BBC navigation

Qashqadaryolik iste‘molchi mahkamada gaz korxonasini yutgan

Сўнгги янгиланиш 14 сентябр 2012 - 14:55 GMT

So‘nggi yillar qish mavsumida gaz bosimining keskin tushib ketishi odatiy holga aylangan

Qashqadaryolik iste‘molchi Mirishkor tuman gaz korxonasidan mahkama orqali 200 ming so‘m tovon puli undirib olishga erishgan. Olam.uz saytining yozishicha, tuman gaz korxonasi ishlatilmagan gaz uchun iste‘molchiga qarzdorlik yozgan va ta‘minotni uzib ketgan.

Qashqadaryolik Niyozov iste‘molchilar huquqini himoya qiluvchi tashkilotga murojaat qilgan va tuman gaz korxonasining ushbu harakati sog‘lig‘ini yo‘qotishga sabab bo‘lganini aytgan.

"Mahalladoshlar bilan kelishib 150 ming so‘mdan pul yig‘ib qishlog‘imizga gaz quvurini keltirdik. Biroq "Mirishkortumangaz" filiali tomonidan gaz yetarli miqdorda bosim bilan berilmadi. Shunga qaramay biz gaz xizmati uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida berib bordik. Biroq tuman gaz korxonasi tomonidan asossiz ravishda qarzdorlik yozish hollari bo‘ldi. Hattoki mening uyimni gaz ta‘minotidan uzib ham qo‘yishdi", - deb yozadi mirishkorlik iste‘molchi Niyozov.

Qarzdorlik yozilishi va gazning uzilishi ortidan Niyozov sog‘lig‘ini yo‘qotganini va 350 ming so‘mdan ko‘proq pulga davolanishga majbur bo‘lganini aytadi.

Qashqadaryo viloyat iste‘molchilar huquqini himoya qilish hududiy birlashmasi ushbu ishni o‘rganib, iste‘molchi yozgan barcha da‘volar to‘g‘ri degan xulosaga keladi.

Ma‘lum bo‘lishicha tumanda gaz ta‘minotining bosimi pastligidan ushbu uylarga gaz umuman yetib bormagan.

Mahkama ushbu ish yuzasidan iste‘molchining foydasiga hukm chiqarib 200 ming so‘m ma‘naviy zarar undirishga qaror qilgan.

Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat iste‘molchilar huquqini himoya qilish birlashmasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Birlashmadan o‘zini kadrlar bo‘limidan deb tanishtirgan xodim, hamma paxta terimiga chiqib ketganini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston iste‘molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasidan mutaxassisning BBCga aytishicha, so‘nggi ikki yilning ichida gaz ta‘minotida iste‘molchilarning huquqi buzilayotgani haqidagi arizalarning ko‘lami ortgan.

"Oxirgi ikki yilning ichida gaz ta‘minoti sohasida shikoyat arizalari ko‘payib ketdi. Asossiz qo‘yilayotgan qarzdorlik. Sababi gaz ta‘minoti korxonalari "davlat qiyoslashidan vaqtida o‘tkazmagansiz", deyishayapti. Shu holatdan foydalanib iste‘molchilarga asossiz qarzdorlik qo‘yilishi ortidan kelib chiqayotgan shikoyatlar", deydi federatsiya mutaxassisi.

Shu yilning 6 oyi davomida iste‘molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga gaz ta‘minoti bilan bog‘liq respublika bo‘yicha 1466 ta ariza tushgan. Arizalarning 90 foizi iste‘molchining foydasiga hal etilgan.

Arizalarning asosiy mazmuni asossiz qo‘yilgan qarzdorlik ekanligi aytiladi. 6 oy davomida 250 million so‘mga yaqin shunday arizalar kelib tushgan.

Markaziy Osiyoning gazga boy o‘lkasi bo‘lmish O‘zbekistonda so‘nggi yillarda eksport hajmining oshirilishi ortidan mamlakat ichida gaz ta‘minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Ayniqsa qish kunlari gaz bosimining keskin tushib ketish hollari Toshkent shahridan tashqari deyarli butun respublika kuzatildi.

Joylarda gaz yo‘qligi sabab hokimiyatlar tomonidan kam ta‘minlangan oilalar uchun arzon bahoda ko‘mir sotish yo‘lga qo‘yildi. Ayrim maktablar xonalarni isitish uchun o‘quvchilardan sumkasiga ko‘mir solib kelishni so‘rashga majbur bo‘lgan holatlar ham uchradi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.