatning radio versiyasini shanba va yakshanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

--------------------------------------------------------------------------------

Behruz Alimov: "Gazetani ochish judayama katta ish. Shunga gazetani bir necha ziyoli yoshlar tashabbusi bilan ochdik," debsiz. Kim u yoshlar, qayerda o‘qishadi yoki qayerda ishlashadi? Haliyam yoshlar hissa qo‘shib kelishayaptimi? Gazeta ochishdagi qo‘yilgan maqsadlariga erishtingizmi? Rahmat

Farhod Sulton: Gazeta ochilganidan beri elikka yaqin jurnalist va boshqa jurnalist bo‘lmagan ijodkorlar, vatandoshlarimiz gazetada o‘z maqolalari bilan ishtirok etishdi. Mavlon Shukurzoda, Behzod Mamadiyev, Davron Tojialiyev, Shohrux Kenjayev, Alisher Aymatli, Toshpo‘lat Rahmatullayevlarga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Undan tashqari, Jo‘ra Bo‘tako‘z, Lutfulla To‘ra, Norxo‘ja Sodiqov, Abdurahim Hamidov, Abdrahmon Mamajonov, Hikmat Sulton va Tamara Nazarovalarga gazetamiz faoliyati uchun yaqindan xomiylik qilib kelayotgani uchun alohida tashakkur aytishni istardim. Ijodkorlarimizning asosiy qismi AQShda yashaydi. Savolingizning ikkinchi qismiga keladigan bo‘lsak, maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz.

Shuhrat, Qarshi: Farhod akaga savolim qo‘yidagicha: Amerikadagi o‘zbeklar istagan istagan temalarda maqola yozish qiyinmi? Ular qaysi mavzularni yoritishingizni istashadi?

Farhod Sulton: Avval ta‘kidlaganimdek, "Vatandosh"ning asosiy o‘quvchilari - AQShda istiqomat qiladigan hamyurtlarimiz. Shuning uchun AQShdagi ijodkorlarimizning asosiy qismi, ularning talabidan kelib chiqib, materiallar yozishadi. Deylik, AQShda migratsiya masalalari bilan bog‘liq turli qonunchilik sharhlari, turli sotsial ta‘minotdan foydalanish, Amerika migratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar xususida ko‘p materiallar beriladi. Umuman, AQShdagi o‘zbeklar istagan mavzularda yozish qiyin emas, buning uchun ko‘proq harakat qilish, intilish kerak bo‘ladi, xolos. Qolaversa, Amerikadagi, umuman, chet eldagi o‘zbeklar uchun O‘zbekistonda yuz berayotgan eng muhim voqealar, ijtimoiy, siyosiy masalalarda, fan, madaniyat va sport sohasiga oid axborotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borishadi. O‘zbekistonlik sportchilar erishayotgan yutuqlar ham o‘quvchilarning diqqat markazida turib keladi.

Sherzod Abdiyev: Assalomu alaykum, "Vatandosh" tahririy mezonlari nimalardan iborat?

Farhod Sulton: "Vatandosh"ning asosiy maqsadi - O‘zbekiston tarixi, buguni va kelajagi xususida tahliliy chiqishlar, fikrlar, adabiy va badiiy jarayonlar, siyosiy, iqtisodiy, madaniy o‘zgarishlarni yoritib borish. Avvalo, tahririy mezonlaridan eng muhimi — sof o‘zbek tilida materiallar berib borishdir. Bosh mezon — chet eldagi vatandoshlarga kerakli axborotlarni yetkazib berish.

Munisa, Toshkent: Assalomu alaykum! BBC mehmoniga savolim shundayki, xorijiy axborot vositalari va o‘zbek matbuoti qiyoslanganda qanday farqlarni ko‘rasiz?

Farhod Sulton: O‘zbek va xorij ommaviy axborot vositalarini solishtirganda, albatta, xorij matbuotining odamlarga ta‘sir ko‘rsatish doirasi kengayib, ular izchil rivojlanib borayotganini tan olish kerak. Bugungi o‘zbek ommaviy axborot vositalari taraqqiyotida turg‘unlik yuzaga kelgan. Albatta, UZ domenida paydo bo‘layotgan turli saytlar bu turg‘unlikni imkon qadar qisqartirishga, odamlarning axborot olish ehtiyojlarini qondirishda katta rolь egallamoqda. Bugungi jahon ommaviy axborot vositalarida kun mavzularini xilma-xil yoritish, tahlillar, ayniqsa, mutaxassis va ekspertlar bloglaridan keng foydalanilayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bizning matbuotimizga hayot haqiqatini yoritishdek bir vazifalar yuklanganki, bu vazifalar bajarilmas ekan, auditoriyani jalb qilish sustligicha qolaveradi.

