BBC navigation

Qozoq senatori: "Hujumlar ortida siyosatchilar turibdi"

Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2012 - 15:07 GMT

Muxtar Altinbayev hujumchilarni o‘ldirishni yoqlab chiqdi.

Qozoq senatori: Qurolli to‘qnashuvlarning ortida siyosatchilar turibdi.

Qozog‘istonda so‘nggi vaqtlarda yuz bergan qurolli to‘qnashuvlarga munosabat bildirgan sobiq mudofaa vaziri va senator Muxtar Altinbayevning aytishicha, iqtisodiy qonunbuzarlik qilgan siyosatchilar o‘z qilmishlarini Qozog‘istonda vaziyatni izdan chiqarish orqali bosti-bosti qilmoqchi.

Biroq, u aynan qaysi siyosatchilar haqida gapirayotganini ochiqlamadi.

Qozoq hukumati mamlakatdagi muxolifat chiqishlari, hamda Janao‘zendagi qonli voqealarni xorijdagi qozoq muxolif siyosatchilari, xususan Muxtor Ablyazov uyushtirganini da‘vo qilib kelishadi.

Senator, shuningdek, terrorchi deb ko‘rilayotgan shaxslarning tiriklayin qo‘lga olinmayotganini himoya qilgan.

Kecha Qozog‘istonning g‘arbidagi Atirau viloyati Qulsari shahrida o‘tkazilgan reyd so‘nggida besh shaxsning jasadi topilgan edi.

Sobiq mudofaa vaziri, qurolli shaxslarga qurollar Qozog‘iston mudofaa vazirligiga tegishli qurol-aslaha omboridan olinayotgani haqidagi iddaolarni rad etib chiqdi.

Unga ko‘ra, omborlar mustahkam himoyalangan va signalizatsiya vositalari o‘rnatilgan.

Senatorning aytishicha, qo‘shni Qofqoz va Afg‘onistonda vaziyat tinch emas va qurollar shu hududlardan kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Janob Altinbayev terrorchi deya gumon qilinayotganlarning jismonan yo‘q qilinayotganini qo‘llab-quvvatlagan.

Qulsaridagi amaliyotda besh hujumchi o‘ldirilgani rasman xabar qilingan.

"Agar ular biror uyga joylashib olib, maxsus xizmat xodimlarini o‘ldirsa va o‘qqa tutsa, ularni nima qilish kerak? Agar kimdir qurol ishlatsa ularni yo‘q qilish tarafdoriman. Bu bizning qadriyatilarimiz va davlatimizga qarshi-ku, demak yo‘qotish kerak", - dedi Altinbayev.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralaridan xabar qilishlaricha, mamlakat g‘arbidagi Atirau viloyatining Qulsari shahrida 12 sentyabr kuni reyd o‘tkazilgan. Reyd so‘nggida besh shaxs jasadi topilgan, hamda yaralangan yana bir shaxs qo‘lga olingan.

Huquq-tartibot organlari xodimlariga ko‘ra, xonadonlardan birida o‘rnashib olgan qurolli kishilarga qurollarini tashlash taklif etilgan, biroq ular taklifni rad etganlar.

Mahalliy aholi ertalabki soat 9dan keyin qattiq otishma boshlanganini xabar qilganlar.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, terrrorchilik amalida gumon etilgan shaxslar ularga qarshi maxsus amaliyot boshlanishidan oldin bir necha portlash sodir etganlar va maxsus bo‘linma xodimlariga qarata o‘t ochganlar.

Bir xodim jarohat olgani xabar qilingan.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi maxsus amaliyot oxirida xonadonda besh shaxs jasadi topilgani, bir shaxs og‘ir yarador holda qo‘lga olingani haqida xabar tarqatgan.

Qozoq politsiyasiga ko‘ra, Qulsaridagi qurollilar guruhi shu yilning 5 sentyabrida Atirau shahrida ro‘y bergan portlashga aloqador bo‘lganlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.