BBC navigation

Misr: Xotin-qizlarga qarshi jinsiy tegajoqliklar epidemiya darajasiga yetgan

Сўнгги янгиланиш 6 сентябр 2012 - 13:35 GMT

Mahalliy faollarga ko‘ra, erkaklar tomonidan jinsiy tegajoqliklar Misrda xotin-qizlar kundalik hayotlarining ajralmas bir qismiga aylanib ulgurgan.

Qohirada bo‘lgan muxbirimiz Betani Bellning aytishicha, ayrim hollarda bu kabi tegajoqliklar bezori to‘dalarning hujumlariga o‘xshash tus olish darajasiga ham borgan.

Deylik, o‘tgan qish bir guruh erkaklar Aleksandriya shahrida bir mahalliy ayolga hujum qilishgan.

Internetga qo‘yilgan video tasvirdan ularning ayolni yelkalariga opichlab olishgani, yerda sudrashgani va baqir-chaqirlari qurbonlari ovozini bosib ketganini ko‘rish mumkin.

Bir qarashda erkaklardan qay birining ayolga yordam berayotgani va boshqasining unga zo‘ravonlik qilayotganini ilg‘ash qiyin.

Bu – erkaklar tomonidan xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonliklarning eng uchiga chiqqan ko‘rinishi, albatta.

Ammo Misrda olib borilgan turli so‘rov natijalariga qaralsa, xotin-qizlarning ko‘pchiligi har kuni jinsiy tegajoqliklarga ro‘baro‘ kelishadi.

Marva(asl ismi o‘zgartirilgan)ning aytishicha, u yer, bu yeridan ushlashlari yoki uyatsiz so‘z aytishlaridan qo‘rqib, biror joyga borishga ham yuragi betlamaydi.

"Men erkaklarning bu kabi xatti-harakatlari tufayli ko‘chaga chiqishga ham qo‘rqib qolganman. Biror yerga boradigan bo‘lsam ham, ularning e‘tiborini tortmaslik uchun, imkon qadar sipo kiyinishga harakat qilaman", deydi u.

"Chuqur ildiz otgan muammo"

Ikkimiz uchrashganimizda Marva boshiga iyagi ostidan qilib tang‘ilgan uzun hijob, ustiga esa, keng-mo‘l ko‘ylak bilan halpillab turgan shim kiyib olgandi.

Mahalliy faollardan Dina Faridning aytishicha, hozir bu kabi yopiq ust-boshlari ham xotin-qizlarni himoya qila olmaydi.

Unga ko‘ra, hatto, ko‘zlaridan boshqa hamma yerlarini yopib turuvchi niqobda bo‘lgan xotin-qizlar ham zo‘ravon erkaklarning nishoniga aylanishmoqda.

"Hozir qanday kiyimda ekaningizning umuman farqi bo‘lmay qolgan. Misrlik xotin-qizlarning ko‘pchiligi niqobda yurishadi, ammo, shunga qaramay, ulardan aksariyati jinsiy tegajoqliklarga duchor bo‘lishgan", deydi u.

Misr Xotin-qizlar huquqlari markazi tomonidan 2008 yilda olib borilgan so‘rov natijalariga qaralsa, mamlakat xotin-qizlarining 80 foizdan ortiqrog‘ining boshiga shunday kunlar tushgan va ulardan aksari hujumga uchragan paytlarida islomiy ust-boshda bo‘lishgan.

Qohiradagi Amerika universitetidan bo‘lgan sotsiolog Said Sodiqning aytishicha, ushbu muammo Misr jamiyatida chuqur ildiz otgan.

Unga ko‘ra, bu kabi holatlar 60-yillar oxirlaridan boshlab Misrda kuchaya boshlagan islomiy an‘anadorlik va eski patriarxal qarashlarning uyg‘unligini o‘zida aks ettiradi.

"Diniy fundamentalizm kuchaygan. Shu sababdan ham, erkaklar xotin-qizlarni nishonga olishni boshlashgan. Ular ayollarni ishdan olib, uyga qaytarishni istashadi", deydi sotsiolog.

"Patriarxal madaniyat ayollarning erkaklardan ustunligini hazm qilolmaydi. Chunki ayrim ayollar oliy ta‘lim olib, yaxshi ishlardan ishlab, erkaklarni ortda qoldirib ketishgan. Shuning uchun ham, erkaklar mavqe‘larini tenglashtirish uchun ularga duch kelgan joyda jinsiy tegajoqlik qilishadi".

Janob Sodiqqa ko‘ra, "Bu – fir‘avnlar emas, badaviylar madaniyatidir".

Ham sotsiolog va ham faollarga ko‘ra, politsiya kuchlari xotin-qizlarning jinsiy tegajoqliklardan himoya qilish yo‘lida yetarlicha ish olib borishmayotir.

"Qutquga soluvchi libos"

Jinsiy tegajoqliklar qurbonlarining soni esa, yosharib bormoqda.

Men bu kabi hollarning uyasi bo‘lgan Qohira markazidagi Qasr al-Nil ko‘prigiga bordim.

Bu yerda musiqani baland qilib qo‘yib olgan bir guruh yosh yigitlarni uchratdim.

Men ulardan yaqinda xiyobonda sodir bo‘lgan xuddi shunday voqea haqida so‘raganimda, ular qizlarning o‘zlari hammasiga sababchi ekanliklarini aytishdi.

"Agar to‘g‘ri-to‘g‘ri kiyingan bo‘lishganida, hech kim ularga qo‘lini tekkizmasdi. Ular yigitlarning e‘tiborini tortish uchun shu qabila kiyinishadi. Hatto, niqobdagilari ham bizga ko‘z suzishadi", deydi ulardan biri.

Yigitlardan boshqasining aytishicha, hatto, xotin-qizlar keng va tor niqob kiyganiga qarab ham farqlanadi.

Unga ko‘ra, tor niqobda bo‘lgani erkaklarning e‘tiborini jalb etish maqsadida shunday qilgan bo‘ladi.

Yosh-yosh yigitlarning bu tariqa fikrlashi esa, mahalliy inson huquqlari faoli bo‘lgan Hamdiy kabi ko‘plab misrlik erkaklarni dahshatga olmay qo‘ymagan.

"Men oilam, onam, singillarimni o‘ylab, bundan nihoyatda xafaman", deydi u.

"Hayit arafasida singillarim bilan shaharga tushgandik. Tiqilinchda ko‘zim chalg‘igan ekan, allaqachon kimlardir singillarimga tegajoqlik qilishni boshlabdi. Bu – dinimizga zid bir amal".

Misr yangi hukumati ushbu muammoga jiddiy e‘tibor qaratayotganini aytsa-da, aksariyat mahalliy faollar boshqacha fikrdalar.

Qohira markazida istiqomat qiluvchi Nansiga o‘xshagan ayollar uchun bu – erkinlik masalasi.

"Men ko‘chada odamga o‘xshab va xavfsiz yurishni istayman. Hech kimning menga qo‘l tekkizish yoki tegajoqlik qilishga haqqi yo‘q", deydi u.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.