BBC navigation

"Musulmonlar begunohligi": Sirli film muallifini qidirib

Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2012 - 14:33 GMT

Film ilk marta Gollivuddagi Vayn kinoteatrida namoyish qilingan

Misr va Liviyada qonli aksil-Amerika namoyishlariga sabab bo‘lgan aksil-Islomiy videoning kelib chiqishi borasida yangi ma‘lumotlar ayon bo‘lgan.

Film AQShda olingan bo‘lib, iyun oxirida Gollivuddagi kichik kinoteatrlardan birida namoyish etilgan. Biroq, namoyishlarga bu filmning arab tiliga tarjima qilingan va YouTube video ulashish sahifasida chop qilingan qismlari turtki bergan.

"Musulmonlar gunohsizligi" deya nomlangan video avvalo internetda 1 iyulda "sambacile" tahallusi ostidagi shaxs tomonidan chop qilindi.

U juda yomon ishlangan bo‘lib, aktyorlarning mahoratsizligi va stsenariyning ojizligi uning kichik byudjetidan dalolat beradi.

Islom va Muhammad Payg‘ambar haqidagi eng haqoratomuz so‘zlar aslida aktyorlar tomonidan aytilmagani, balki film ishlangandan so‘ng qo‘shilgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Filmda suratga tushgan bir aktrisa film aksil-Islomiy tashviqot uchun ishlanganidan butkul bexabar bo‘lganini aytib, uni qoraladi.

Kaliforniyaning Beykersfild shahrida istiqomat qiluvchi Sindi Li Garsiya Gouker web sahifasiga gapira turib, unga film Misrda hayot 2000 yil avval qanday bo‘lgani haqida bo‘lishi va "Sahro jangchilari" deya nomlanishini aytishganini bildirdi.

U aktyorlarni aldagani uchun rejissyorni mahkamaga topshirishini aytdi.

Savollar

Joriy yilning 30 iyunida Gollivud Bulevarddagi kichik Vayn kinoteatrida "Bin Lodinning begunohligi" nomli film namoyish etilgan.

Ismi oshkor etilishini so‘ramagan tomoshabinlardan biri film bir soat davom etgani, o‘ta yomon olingani va uning ikki seansiga sanoqli tomoshabinlar kirganini bildirdi.

Unga ko‘ra, seansni Amerikada yashab kelayotgan misrlik shaxs uyushtirgan va u kecha uchun ikki misrlik qo‘riqchini ham yollagan.

Seshanba kuni filmning muallifi va rejissyori deya o‘zini tanishtirgan Sam Besil ismli shaxs qator matbuot vositalariga intervьyu bergan va filmni dastaklab bir necha bor Islomni haqorat qilgan.

U bir manbaga 52, boshqasiga 56 yoshda ekanini, hamda filmni yaratish uchun yahudiy homiylardan millionlab dollar yiqqan yahudiy ko‘chmas mulk agenti ekanini da‘vo qilgan.

Biroq, internetda o‘tgan haftagacha bu ismli shaxs yo ko‘chmas mulk agenti bo‘lmagani aniqlandi.

Endi Sam Besil ismli haqiqiy shaxs bor yo yo‘qligi borasida savollar yuzaga chiqmoqda.

Kaliforniyadagi qator aksil-Islomiy guruhlarga aloqasi bo‘lgan amerikalik o‘ng-qanot ekstremist Stiv Klayn ham videoni internetda tarqatgan, biroq rejissyorning kim ekanini bilmasligini aytgan.

U o‘z matbuot suhbatlarida Sam Besil kimningdir tahallusi bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

Qur‘onni yoqish kabi aksil-Islomiy chiqishlari bilan nom chiqargan floridalik ruhoniy Terri Jouns janob Besil bilan bu videoning tashviqoti borasida bog‘langani, biroq u bilan hech qachon uchrashmaganini bildirgan.

Qibtiy aloqa?

Filmga aloqadorlikda yana bir shaxs, aksil-Islomiy Amerika Milliy Qibtiylar assambleyasi a‘zosi Morris Sodiqning ismi qalqib chiqqan.

Asli Misrdan bo‘lgan bu qibtiy nasroniyning filmni targ‘ib qilgani filmga qibtiy guruhlarning aloqasi qanchalar katta ekani borasida savollarni uyg‘otgan.

Qibtiylar Misrda ancha katta nasroniy ozchilikka egalar va oxirgi vaqtda Musulmon Birodarlari nazorati ostidagi yangi Misrda o‘z diniy erkinliklaridan xavotirlar izhor qilganlar.

Associated Press xabar agentliga o‘zini Sam Besil deya tanishtirib intervyu bergan shaxs keyinroq kaliforniyalik 55 yoshli Nakula Basseley Nakula ekanini aniqlangan. Janob Nakula so‘ngra Associated Pressga o‘zining qibtiy nasroniy ekani va filmning yaratilishiga aloqador ekanini aytgan.

U o‘zining Sam Besil tahallusi ostidagi shaxs ekani yoki rejissyor ekanini rad qildi.

Film va internetdagi videoning asl kelib chiqishi va uning yaratilishi ortidagi maqsadlar jumboqligicha qolmoqda, lekin aftidan uning, avval xabar qilingandek, isroillik kinematogrofga aloqasi yo‘q.

Filmning arab tiliga tarjima qilinishi, hamda arab telekanallari va tok-shoularida paydo bo‘lishi qonli zo‘ravonliklarni keltirib chiqardi. Biroq, ayni damda, Vashingtonda ochilgan tergov zo‘ravonliklar aslida ham filmga reaktsiya bo‘lgani yoki avvaldan tayyorlanganini aniqlashga urinayapti.

Misrning diniy al-Nas telekanali arab tiliga dublyaj qilingan filmni namoyish qilgan, internetda chop qilingan kliplarni esa yuz minglab odamlar tomosha qilganlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.