BBC navigation

O‘zbek filmi "Kinoshok" festivalining golibi

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 14:47 GMT

Anapada o‘tkazilgan "Kinoshok-2012" XXI festivalida O‘zbek kinochilarining "Parizod" filmi g‘olib deb topilgan.

Film yozuvchi Erkin A‘zamovning "Farishta" kinoqissasi asosida rejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan "O‘zbekfilm" studiyasida suratga olingan.

Asosiy rollarni Zarina Nizomiddinova, Samiddin Lutfullayev, Baxtiyor Qosimov, Dilorom Karimova kabi ijodkorlar talqin etishgan.

Kinoasarda tasvirlangan qishloq hayoti, odamlari, farishtadek qizning beg‘ubor tuyg‘ulari tomoshabinni o‘ziga jalb qiladi.

Mukammal stsenariy va rejissura uyg‘unligi filmning muvaffaqiyatini ta‘minlagan.

Film haqida biz bilan suhbatlashgan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronga ko‘ra, kinoasarda olis tog‘ qishlog‘idagi hayotning achchiq va fojeali tomonlari tilsizdek ko‘ringan parivash bir qizning kechinmalari garchi u gapirmasada, ishonarli tarzda tomoshabinga yetkaziladi. Filmda inson taqdiri ziddiyatlar orqali ko‘rsatiladi.

Keyingi yillarda xalqaro miqyosda tan olingan o‘zbek filmlari mukammal stsenariysi, yangicha rejissyorlik yondashuvi va eng muhimi o‘zbekona milliy ohangi bilan e‘tiborni tortadi.

"O‘zbek kinosida yangicha idrok paydo bo‘layotganining sababchilaridan biri kinodramaturg Erkin A‘zam", - deydi Xurshid Davron ham. "Dastlab qaraganda film ertaksimon, afsonasimondek, parivashning paydo bo‘lishi ham g‘ayritabiiydek ko‘rinadi. Lekin sinchkov tomoshabin uchun bugungi kunimizning aksini ko'rish qiyin bo'lmaydi".

Filmda Parizod orqali bosh qahramonlardan biri Jonibekning taqdiri, o‘zi topgan baxtni anglamagan holda toptagan bir inson hayoti gavdalanadi.

Festivalda mukofotga sazovor bo‘lgan "Parizod" bois biz bilan kino haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashgan Xurshid Davron yaqinda internet va matbuotda tarqatilgan ma‘lumotni keltiradi.

Kuzatishlarga ko‘ra, ayni paytda Sobiq Ittifoq davlatlarida faqat O‘zbekistonda ekranning asosini mahalliy kinosanoatda ishlangan asarlar egallagan.

Shu bilan birga, bugungi zamonaviy o‘zbek filmlari Markaziy Osiyo davlatlarida ham anchagina mashhurligi aytiladi.

O‘zbek tomoshabini Gollivud va Billivud kinolaridan ko‘ra, o‘zbek kinolarini qiziqib ko‘rayotganligi kinosanoatda yangi davr boshlanganini, oldi-qochdi filmlardan badiiy jihatdan yuksak kinolarga tomon ijodiy jarayon borayotganini ko‘rsatadi.

"Kinoshok" festivalida MDH va Boltiqbo'yi mamlakatlari kinochilarining 14 filmi ishtirok etgan.

Gruziyalik Zaza Urushadze "Vasiy" filmi bilan eng yaxshi rejissyor, "Yolg‘iz orol" filmi muallifi Peeteru Simmu eng yaxshi stsenariynavis, Aleksandr Simonov "Men ham xohlayman" filmi uchun eng yaxshi operator sifatida taqdirlangan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.