BBC navigation

"Azimjon Asqarov adolatsiz mahkama va noinsoniy munosabat qurbonidir"

Сўнгги янгиланиш 19 сентябр 2012 - 15:31 GMT

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, Azimjon Asqarov adolatsiz mahkama va noinsoniy munosabat qurbonidir.

"Huquqshunoslar Xalqaro Komissiyasi" vakillarining Qirg‘izistonga safarlari natijasida chiqargan xulosalariga ko‘ra, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli Azimjon Asqarov noinsoniy munosabat va adolatsiz mahkama qurboni bo‘lgan.

Komissiya vakillari 2011 yili dekabr oyida Qirg‘izistonga borib, Azimjon Asqarov ustidan chiqarilgan hukmning Oliy Mahkama tomonidan ko‘rib chiqilish jarayonini kuzatganlar.

Qirg‘izistonga safar qilgan vakillardan birining aytishicha, Azimjon Asqarov hibsga olinganidan so‘ng va butun tergov jarayonida mutassil ravishda kaltaklangani va boshqa turdagi noinsoniy munosabatga duchor bo‘lganligining qat‘iy dalillarini qo‘lga kiritganlar.

"Mahkama esa doimiy qo‘rquv shuningdek, guvohlar va himoyachilar xavfsizligi ta‘minlanmagan fazoda o‘tkazilgan", dedi "Huquqshunoslar Xalqaro Komissiyasi"ning Ovro‘po bo‘limi rahbari Roushin Pilley.

Pilley xonimning aytishicha, Azimjon Asqarov ishi inqirozlar davrida adliya tizimining buzilishi inson huquqlarining qo‘pol ravishda poymol etilishiga olib kelishini yaqqol namoyon qiladi.

"Huquqshunoslar Xalqaro Komissiyasi" ana shu jarayonlarga aloqadaor bo‘lganlarni jinoiy javobgarlikka tortib, Asqarov ishining qayta ko‘rib chiqilishiga da‘vat qilgan.

Huquq faoli va jurnalist Azimjon Asqarov 2010 yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan etnik to‘qnashuvlarga aloqador ko‘rilib, hibsga olingandi.

Keyinchalik unga militsiya xodimlaridan birining o‘limiga aloqadorlik aybi qo‘yildi.

2010 yil 15 sentyabr kuni Azimjon Asqarov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi va hukm ustidan bergan arizlarini ko‘rib chiqqan yuqori mahkamalar ushbu hukmni o‘z kuchida qoldirganlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.