BBC navigation

Islom Karimov: Rog‘un va Qambarota loyihalari odamlarning hayotiga katta xavfdir

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 16:56 GMT

Qozog‘istonga tashrif buyurgan O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qambarota GES lari qurilishi borasida alohida to‘xtalgan.

Qozog‘iston matbuotining yozishicha, Islom Karimov Rog‘un va Qambarota gidrostantsiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta‘kidlagan.

"Biz nimanidir qurishdan oldin, qaysi bir buyuk davlatlar bilan shartnoma tuzishdan oldin kelinglar, haqqoniy ekspertiza o‘tkazaylik va xalqqa, odamlarimizga aniq tushuntirish beraylik, ular bilan ertaga nima bo‘ladi, kim bu daryolarning quyisida yashaydi", - degan janob Karimov Ostonadagi matbuot anjumanida.

"Shunga e‘tibor qilish lozimki, bu loyihalar, Rog‘un ham, Qambarota ham 70-80 yillarda tuzilgan. Ya‘niki, biz hammamiz Sovet Ittifoqi tarkibida edik va hamma gigantomaniya bilan og‘rigan paytlar edi. Lekin vaqt o‘zgaradi, 40 yildan ortiq vaqt o‘tdi, bugun butunlay boshqacha qarashlar va talablar bor. Bugun gidrotexnik vositalar butunlay boshqacha asosda qurilishi talab qilinadi. Nima uchun ekspertiza o‘tkazish mumkin emas- kelinglar o‘tirib hammasini muhokama qilaylik", - deb ta‘kidlagan O‘zbekiston prezidenti.

Prezident Karimov suv-energetika zahiralaridan oqilona foydalanish masalasi uning Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashuvida asosiy mavzu bo‘lganini aytib o‘tgan.

"Amudaryo va Sirdaryo transchegara daryo oqimlari hisoblanadi. Bu daryolardan foydalanganda BMTkonventsiyasida belgilangan me‘yorlarga rioya qilishni unutmasligimiz kerak. Bu ham Tojikistonga, ham Qirg‘izistonga, hammamizga tegishli", - deb aytgan Islom Karimov.

O‘zbekiston Prezidentiga ko‘ra, Qirg‘izistondagi Qambarota suv to‘g‘oni 275 metr balandlikda, Rog‘un 350 metr balandlikda qurilayotganligini hisobga olinsa, bu ikkala loyiha qurilishi bu yerda yashayotgan insonlar hayotiga tahdid bo‘lishi mumkin.

"Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni orzu qilishibdiyu, ikkala GES hududi ham seysmik xavfli joylarga kirishini va yuzlab odamlarning hayoti haqida so‘z borayotganini tushunishmayapti. Tasavvur qilyapsizmi, zilzila yuz bergan taqdirda Toxtagul suv ombori ham qo‘shilib, to‘plangan suvlar chiqib ketsa u fojeaning oqibatlari qanday bo‘lishini?" - deya ogohlantiradi janob Karimov.

Nursulton Nazarboyev ham o‘zbek hamkasbining fikrlarini ma‘qullagan: "Bu savol barcha respublikalar uchun muhim. Biz daryoning yuqori joyidagi do‘stlarimizga yana bir salomimizni yo‘llab, pastda joylashgan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston uchun suv tobora tanqis bo‘lib borayotganini eslatib qo‘ymoqchimiz. O‘ylaymanki, bu masalalarni biz do‘stlarimiz bilan birgalikda ijobiy hal qila olamiz", - deb aytgan Qozog‘iston prezidenti.

Rog‘un loyihasi yuzasidan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ixtiloflar bir necha yildan buyon davom etib keladi.

O‘zbekiston hukumatining da‘vo qilishicha, Rog‘un omborini suvga to‘ldirish jarayonida daryoning quyi mintaqalarida joylashgan mamlakatlar sakkiz yilgacha suvsiz qolishi mumkin.

O‘zbekistondagi "Gidroloyiha" ochiq hissadorlik jamiyatining rahbari Sergey Jigarev ham "Agarda Rog‘un elektrostantsiyasi qurilishi nazarda tutilgan mintaqada kuchli zilzila ro‘y bersa 335 metrlik suv bosimi keskin oshib, to‘g‘on chidam bermay qolishi mumkin va ulkan suv toshqini mintaqa uchun tsunamidek xavfni keltirib chiqaradi", deb ogohlantirgan edi.

Rog‘un GESi shirkatining raisi Nurullo Shulashov o‘zbekistonlik mutaxassislarning ushbu GES qurilishiga oid loyiha haqida bildirgan xavotirlarini "asossiz", deya atagan.

Ba‘zi kuzatuvchilarga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar Rog‘un loyihasini qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.

Biroq ularning fikricha, Rog‘un kabi buyuk va juda qimmat inshootlar o‘rniga kichik va o‘rta gidrostansiyalar qurilishi Tojikiston uchun manfaatliroqdir.

Tahlilchilar tomonidan 300 metrdan baland to‘g‘on tez-tez zilzila bo‘lib turadigan Tojikiston va mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishi aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.