BBC navigation

Prezident Karimov: "O‘zbekistonga demokratiyani yoshlar olib keladi"

Сўнгги янгиланиш 17 сентябр 2012 - 11:37 GMT

Janob Karimovning so‘zlari talaba yoshlar yoppasiga paxtaga jalb etilgan paytda yangragan

Prezident Islom Karimov sho‘ro o‘tmishi bilan aloqasi bo‘lmagan bugungi o‘zbek yoshlari mamlakatga demokratik o‘zgarishlarni olib kelishini aytgan.

Juma kuni Toshkentda diplomatlar va xorijiy ishbilarmonlar qarshisida gapirgan janob Karimov ularni O‘zbekiston "demokratik dunyo qanday rivojlanayotgan bo‘lsa, xuddi shu yo‘nalishda rivojlanadi" deb ishontirgan.

"Ko‘pincha, degan u, xorijiy mehmonlar bilan uchrashuvlarimiz chog‘ida ular O‘zbekiston qanday jamiyat qurayotgani bilan qiziqishadi... Siz oliy o‘quv yurtlari, kollejlarni bitirayotgan yoshlarning ko‘ziga qarang, ular nimaga intilayapti, qaysi yo‘nalishda harakatlanmoqchi? Agar siz haqiqatan O‘zbekiston bundan keyin ham demokratik yo‘nalishda borishiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, bizning yoshlarimiz bilan ko‘proq muloqotda bo‘ling", degan janob Karimov.

Unga ko‘ra, bugungi o‘zbek yoshlari "sovet tuzumi nima ekanini bilmaydi. Ular o‘z kuchiga ishongan, erkin va asosiysi, o‘tmish mafkurasidan alloqachon xalos bo‘lgan yangi avloddir",

Janob Karimovning aytishicha, SSSR ortiq rivojlana olmay qolgani uchun parchalangan.

"Tuzum boshqa yashay olmasdi. Biz demokratik dunyo qanday rivojlanayotgan bo‘lsa, shunday rivojlanishimiz kerak edi. Va biz xuddi shu yo‘nalishda rivojlanamiz", - deya ta‘kidlagan Prezident Karimov.

Uning so‘zlari poytaxt Toshkent doxil, O‘zbekiston bo‘ylab butun kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalari paxta yig‘im-terimiga jalb qilingan payt yangragan.

O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘pini yoshlar tashkil etadi.

Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘riladigan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova rasmiy matbuot tomonidan "yoshlarning homiysi" sifatida taqdim etib kelinadi.

"Yuqori o‘sish"

O‘zbekiston rahbari kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka bag‘ishlangan xalqaro anmjuman qatnashchilarini O‘zbekistonga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirgan.

U hukumat kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka katta ahamiyat qaratgani bois O‘zbekiston 2008-2009-yillardagi jahon moliyaviy inqirozining salbiy oqibatlarini "ortiqcha qiyinchilik va talofatlarsiz yengib o‘tgani"ni ta‘kidlagan.

Janob Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodi so‘nggi 6 yil mobaynida 8.2 foizdan "kam bo‘lmagan sur‘atlarda o‘sib borgan va mamlakatda 5 milliondan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan.

Prezident mamlakatdagi ishsizlik va inflyatsiya darajasi haqida hech narsa demagan.

O‘zbekistondagi "yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari"ni anjumanda so‘zga chiqqan Jahon Banki vitse-prezidenti Djanamitra Devan ham tasdiqlagan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida "yuqori darajadagi iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlamoqda".

Tahlilchilarga ko‘ra, aholining uchdan bir foizi qashshoqlikda hayot kechirayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan O‘zbekistondagi o‘sish ko‘rsatchkichlari makroekonomik ko‘rsatkichlar bo‘lib, bu o‘sish asosan mamlakat eksport qilayotgan tabiiy zahiralar hisobidan ta‘minlanmoqda.

Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uylariga yuborayotgan milliardlab pul-mablag‘lar so‘nggi yillarda o‘zbek so‘mini butunlay qadrsizlanishdan asrab qolgani aytiladi.

Fikr va mulohazalaringizni sahifamiz pastidagi forma orqali yo‘llang.

Islom Abdug‘aniyevich, siz O‘zbekistonni demokratik tuzum deb aytayapsiz, nimasi demokratik? Sizning rejimingiz sobiq sovet rejimidan farqi yo‘q-ku, sovet soyuzi rivojlana olmagandan parchalandi, deyapsiz, siz O‘zbekistonni rivojlantira oldingizmi?. O‘zingiz bilasiz ekan rivojlana olmagan rejim parchalanishini, sizning rejimingiz ham O‘zbekistonni rivojlantira olmadi, olmagani yetmagandek, sizning qizingiz ham sizning merosxo‘ringiz bo‘lmoqchi

Tongotar, Rossiya

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.