BBC navigation

Eron qadim Buyuk Ipak Yo‘lida joylashgan davlatlarni birlashtirmoqchi

Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2012 - 17:16 GMT

Eron vitse-prezidenti Sayid Hasan Musoviy Bakuda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman chog‘ida qadim Buyuk Ipak Yo‘lida joylashgan davlatlar orasida Shengenga o‘xshash viza tizimi barpo etish taklifini ilgari surgan.

Sayid Hasan Musoviy janoblarining aytishicha, "bu kabi viza tizimi ushbu mamlakatlar orasida sayohat qilishni osonlashtiradi va mintaqaga katta sondagi sayyohlar oqimini jalb etadi".

"Bundan ham tashqari, o‘zaro aloqalarning taraqqiy topishi va mintaqada tinchlikni qaror toptirishga ham yordam beradi".

Eron vitse-prezidenti, o‘z o‘rnida, Buyuk Ipak Yo‘lida joylashgan davlatlar sayyohlikni rivojlantirish uchun o‘z imkoniyatlaridan foydalanishlari shartligini ham urg‘ulagan.

Eronlik yuqori martabali mulozim xalqaro anjuman chog‘ida bu bilan ham kifoyalanmay, Buyuk Ipak Yo‘li davlatlari Bosh Assambleyasini tuzish, uning s‘ezdini shu yil oxirida o‘zlarida o‘tkazish g‘oyasini ham o‘rtaga tashlagan.

Janob Musoviyga ko‘ra, 2014 yil Buyuk Ipak Yo‘li yili deb ham e‘lon etilishi va bu yo‘lda joylashgan davlatlar atlasi ham tuzib chiqilishi lozim.

"Buyuk Ipak Yo‘li ta‘mi: pazandalik, madaniyat va sayyohlik" nomli xalqaro anjuman chog‘ida yangragan bu takliflar Eron yadroviy dasturi yuzasidan siyosiy va iqtisodiy jihatdan anchayin iholatlanib qolgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Eron vitse-prezidentining bu qabila chiqishiga bir tomondan xuddi shu omil ham muhim o‘rin tutgan.

"Boshqa tomondan, bu - Eronning mintaqadagi o‘rni mustahkamlanayotganiga ham dalolat qiladi", deydi tahlilchi Anvar Husainov.

"Eron, masalan, shunday xalqaro tashabbuslarni ko‘tarishi o‘ziga e‘tibor qaratishi uchun ham zarur, keyin mintaqa liderligini faqat so‘zda emas, bir amalda ko‘rsatish, o‘zining iqtisodiy, fan-texnika sohasidagi yutuqlarini qo‘shni davlatlarga ko‘rsatish - eronliklarning ancha yillardan beri olib borayotgan siyosati".

Tahlilchi, o‘z o‘rnida, Eron qo‘shni davlatlarga qaraganda anchayin iqtisodiy taraqqiyotga erishgani, mashinasozlik, oziq-ovqat ishlab chiqarish, ayniqsa, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritgani bois, ularga o‘zining iqtisodiy ta‘sirini o‘tkazish - rasmiy Tehron strategiyasiga kirishini aytadi.

Mintaqa davlatlari nima deydi?

Eron tomoni ilgari surayotgan takliflarning qanchalik amaliy bo‘lishi haqida so‘z ketganda, aksariyat tahlilchilar buning eng avvalo mintaqada o‘z geo-siyosiy qiziqishlari va manfaatlariga ega qudratli davlatlar istak-xohishlariga bog‘liq ekanini ta‘kidlashadi.

Ular yaqinda Eronda bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaganlar Harakatiga a‘zo davlatlar sammiti bunga yaqqol misol ekanini aytishadi.

"Ko‘p Osiyo, Janubiy Amerika va Afrika mamlakatlari rahbarlari yetib kelishgan bo‘lsa ham, Markaziy Osiyo davlatlaridan hech biri hozircha ushbu harakatga qo‘shilganicha yo‘q", deydi tahlilchi Anvar Husainov.

