BBC navigation

Turkmaniston AQShning "Tinchlik Korpusi"ni chiqarib yubormoqda

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 13:24 GMT

So‘nggi qadam Turkmanistonni tashqi dunyodan yanada ko‘proq ixotalaydi

Turkmaniston Markaziy Osiyoda Amerika Qo‘shma Shtatlarining "Tinchlik Korpusi"ni chiqarib yuborayotgan navbatdagi davlat bo‘lgan.

O‘tgan 20 yil mobaynida yuzlab ko‘ngillilar aksariyat hududi sahrodan iborat gaz zahiralariga boy Turkmaniston bo‘ylab ingliz tilidan saboq berganlar.

Ammo shu oy amerikalik ko‘ngillilarning so‘nggi guruhi mamlakatni tark etadi.

Ushbu qadam Turkmanistonni tashqi dunyodan yanada ko‘proq ixotalaydi.

Ashxoboddagi AQSh elchixonasining bildirishicha, "Tinchlik Korpusi"ning Turkmanistondagi dasturini to‘xtatishiga sabab turkman rasmiylarining mamlakatga kelayotgan ko‘ngillilar sonini sezilarli darajada cheklashlari sabab bo‘lgan.

Ularning soni shu darajada kamayib ketganki, tashkilot Turkmanistondagi o‘z idoralari faoliyatini yuritishga qodir bo‘lmay qolgan.

AQSh elchixonasi voizi Bred Maguayrning aytishicha, "Tinchlik Korpusi" Turkmanistonda 1993 yildan buyon faoliyat ko‘rsatgan.

O‘tgan vaqt mobaynida amerikalik 700dan ortiq ko‘ngillilar Turkmanistonning shahar va olis qishloqlarida asosan sog‘liqni saqlash xodimlari va ingliz tili o‘qituvchilari sifatida faoliyat olib borganlar.

"Shubhali"

Turkmaniston sovet davlatlari orasida eng yopig‘i bo‘lib, o‘tmishda ushbu mamlakatda ishlagan ko‘ngillilar oddiy turkmanlar hayotining ayanchli manzarasini chizishadi.

Odamlar erkin harakatlanish singari eng oddiy huquqlardan ham mahrum va mamlakat xorijiy nodavlat tashkilotlari uchun yopiqligicha qolmoqda.

Turkman maxsus xizmatlari xorijliklar bilan muloqotga kirishgan har qanday shaxs yoki guruhni yaqindan kuzatadi.

Internet aloqasi qattiq cheklanadi.

Muxolifat web sahifalarida chop etilgan izohlarda yozilishicha, turkman rasmiylari "Tinchlik Korpusi" xodimlarining ingliz tili darslarida g‘arbning demokratik qadriyatlarini targ‘ib qilishayotganidan shubhalanishgan.

Shu yilning mart oyida ko‘ngillilardan bir guruhining turkman vizasi muddatini uzaytirish haqidagi so‘rovi rad etilgan va ular chiqib ketishga majbur bo‘lganlar.

O‘tgan yili "Tinchlik Korpusi" o‘zining Qozog‘istondagi dasturini to‘xtatgan edi.

O‘zbekiston esa ularni 2005 yilda chiqarib yuborgan.

Hozirda amerikalik yosh ko‘ngillilarga mezbonlik qilayotgan mintaqadagi yagona davlat Qirg‘izistondir.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.