BBC navigation

AQSh elchixonalari aksil-Amerika namoyishlari oldidan hushyor tortgan

Сўнгги янгиланиш 14 сентябр 2012 - 13:23 GMT

Namoyishlar Misr va Liviyadan Tunis, Marokash va Yamanga ham tarqagan.

Amerikada Islomni haqorat etuvchi film ishlanishiga javoban g‘azab oshib borar ekan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining musulmon davlatlaridagi elchixonalari o‘ta hushyor tortgan.

Juma namozi ortidan yana ko‘proq aksil-Amerika namoyishlari bo‘lib o‘tishi kutiladi. Misr poytaxti Qohirada politsiya AQSh elchixonasi yaqinidagi 500 nafarcha namoyishchilarga qarata ko‘zni yoshlantiruvchi gazni qo‘llagan.

Seshanba kuni namoyishchilar Liviyaning Bing‘ozi shahridagi AQSh konsulligiga bostirib kirib, elchi va uch xodimni o‘ldirgandilar.

Shu halokatdan beri notinchliklar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘ylab tarqalgan.

Qohirada namoyishchlar AQSh elchixonasi yonidan Tahrir Maydoniga haydalganlar. BBCning Qohiradagi muhbiri Jon Layn norozilik kayfiyati sezilib turganini aytadi.

Elchixona atrofidagi ko‘chalar simto‘r, beton bloklar va politsiya mashinalari bilan to‘sib qo‘yilgan.

Islomiy va boshqa guruhlar shahar bo‘ylab tinch "millionlar yurishi"ni o‘tkazishga chaqirgandilar, biroq bu guruhlarning ba‘zilari bugun o‘z chaqiriqlarini bekor qilganlar.

Prezident Muhammad Mursi a‘zosi bo‘lgan Musulmon Birodarlar yurishlar va masjidlar oldida o‘tirishlar uyushtirishini e‘lon qilgan, biroq ular AQSh elchixonasi tashqarisida bo‘lmaydi.

Prezident Barak Obama xorijdagi AQSh fuqarolarini himoya qilish yo‘lida barcha zarur choralarni ko‘rishini aytgan va boshqa hukumatlarni ham ularning xavfsizligini ta‘minlashga chaqirgan.

Federal tergov byurosi va AQSh Ichki ishlar vazirligi chiqargan ogohlantirishda "film tobora ko‘proq diqqatni o‘ziga tortar ekan, AQSh ichida va xorijda xavf darajasi o‘sishi mumkin"ligini aytgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun filmni va zo‘ravonliklarni qoraladi.

"Bunday qotilliklar va hujumlarga hech nima asos bo‘la olmaydi. Nafratomuz film ataylab toqatsizlik va qon to‘kilishini kelib chiqarishni maqsad qilib olgan ko‘rinadi", - dedi u o‘z bayonotida.

Liviya Bosh Vaziri Mustafo Abu Shaqur BBCga AQSh konsulligiga uyushtirilgan hujum Liviya-Amerika munosabatlariga shikast yetkazishini istamasligini aytdi.

Bing‘ozida Liviya va AQSh rasmiylari og‘ir qurollangan jangarilar namoyishdan avval yaxshi tayyorlangan hujum uchun bahona sifatida foydalangan bo‘lishi mumkinligini tergov qilishmoqda.

Liviya rasmiylari qator shaxslar hisbga olingani va hujumni uyushtirish gumoni bilan so‘roqqa tutilayotganlarini bildirishdi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.