BBC navigation

"O‘zbekiston paxtadan voz kechsa 100 milliard dollar daromad ko‘radi"

Сўнгги янгиланиш 19 сентябр 2012 - 15:23 GMT

20 yildan beri paxta O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining asosiy mahsuloti bo‘lib qolmoqda

O‘zbekistonda paxtadan qancha daromad kelishi rasman aytilmaydi. Biroq iqtisodchilar 1,5 million gektar joyga ekiladigan paxtadan 1,5 milliard dollar atrofida valyuta kirib kelishini aytishadi.

Iqtisodchi Anvar Husainov O‘zbekiston paxtadan voz kechgan taqdirda meva va sabzovot yetishtirish va qayta ishlash sanoati orqali 100 milliard dollardan ko‘proq daromad ko‘rishi mumkinligini aytadi.

Suvni eng ko‘p talab qiluvchi va o‘simliklarning ichida eng injiq bo‘lgan paxta dalalariga har yili ko‘p miqdorda kimyoviy dorilar ishlatiladi. Uni yetishtirish va terib olish davlat siyosati darajasiga chiqarilgan.

Turli kasb egalari o‘z vazifasini bajarish o‘rniga tushlik puliga ham yetmaydigan haq uchun kun bo‘yi dalada paxta terishga majbur.

Xalq orasida paxta milliy boylik, paxtasiz kun kechirish qiyin bo‘lib qoladi degan fikrlar keng yoyilgan.

Iqtisodchilar O‘zbekiston 20 yildan oshiqroq vaqt davomida paxta yakkahokimligidan qutilish uchun yetarli harakat qilmaganini ta‘kidlashadi.

"Mashvarat-Maslahat" konsalting kompaniyasi rahbari, iqtisodchi Anvar Husainovga ko‘ra paxta masalasi bugunga kelib iqtisoddan ko‘ra ko‘proq siyosiy bir masalaga aylangan.

Mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligi sohasida bug‘doy mustaqilligidan boshqa to‘g‘ri islohatlar olib borilmadi.

"Paxta iqtisodiy muammo emas, siyosatga taqaladigan mavzuga aylangan. Qishloq xo‘jaligi siyosatida mustaqillik yillarida keskin o‘zgartirishlar olib borilmadi. Paxta yerlarini keskin kamaytirish, paxta ekishdan voz kechish bo‘lmadi. Bu g‘oyani matbuotimiz, olimlarimiz va yozuvchilarimiz shijoat bilan ko‘tarmadi", - deydi Anvar Husainov.

Iqtisodchiga ko‘ra so‘nggi yillarda paxtaning narxi jahon bozorida keskin yerga urilishi oqibatida qadri qolmadi. Paxtadan ko‘ra O‘zbekiston iqlimiga xos meva va sabzavot narxlari esa aksincha bir necha barobar ko‘tarildi.

Iqlimi bir muncha sovuq o‘lkalarda aynan O‘zbekiston sharoitida yetishtirilgan mevalarning bozori o‘ta chaqqonligi e‘tirof etiladi.

Birgina Rossiya bir yilda besh milliard dollarlik O‘zbekiston iqlimida o‘suvchi meva import qilishga majbur.

2015 yilga borib Rossiyaning ushbu mevalarga ehtiyoji yana 30 foizga o‘sadi.

2011 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston ushbu o‘lkaga 300 million dollarlik mahsulot eksport qilgan xolos.

Amerikaning xalqaro taraqqiyot agentligi USAIDning keltirishicha, 2010 yilda o‘zbekistonlik dehqonlar chetga 1 milliard dollarlik meva eksport qilgan.

O‘zbekistonlik iqtisodchiga ko‘ra agar paxtadan voz kechilsa, O‘zbekiston ho‘l meva va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali 100 milliard dollardan ko‘proq daromad ko‘rishi mumkin.

"O‘zbekiston o‘z kasbi korini o‘zgartirib, Jahon bozoriga paxtaning o‘rniga sabzavot va meva yetishtiradigan va qayta ishlovchi korxonalarga ega bo‘lgan yirik agrar sanoat majmuasini yaratishi kerak", - deydi Anvar Husainov.

Iqtisodchiga ko‘ra paxtadan voz kechilishi yo keskin qisqartirish ortidan muqobil qishloq xo‘jalik maxsulotlarini yetishtirib millionlab yangi ish o‘rinlari yaratish va Rossiyada yurgan mehnat muhojirlari ortga qaytarish mumkin.

Paxta ko‘p suv iste‘mol qiluvchi o‘simlik bo‘lgani uchun undan voz kechilishi ortidan Orolga yetib bormayotgan daryo suvlari tejaladi.
O‘zbekistonga ko‘shni bo‘lgan Qozog‘istonda paxta maydonlari keskin qisqarmoqda.

Qozog‘istonlik fermerlar ko‘ra, paxtaning o‘rniga ekilgan poliz va bog‘dorchilik ortidan bir necha marotaba ko‘proq daromad ko‘rish mumkin.

Birgina intensiv ravishda ekilgan olma bog‘i paxtadan ko‘ra 10 barobar ko‘proq daromad keltirishi mumkinligi aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.