BBC navigation

Bu gal Gulnora Karimova jamg‘armasining kitoblari mukofotlandi

Сўнгги янгиланиш 17 сентябр 2012 - 16:11 GMT

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining "Buyuk Ipak Yo‘li - gumanitar hamkorlik" mukofotiga ham loyiq deb topilgandi

O‘zbekistondagi qator internet nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Fond Forum jamg‘armasining kitoblari MDH davlatlari "Kitob san‘ati" IX xalqaro tanlovining uchta diplomi bilan taqdirlangan.

Mukofotlarni topshirish marosimi o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan navbatdagi Moskva Xalqaro kitoblar ko‘rgazmasi doirasida uyushtirilgan.

Xalqaro kengashning birinchi va ikkinchi darajali diplomlariga loyiq topilgan "O‘zbekiston me‘morchilik epigrafikasi durdonalari" va "Sharq xattotligi va miniatyurasi namunalari" kitoblari xalqaro ko‘rgazmada ham namoyishga qo‘yilgan.

Xabarlarga ko‘ra, keyinchalik mukofot olgan bu kitoblar MDH davlatlari tarixi muzeyiga berilgan.

Xalqaro tanlovning o‘zi esa, shu yilning may oyida Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgandi.

Ishtirokchi davlatlar tomonidan ja‘mi 120 dan ortiq kitob tanlovga qo‘yilgan va yetti yo‘nalish bo‘yicha "g‘olib" kitoblar tanlab olingandi.

Xalqaro hay‘at tarkibida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va Belarus vakillari bo‘lganliklari aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yil o‘zbek, rus, ingliz va frantsuz tillarida bosmadan chiqqan "O‘zbekiston me‘morchilik epigrafikasi durdonalari" asari "Madaniyat. Fan. Maorif" nominatsiyasi bo‘yicha birinchi va "Art-kitob" nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egallagan.

Ushbu kitobdan O‘zbekistondagi me‘moriy obidalarga bitilgan eng yorqin hattotlik yozuvlari o‘rin olgani aytiladi.

Fond Forumning "O‘zbekiston" bosmaxonasi bilan hamkorlikda 2009 yilda rus, o‘zbek, ingliz va yapon tillarida chop etgan "Sharq xattotligi va miniatyurasi namunalari" kitobi esa, "Hamdo‘stlikda chop etilgan" nominatsiyasida birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan.

Moskva Xalqaro kitoblar ko‘rgazmasi dunyodagi eng nufuzli va yirik kitob tadbirlaridan biri sanaladi.

Xalqaro ko‘rgazmaga har gal dunyoning o‘nlab davlatlaridan vakillar kelishadi.

Bu yilgi ko‘rgazmada 45 ishtirokchi davlat vakillarining o‘nlab tillarda chop etilgan 200 mingdan ortiq kitob namunalari bilan ishtirok etganliklari aytiladi.

Ketma-ket mukofotlar

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining "Buyuk Ipak Yo‘li - gumanitar hamkorlik" mukofotiga ham loyiq deb topilgandi.

Ushbu mukofot Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar orasida gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga alohida hissa qo‘shgan taniqli shaxslarga beriladi.

Shu yil boshida Gulnora Karimovaning Fond Forum jamg‘armasi "Yosh iqtidorlarni kashf etishdagi xizmatlari uchun" O‘zbekiston hukumatining maxsus yorlig‘i bilan ham mukofotlangandi.

Ammo O‘zbekistonning Ispaniya va BMTdagi elchisi bo‘lgan Karimova xonimning jamg‘armasi har yili millionlab dollarlik loyihalarni amalga oshirgani haqida hisob beradi, ammo bu millionlarning qayerdan kelgani haqida hech qanday ma‘lumot yo‘q.

Bundan avval O‘zbekiston prezidenti kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaning ham gimnastika rivojiga, saraton xastaligiga qarshi kurashda qo‘shgan hissalari uchun turli mukofotlar bilan taqdirlangani haqida xabar berilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.