BBC navigation

Amnesti Ukrainani o‘zbekistonlikni ekstraditsiya qilmaslikka chaqirmoqda

Сўнгги янгиланиш 14 сентябр 2012 - 13:36 GMT

Sulaymonov o‘z shirkatiga reyd uyushtirilishi ortidan qochganini aytadi.

Halqaro Amnesti tashkiloti Ukraina hukumatini o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Ruslan Sulaymonovni zudlik bilan hibsdan ozod etishga va O‘zbekistonga qaytarmaslikka chaqirgan.

Tashkilotga ko‘ra, Sulaymonov O‘zbekistonda o‘lim jazosi, qiynoqlar yoki o‘ta jiddiy tahqirlashlarga yuz tutishi mumkin.

Ruslan Sulaymonov, tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli "Karavon bozor" nomli quruvchilik shirkatining rahbari bo‘lib ish yuritgan.

2008 yilda shirkatning "qudratli doiralar" reydi qurboni bo‘lgani, hamda shirkat o‘z hissalarini topshirishdan bosh tortgach, shirkatning qator rahbarlari iqtisodiy jinoyatlar ayblariga yuz tutganlari xabar qilinadi.

Sulaymonov o‘zi ham jinoiy javobgarlikka tortilishidan xavotirga tushgach, avvalo Qirg‘izistonga qochib Qirg‘iziston fuqaroligini olgan va 2010 yil noyabrida Ukrainaga ko‘chib o‘tgan.

2011 yil fevralida u Chernigov shahridagi Ichki Ishlar bo‘linmasiga ish ruxsatnomasi uchun ariza topshirishga borganida hibsga olingan. Ayni yil mayida uni O‘zbekistonga topshirish qarori chiqarilgan.

Ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo‘yicha agentligi Sulaymonovni qochqin deya tan olgan va uning uchun uchinchi davlatda boshpana qidirish ishlarini boshlab yuborgan.

Ukraina qonunlariga binoan, ekstraditsiya uchun hisbga olingan shaxs faqat 18 oy ushlab turilishi va so‘ng ozod etilishi kerak. 18 oylik muddat joriy yilning 25 sentyabrida yakun topishi kutiladi.

Amnestiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan bir necha yil davomida qiynoqlar tajribasi keskin kamayganini aytishiga qaramay, tashkilot mahbuslar va tutqunlarga qarshi qiynoqlar va tahqirlashlar keng ko‘lamda qo‘llanayotgani borasida xabarlarni olishda davom etmoqda.

Tashkilot O‘zbekistonga majburan qaytarilgan shaxslar o‘z yaqinlari yoki inson haqlari faollarining xabarisiz noma‘lum hibsxonalarda saqlanadilar va bu ularning qiynoqqa tutilish xavfini yanada oshiradi.

Ukraina Ruslan Sulaymonovning boshpana arizasi, hamda ekstraditsiyaga qarshi arzlarini rad qilgan. Amnesti tashkiloti rasmiy Kiyevni Sulaymonovni odilona boshpana jarayoni bilan ta‘minlashga chaqirmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.