BBC navigation

"Dunyoda o‘layotgan bolalar soni kamaydi"

Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2012 - 11:57 GMT

Birlashgan Millatlar UNICEF Bolalar jamg‘armasining bildirishicha, o‘tgan 20 yil ichida 5 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar orasida o‘lim hollari keskin kamaygan.

Deylik, 1990 yilda 12 million bola hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar qariyb 19.000 ni tashkil etgan.

Xalqaro jamg‘armaning xulosasiga qaralsa, bunga ayrim qashshoq davlatlarning boyib borayotgani sabab bo‘libdi.

Bundan tashqari, onalarni bolalarini ko‘krak suti bilan oziqlantirishga undash va turli xil yuqumli xastaliklarga qarshi olib borilgan emlash amaliyotlari ham ozmuncha ta‘sirga bo‘lmabdi.

Ayniqsa, chetdan katta miqdorda xorijiy yordam oluvchi davlatlarda vaziyat nihoyatda o‘nglanibdi.

UNICEF mas‘ullari bunga misol o‘laroq Lao Halq Respublikasi, Sharqiy Timor va Liberiyani keltirishadi.

Birgina qizamiqqa qarshi emlashlarning o‘zi esa, yigirma yildan ortiqroq vaqt ichida bolalar o‘limini yarim milliondan yuz mingga tushiribdi.

Qaltis vaziyat

Agar faktlarga qaralsa, 5 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar orasidagi o‘lim hollarining teng yarmi dunyoning besh davlati - Hindiston, Nigeriya, Kongo Demokratik Respublikasi, Pokiston va Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelarkan.

Qora Afrika mintaqasida joylashgan ayrim davlatlarda ham bolalar o‘limi bilan bog‘liq vaziyat ancha yomonlashibdi.

Deylik, Kongo Demokratik Respublikasi, Chad, Somali, Mali, Kamerun va Burkina Fasoda go‘dakligida hayotdan ko‘z yumayotgan bolalarning soni 1990 yil bilan solishtirganda 10.000 ga ortibdi.

Agar o‘tgan yilgi ma‘lumotlarga qaralsa, bu kabi o‘lim hollarining deyarli barchasiga bezgak xastaligi sabab bo‘libdi.

Xalqaro jamg‘armaga ko‘ra, dunyoning ayrim hududlarida kechayotgan qurolli nizolar ham bolalarning o‘limiga ozmuncha hissa qo‘shmagan.

Deylik, go‘daklar o‘limi eng ko‘p kuzatilgan o‘n davlatdan sakkiztasi zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgan yoki vaziyat beqaror mamlakatlardir.

Butun dunyo bo‘ylab bolalarning o‘limiga sabab bo‘layotgan eng asosiy omillar esa, zotiljam, tug‘ruq jarayonidagi mushkulliklar, o‘tkir ich ketish hollari va bezgak xastaligi ekan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, qariyb 40 foiz go‘dak hayotining dastlabki bir oyida hayotdan ko‘z yumarkan.

To‘yib ovqat yemaslik muammosi esa, butun dunyo bo‘ylab 30 foizdan ortiqroq go‘dakning umriga zomin bo‘larkan.

Xalqaro mutaxassislar o‘tgan yigirma yildan ortiqroq vaqt ichida O‘zbekistonda ham onalar va bolalar o‘limi qariyb uch baravar kamayganini aytishadi.

Ammo, mahalliy shifokorlarga ko‘ra, erishilgan shuncha yutuqlarga qaramay, onalar va bolalar o‘limi bilan bog‘liq muammo mamlakatda butkul barham topmagan.

Ular mamlakat aholisining oltmish foizdan ko‘prog‘i qishloq hududlarida yashashini nazarda tutib, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning bu masalada ham o‘z so‘zini aytayotganini ta‘kidlashadi.

Ayrim shifokorlarga ko‘ra, homilador ayollar orasida kamqonlik hollarining keng tarqalganligi, to‘yib ovqat yemaslik, ekologik muammolar, shifoxona va tug‘ruqxonalardagi shart-sharoitlarning ko‘ngildagidek emasligi bugungi kunda onalar va bolalarga o‘limiga sabab bo‘layotgan asosiy omillarga aylangan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.