Abror Jo‘rayev, London: Gazetani va veb saytni ish boshlagandan beri kuzatib boraman. Farhod akaga savolim:

Faqat Amerika bilan bog‘liq vatandoshlarimiz haqida ma‘lumot olamiz, qolgan davlatlardagi hamyurtlarimiz haqida ham ma‘lumotlar berishni iloji bormi?

Farhod Sulton: Albatta, hozirgi kunda asosan AQShdagi hamyurtlarimiz faoliyati, turmush tarzi, ular o‘tkazayotgan turli tadbirlar, milliy va ma‘rifiy kechalardan reportajlar, axborotlar berib borayapmiz. Bugungi kunda AQShning qariyb barcha nuqtalarida hamkor ijodkorlar bilan muloqot o‘rnatganmiz. Istiqbolda, albatta, Kanada, Yevropa va Osiyodagi hamyurtlarimiz hayotidan ham ma‘lumotlar berib borish niyatimiz bor. Qolaversa, saytimizda ana shunday qobiliyat egalari uchun "Sizda nima gap?" ruknini ochib qo‘yganmiz. Mazkur rukn orqali Vatandoshda bemalol ishtirok etish mumkin.

Baxtiyor Rasulov: "Vatandosh" uchun materiallarni qanday tayyorlaysizlar? Mualliflarni hamkorlikka chorlaganmisizlar? Agar shunday bo‘lsa, "Vatandosh" bilan jiddiy hamkorlik qilsa bo‘ladimi? Javob uchun oldindan rahmat!

Farhod Sulton: Bizning gazeta va internet saytga material tayyorlaydigan doimiy mualliflarimiz bor, qolaversa, chetdan mualliflar ham jalb qilamiz. Ayniqsa, yuragida yozishga ishtiyoq kuchli bo‘lgan, Vatanimiz haqida, millat va xalq ravnaqiga qaratilgan, dunyoda yuz berayotgan materiallar yozadigan jurnalist va jurnalist bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun har doim hamkorlik uchun ochiqmiz.

Muhammadsolih, Shvetsiya: AQShlik doktor .... bir uchrashuvda sizni sahifa haqida gapirib, uni o‘zbek MXXsi tayorlagan xorijdagi oltita rejimparast loyihadan biri, deb atagandi. Bu gapga sizni saytni kuzatib borib o‘zim ham amin bo‘ldim. Saytda rejimga qarshi birorta gap yo‘q. Bunga nima deysiz?!

Farhod Sulton: Bu savolga birinchi marta duch kelayotgani yo‘q. O‘zbekistondagi amaldagi hukumatni tanqid qilayotgan har bir ommaviy axborot vositasi boshqa davlatlar maxfiy xizmatlarining loyihasi bo‘lmaganidek, "Vatandosh" ham MXXning loyihasi emas. "Vatandosh" AQShda, qolaversa, chet ellarda yashayotgan hamyurtlarimizga ma‘rifiy, madaniy, ma‘naviy xizmat qilsin, deb ochganmiz. Boz ustiga ma‘naviy xizmatni o‘rtaga qo‘yib, yolg‘on gapiradigan darajada axloqsiz emasmiz.

Jahongir, Nyu-York: Farhod, men 12 yildan beri Nyu-Yorkda yashayman. Siz chop etayotgan gazeta haqida eshitganmanu lekin qo‘limga olib o‘qiganim yo‘q. Uni qayerdan sotib olish mumkin? Oldindan rahmat.

Farhod Sulton: Rahmat, savolingiz uchun. Gazeta Kvins va Bruklinda 100dan ortiq joylarda har oyning 15 kuni tarqatiladi. Siz info@vatandosh.com ga elektron pochta orqali yozsangiz, sizga yaqin do‘konlarning manzillarini yuboraman.

Sharif, Farg‘ona: Amerikada o‘zbeklar orasida jinoyat ko‘p sodir etiladimi? Oxirgi yillarda bir necha o‘zbek dindor yigitning qamoqqa olinishi o‘zbeklar obro‘siga ta‘sir qildimi?

Farhod Sulton: O‘zbekistonlik boshqa davlatlar fuqarolariga qaraganda, ancha qonunga itoatkor xalq. Buni AQSh misolida aytayapman. Albatta, so‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq butun dunyo shov-shuv bo‘lgan sud ishlari AQShda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, bu O‘zbekiston xalqi haqida umumiy tasavvurni bermaydi. Albatta, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar haqida juda kam axborotga ega amerikaliklar tasavvuriga bu salbiy ko‘rsatishi mumkin. Ammo asosiy hamyurtlarimiz xorijda mehnatsevarlik, insonparvarlik tuyg‘ulari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.