BBC navigation

Markaziy Osiyoda uzoq yillik yaxshi qo‘shnichilik nimaga bog‘liq?

Сўнгги янгиланиш 18 сентябр 2012 - 14:06 GMT

Ammo mintaqa davlatlari va rahbarlari orasidagi munosabatlarni nazarda tutib, mintaqaviy tahlilchilar yangi kelishuvning amalda qanchalik samarali bo‘lishi borasida nekbin emaslar

O‘zbekiston uzoq va yaqin qo‘shnilaridan iborat Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar bilan uzoq yillik yaxshi qo‘shnichilikka oid bitimni ratifikatsiya etgan.

Rasmiy Toshkent imzolagan yangi kelishuv O‘zbekiston suv, chegara va etnik muammolar bois, ayrimlari bilan ziddiyatli munosabatda bo‘lgan bu mamlakatlar bilan uzoq yillik do‘stlik va hamkorlikni ham ko‘zda tutadi.

Mazkur kelishuv, o‘z o‘rnida, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar orasidagi bu kabi aloqalarni xalqaro me‘yorlar asosida huquqiy shaklga ham soladi.

Bitim, yana shuningdek, bu mamlakatlar orasidagi nizolarga tinch yo‘l bilan barham berish, har bir davlatning milliy o‘ziga xosliklarini nazarda tutib, ularning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanish yo‘liga oid tanlovlarini o‘zaro hurmat qilishni ham ko‘zda tutadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ushbu kelishuvi a‘zo davlatlar tomonidan 2007 yilda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda imzolangandi.

Ammo mintaqa davlatlari va rahbarlari orasidagi munosabatlarni nazarda tutib, mintaqaviy tahlilchilar yangi kelishuvning amalda qanchalik samarali bo‘lishi borasida nekbin emaslar.

Ortiqcha e‘tiborga hojat yo‘q

Ular O‘zbekiston o‘tgan 20 yil davomida bunday shartnoma va kelishuvlarning ko‘plarini imzolagani, ularning hammasiga ham ortiqcha e‘tibor qaratib o‘tirishning hojati yo‘qligini aytishadi.

"O‘zbekistonning o‘z qo‘shnilari bilan munosabatda tashqi siyosatining qutblari anchayin tez-tez o‘zgarib turadi. Afsuslar bo‘lsin, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatini aksaran sub‘ektiv faktorlar, ya‘ni rahbarlarining qanchalik bir-birlarini yoqtirishlari yoki yoqtirmasliklari belgilaydi", deydi mintaqaviy tahlilchi Do‘sum Satpayev.

Tahlilchi bunga yaqqol misol o‘laroq O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning yaqinda Qozog‘istonga safari chog‘ida qilgan chiqishini tilga olib o‘tadi.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, mintaqa davlatlari orasidagi yaxshi qo‘shnichilik eng avvalo ular rahbarlarining siyosiy xohish-irodalariga bog‘liq

"O‘zbekiston rahbari yana bir bor o‘z qo‘shnilari, jumladan, Tojikiston va Qirg‘izistonni suv muammosi yuzasidan keskin tanqid ostiga oldi", deydi u.

Uning aytishicha, ayniqsa, Toshkent bilan Dushanbe va Bishkek orasidagi tang munosabatlar bu davlatlarning o‘zaro muammolarini hali-hanuz diplomatik yo‘l bilan yechish darajasiga yetib bormaganliklarini ko‘rsatadi.

Tahlilchiga ko‘ra, Tojikiston va Qirg‘izistonning ham Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tarkibiga kirishi nazarda tutilsa, O‘zbekiston ratifikatsiya etgan yangi bitimning amalda qanchalik ish berishi masalasida ortiqcha izohga hojat qolmaydi.

U hukumatlar darajasida ekaniga qaramay, O‘zbekiston imzolayotgan yoki ratifikatsiya etayotgan ko‘plab kelishuvlarning nomiga ekanini aytadi.

