BBC navigation

"Paxtaga safarbarlik allaqachon boshlangan, ammo maktablarda o‘qish davom etmoqda..."

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 15:51 GMT

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati mamlakatda bolalar mehnatidan foydalanish hollari uchun qattiq jazolanishini ma‘lum qilgan.

"Qishloq xo‘jaligi sohasi, jumladan, paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanishga izn berilmaydi", - deb aytgan vazirlik matbuot xizmati.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu tartib hozirda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida davlat, turli agentliklar hamda BMTning YuNISEF Bolalar jamg‘armasi va turli xalqaro nohukumat tashkilotlari tarafidan kuzatib boriladi.

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimiga safarbarlik allaqachon boshlangan. Ko‘plab o‘quv yurtlari talabalari, o‘qituvchilar, turli korxonalar xodimlari paxta dalalariga olib ketilayotgani xabar qilinadi.

Xorazmdan "Najot" inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov BBCga gapirarkan, ular orasida maktab bolalarini yo‘qligini aytadi:

"Haqiqatdan ham, bugungi Xorazm viloyatidagi paxta mavsumi oldingilardan biroz farq qilyapti. Yosh bolalarni paxta mavsumiga jalb qilmaslik masalasi qattiq qo‘yildimi, Xudoga shukur, maktab bolalari paxta yig‘im-terimiga jalb qilinmasdan o‘quv mashg‘ulotlarini davom qildiryapti".

Xuddi shunday manzarani qashqadaryolik inson huquqlari faollari ham tasdiqlashadi. Ammo, ular O‘zbekistonda paxta mavsumi endigina boshlangani bois bu borada katta gapirishga hali erta ekanini aytishadi.

Inson huquqlari faoli Nodir Ahadov esa, voyaga yetmagan bolalar baribir paxta dalalarida ekanini urg‘ulaydi.

"Qarshi shahrida mana shu bugunning o‘zida Qarshi davlat universiteti bilan 2 - akademik-litsey o‘quvchilari safarbar etildi. Shu kungacha korxonalarni, mahallalarni olib chiqayotgandi. Maktablarni olib chiqmay turishibdi. Lekin, mana akademik-litseylarda ham balog‘atga yetmagan o‘quvchilar o‘qishadi", deydi u.

"Ko‘ngilli yordam"

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonni oxirgi yillarda bolalar mehnatidan keng foydalanayotganlikda ayblab kelishadi.

Buning natijasida, o‘tgan yil jahonning o‘nlab yirik shirkatlari o‘zbek paxtasidan qilingan mollarni boykot qilish haqidagi petitsiyaga ham imzo chekkandilar.

O‘zbekiston rasmiylari esa, paxta dalalarida majburiy bolalar mehnatidan foydalanilayotganini rad etishgan.
Lekin, ba‘zida bolalar ko‘ngilli ravishda ota-onalariga yordam berishayotganligini ilova qilishgan.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi ham O‘zbekistonda paxta xususiy sektorda, ya‘ni oilaviy fermer xo‘jaliklarida yetishtirilishini urg‘ulaydi va bolalarning oila biznesiga qo‘shadigan hissasi xalqaro andazalarga zid emasligini ham qistirib o‘tadi.

Bu yil har kilo paxta uchun o‘rtacha 250 so‘m yoki 9 AQSh senti to‘lanishi haqida aytilgan. Lekin, xabarlarga ko‘ra, ilk 50 kilocha paxta uchun odamlarga pul to‘lanmaydi. Xorazmdan Hayitboy Yoqubovning aytishicha esa:

"Man kechadan oldingi kun gaplashganlarimga ko‘ra, har bir kilosiga 150 so‘mdan pul to‘lashyapti ekan, tarozini yonida. Shundan ko‘prog‘ini eshitmadim".

Qashqadaryolik faollar esa, bir kilo paxta uchun 180 so‘mdan pul to‘linishiga ishora berilganini aytishadi.

O‘tmishda belgilangan miqdordan turli chegirmalar bo‘lishi va qo‘lga tegadigani aytilganidan ko‘ra kamroq ekani haqida gapirilgan.

Bundan tashqari, paxtaga safarbar etilgan talabalar uchun shart-sharoitlarning talabga javob bermasligi ham tanqid qilib kelingan.

"Paxta mavsumida to‘yga ruxsat yo‘q"

Qashqadaryolik yana bir faol Gulshan Qorayevaning aytishicha, paxta mavsumi bois ayrim joylarda faoliyat to‘xtatilishi haqida gapirilmoqda:

"Mana bozor asosiysi, bozor. Savdogarlar, tanishlar bozorga e‘lon ham yozib qo‘yishgani, yangi bozorda savdo qilish uchun tushdan keyinga ruxsat berilganini aytishdi. To‘yxonalar mana bugun oxirgi kun, ertadan yopilishini aytishyapti".

Faol Nodir Ahadov ham to‘yxonalar uchun to‘lab qo‘yilgan pullar egalariga qaytarib berilayotganini aytadi.

O‘zbekiston iqtisodi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan. Ekin maydonlarining katta qismida paxta yetishtiruvchi respublika uni ekib, yig‘ib olguncha qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi.

Yog‘in-sochinli kunlargacha ochilgan paxtani terib olish uchun dehqonlarning oldida bir oy, uzog‘i bilan 2 oy muddat bo‘ladi.

Paxta tolasini chetga eksport qilish orqali mo‘may daromad ko‘ruvchi hukumat ushbu qimmatbaho xom-ashyoni sifatli ravishda terib olish uchun butun zahiradan foydalanishga harakat qiladi.

Kuzatuvchilar Sho‘rolar davridan beri xunuk an‘anaga aylangan ushbu noqonuniy mehnatdan foydalanishni to‘xtatish uchun hukumat yetarli harakat qilmayotganini aytishadi.

Paxtaning asosiy qismi yildan - yilga faqat qo‘lda terishga o‘tilayotgani va uni yig‘ib olishda texnika takomillashtirilmayotgani tanqid ostiga olinadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.