Tahlilchiga ko‘ra, Erondagi davlat siyosati, G‘arbga qarshi oshkora qarshi chiqishi O‘zbekiston kabi ayrim mintaqa davlatlarini tashvishga soladi.

"Masalan, O‘zbekiston Eronga ma‘lum bir hadiksirash bilan, ma‘lum bir shubha bilan qaraydi".

Anvar Husainovning aytishicha, shu bois ham, bugungi kunda chegaralarni keng ochish, Shengenga o‘xshash odamlarning davlatlar orasida erkin harakatlanishi qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Ammo bu taklifda jon bor

Tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi chegaralarning qanchalik kuchli qo‘riqlanishi va amalda bo‘lgan viza tartibini nazarda tutib, Eron tomonining taklifi qadimdan qon-qarindosh bo‘lgan mintaqa aholisining orasidagi bordi-keldining osonlashishiga xizmat qilishini aytishadi.

Ular, bundan tashqari, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlari sabab, sayyohlikni rivojlantirish O‘zbekiston kelajagi uchun juda ham muhim ekanligini urg‘ulashadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning kelajagi xalqaro turizm bilan bog‘liq.

Ular Eron aholisining so‘nggi yillarda boyib qolgani, oddiy ishlarda band bo‘lgan eronliklarning ham ko‘ngillari sayohat tusab borayotganini nazarda tutib, O‘zbekistonga millionlab sayyohlarni tortish imkoni borligini aytishadi.

"Bordi-keldilar kuchaysa, ayniqsa, oliy o‘quv yurtlarimizda Afg‘onistonda yashaydigan o‘zbeklarni o‘qitsak, Turkmanistonda yashaydigan o‘zbeklarni o‘qitsak. Juda intilish bor. Chunki, masalan, O‘zbekistonda oliy o‘quv yurti tizimi rivojlanganligi, olimlarining kuchi ko‘pchilik tomonidan e‘tirof etilganidan kelib chiqib, O‘zbekiston kadrlar tayyorlashning markaziga aylansa, bu - yutuqli tomon", deydi Anvar Husainov.

Unga ko‘ra, mavsumlar har xil ekani bois, qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan oldi-berdi qilish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishi, gaz va neftь sohasida yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

"Turkman gazini bugun Ovro‘poga, Xitoyga olib chiqib ketilayaptiyu, lekin, masalan, minglab chaqirimli umumiy chegaraga ega bo‘lgan O‘zbekistonda haligacha arzon va qulay bo‘lgan turkman gazini olib kelib, chuqur qayta ishlash tashkil etilmayapti".

Tahlilchi Anvar Husainovning aytishicha, bu ham chegara munosabatlari, xalqlar orasidagi bordi-keldi, quda-andachilikning yaxshilab rivojlanishi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, bu hozir mintaqa xalqlarining istak-xohishiga aylangan.

Unga ko‘ra, Amerika va boshqa G‘arb davlatlari tomonidan uzoqni ko‘zlovchi siyosat amalga oshirilib, ular tomonidan ham bu kabi aloqalarga keng yo‘l berilishi kerak.

"Eronga qanday qilib ta‘sir qilish mumkin, faqat sanktsiyalar bilan emas...Buni yaqinda AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton ham e‘tirof etishga majbur bo‘ldi. Eronga madaniy jihatdan ta‘sir qilish, boshqa xalqlar bilan ularning muloqotlarini kengaytirish bu - o‘ylaymanki, Amerikaning ham tub manfaatlariga mos keladigan narsa. Shuning uchun ham Erondan chiqqan deb, hamma tashabbuslarga yo‘q deyishimiz kerak bo‘lsa, bu - O‘zbekistonning ham davlat manfaatlariga mos kelmaydi, Amerikaning ham...".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.