"Masalan, Qozog‘iston bilan ham o‘z vaqtida siyosiy va iqtisodiy sohalarda yaqindan hamkorlikka oid kelishuv imzolangandi. Ammo o‘tgan yigirma yil davomida kelishuvning davlat rahbarlari darajasida ma‘qullangan ko‘plab bandlari amalga oshmay qolib ketdi".

Do‘sum Satpayevga ko‘ra, O‘zbekistonning bu kabi aksaran diplomatik amallari Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari emas, Shanxay Hamkorlik Tashkilotida yetakchi mavqe‘ga ega va o‘zi nihoyatda yaqin aloqalarda bo‘lgan Xitoy bilan bog‘liq.

Yaxshi qo‘shnichilik nimaga bog‘liq?

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, mintaqa davlatlari orasidagi yaxshi qo‘shnichilik eng avvalo ular rahbarlarining siyosiy xohish-irodalariga bog‘liq.

"Ko‘p hollarda ana shu sub‘ektiv omillar ularning rivojlanish yo‘lidagi ob‘ektiv ehtiyojlariga zid keladi. Shuning uchun ham, bu siyosiy irodaga bog‘liq masala", deydi, jumladan, Do‘sum Satpayev.

Uning ta‘kidlashicha, agar mintaqa davlatlari rahbarlarida yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatishga siyosiy istak bo‘lsa, mavjud barcha muammolar butkul bo‘lmasa-da, qisman barham topadi.

Tahlilchiga ko‘ra, siyosiy xohish-iroda bo‘lmas ekan, qanday bitim imzolanmasin yoki ratifikatsiya etilmasin, ish bermaydi.

Ob‘ektiv omillar ham bor

Tahlilchilar mintaqa davlatlarining o‘tgan yigirma yildan buyon yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnata olmayotganliklarida etnik, suv va chegara muammolari kabi ob‘ektiv faktorlar ham muhim o‘rin tutishini urg‘ulashadi.

Ularga ko‘ra, mavjud muammolarni zudlik bilan yechishda yigirma yil, balkim, ozlik qilsa-da, orada kechgan vaqt Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqinlashish o‘rniga bir-birlaridan uzoqlashib borayotganliklarini ko‘rsatgan.

"Masalan, Qozog‘iston Bojxona Ittifoqi doirasida Rossiya va Belarus bilan yaqinlashib bormoqda. Yana Ovro‘poga yo‘l dasturini ishlab chiqqan. Ya‘ni Markaziy Osiyodagi qo‘shnilariga tobora kamroq e‘tibor berayapti. Bularning barchasi esa, rasmiy Ostona uchun mintaqa muhim esa-da, eng ustivor yo‘nalish ekanini ko‘rsatmaydi", deydi Do‘sum Satpayev.

Vaziyat qayerga qarab ketmoqda?

Tahlilchilar mintaqa davlatlarining o‘tgan yigirma yildan buyon yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnata olmayotganliklarida etnik, suv va chegara muammolari kabi ob‘ektiv faktorlar ham muhim o‘rin tutishini urg‘ulashadi

Tahlilchilar mintaqa davlatlari orasida vujudga kelgan bu kabi vaziyatni nazarda tutib, kelajakda bundan-da yomonroq holat paydo bo‘lishi ehtimolini nazardan soqit etishmaydi.

"O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Ostonada ehtimoliy stsenariylardan bittasini tilga olib o‘tdi. Jumladan, suv masalasi yuzasidan mintaqada urush kelib chiqishi mumkinligi ehtimoli bilan ogohlantirdi. Agar davlat rahbarlari bu kabi keskin ehtimollar haqida so‘z yuritisharkan, bu juda, juda yomon. Chunki mintaqada hech kim keng miqyosli jiddiy to‘qnashuvni istamasa kerak", deydi tahlilchi Do‘sum Satpayev.

Tahlilchiga ko‘ra, bu kabi mojarolar oqibatlari jiddiy bo‘lishi va ularni bartaraf etish yillarga cho‘zilishi mumkin.

"Markaziy Osiyo istiqbolida bu kabi badbin stsenariylarni ham nazardan soqit etib bo‘lmasa-da, vaqt borida buning oldini olgan ma‘qul", deydi Do‘sum Satpayev.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.