BBC navigation

Pokistonda Qur‘onni yoqqanlikda ayblangan qiz ozod qilingan

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 11:54 GMT

Pokistonda nasroniylar qizni himoya qilib chiqishgan

Pokiston mahkamasi shakkoklikda ayblangan 14 yoshli qizni garov evaziga ozodlikka chiqargan.

Hakam Muhammad A‘zam Xon qizni 10,500 dollar evaziga ozod qilinganini aytgan.

BBC muxbirining aytishicha, bu Pokistonda shakkoklikda ayblangan kishining garov evaziga birinchi marta ozod qilinishi hisoblanadi.

Ikki hafta oldin politsiya nasroniy diniga mansub qizni Qur‘on sahifalarini yoqqanlikda gumon bilan hibsga olgan edi.

Mahalliy aholining aytishicha, Islomobod chekkasida yashovchi Rimsha Masix sumkasida muqaddas Qur‘on kitobining yirtilgan sahifalari bo‘lgan.

G‘azablangan olomon esa shakkokligi uchun uni jazolashni talab qilib kelayotgandi.

Otasi Rimsha hayoti va o‘z oilasi xavfsizligidan xavotirda ekanini aytgan va Pokiston prezidentidan uni avf etishni so‘ragan.

Rimsha oilasi bilan bir mahallada yashovchi ko‘plab nasroniylar tartibsizliklar boshlangach, aybdorni jazolashni talab qilgan aholidan qo‘rqib boshqa joyga ketishgan.

Tahdidlar tufayli Rimsha oilasi politsiya himoyasiga olingan.

Qizning himoyachilari bu ayblovlar hech bir asosga ega emasligini aytishgan.

Ko‘plab xalqaro tashkilotlar, Pokistondagi nasroniylar aqlan noqis bo‘lgan qizning himoyasiga chiqishgan edi.

Ammo bir guvoh mahkamaga "mahalliy imom Xolid Chishtiyning qizaloq sumkasiga yoqilgan Qur‘on sahifalarini qo‘yayotganini ko‘rdim", deb aytganidan so‘ng voqea boshqacha tus olgan.

Politsiya masjid imomini hibsga olgan va qizni ozod qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Huquq himoyachilari Pokiston hukumatidan shakkoklik haqidagi qonunga o‘zgartirish kiritishni talab qilib kelishadi.

Pokiston qonunlariga binoan Qur‘onga shakkokligi tufayli bir umrlik qamoq jazosi berilishi mumkin.

Shu bilan birga shakkoklikda ayblanganlar omma tomonidan qatl qilinishi tez-tez sodir bo‘lib turadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.