BBC navigation

Ingushetiyada katta mushtlashuv, o‘zbekistonlik o‘ldirilgan

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 12:25 GMT

Ingushetiyaning Dolakovo qishlog‘ida yuz bergan yirik mushtlashuv bir O‘zbekiston fuqarosining umriga zomin bo‘lgan, boshqasi tan jarohati olgan.

O‘zbekistonlik kasalxonaga ketishda, yo‘lda hayotdan ko‘z yumgan.

Uning 1986 yilda tug‘ilgan Rustam Alimardonov ekani aytilmoqda.

Janjal chog‘ida yaralangan yana bir o‘zbekistonlik respublikaning Nazran shahar kasalxonasiga yotqizilgan.

Jinoyatga aloqadorlik gumoni bilan o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik respublikaning Nazran tumani Ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan.

Ular barchasining ommaviy mushtlashuv ishtirokchilari ekanliklari aytilmoqda.

Dolakovo qishlog‘ida bir uyni ijaraga olib yashagan o‘zbekistonlik muhojirlarning soni o‘ttizga yaqin deyilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, hodisa o‘tgan kun tunda yuz bergan.

Ingushetiyalik mas‘ullarning aytishlaricha, kutilmaganda kelib chiqqan janjal yirik mushtlashuvga aylanib ketgan.

Mahalliy Tergov qo‘mitasi veb sahifasidagi xabarlardan ayon bo‘lishicha, janjal ortidan, yana bir o‘zbekistonlik - 22 yoshli Oybek Ziyoyevga qarshi jinoiy ish ochilgan.

U ehtiyotsizlik oqibatida bir insonning umriga zomin bo‘lish darajasida qasddan tan jarohati yetkazishda gumon etilmoqda.

Mas‘ullarga ko‘ra, yuz bergan hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Shu oy boshida Rossiyaning Saratov viloyatida ferma ishchilari orasida kelib chiqqan janjalda qurbon bo‘lganlardan ikki nafarining ham o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ekanliklari aytilgandi.

O‘shanda viloyatning Aleksandrovka qishlog‘idagi fermada ishlab yurgan o‘zbekistonliklarning asli dog‘istonlik bo‘lgan xo‘jayinlari bilan tortishib qolganliklari aytilgandi.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol Bahrom Hamroyevga ko‘ra, bu kabi janjallarga aksaran ish ustidan kelib chiqqan raqobat, ishga yollovchilar yoki vositachilar tomonidan mehnat haqlarining berilmasligi sabab bo‘ladi.

Moskvada bo‘lgan muxbirimiz Davlat Qudratning aytishicha, so‘nggi yillarda Shimoliy Qafqozga mehnat muhojirligi uchun borayotgan o‘zbekistonliklarning soni sezilarli darajada ortgan.

Muxbirimizga ko‘ra, ular aksaran qurilish ishlari va kichik-kichik oshxonalarda ishlashadi.

"Hozir Shimoliy Qafqozda o‘zbekcha non, somsa pishirish yaxshi biznesga aylanib bormoqda", deydi muxbirimiz.

Unga ko‘ra, tirikchilik ilinji markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini mintaqada kuchayib borayotgan islomiy jangarilik muammosidan ham cho‘chita olmagan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.