BBC navigation

Rossiya: Yekaterina II haqiqatdan buyukmidi?

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 11:27 GMT

Yekaterina II davrida dvoryanlar uchun oltin davr hisoblangan

250 yil oldin Rossiya tarixidagi eng ahamiyatli va qarama-qarshiliklarga boy davrlardan biri boshlangan edi. 22 sentyabr (3 oktyabr) 1762 yilda Yekaterina II ning taxtga o‘tirish marosimi bo‘ladi.

Rossiya davlati tarixida faqat ikki hukmdor "Buyuk" deb atalishga muyassar bo‘lgan: bular Pyotr I va Yekaterina II edi.

Yekaterina II ning Rossiya taxtidagi 34 yillik hukmronligi tarixiy ruhlanish, maorif va madaniyat, harbiy g‘alabalar, Qora Dengiz bo‘ylarini mustamlaka qilish, dvoryanlik huquqlarini paydo qilinishi davri bo‘ldi.

Shu bilan birga bu davrda misli ko‘rilmagan ikkiyuzlamachilik va yolg‘on, poraxo‘rlik va "yoqimtoylar ovlash" avjiga chiqqandi.

Poruchiklar erkaklik qobiliyatidan tashqari hech bir karomatlarsiz bir zumda generallarga aylanib, minglab krepostnoylarning egasiga aylanar, Pushkinning "Kapitan qizi" asarida tasvirlangan kabi garnizonlarda umr bo‘yi sidqidildan xizmat qilib kelgan zobitlarning hech bir sababsiz iste‘foga chiqarib yuborilishi oddiy holga aylangan edi.

Rossiya uchun azaldan "sovuqlashuv" va "iliqlashuvlar", shuningdek, shafqatsiz va bir muncha liberal hukmronliklar almashinib turishi xos bo‘lgan.

Pyotr I va Yekaterina II o‘rtasidagi farq go‘yoki Stalin va Putin o‘rtasidagi farqqa o‘xshashi mumkin.

Pyotr I davrida oyog‘ini ko‘tarib yurishga qurbi yetgan knyazdan tortib oddiy erkakkacha podshoga xizmat qilishi, bundan bo‘yin tovlagudek bo‘lganlarga hatto o‘lim jazosi berilaverardi.

Yekaterina davrida tuzumdan norozilar mavjud hukumatga aniq bir xavf tug‘dirmaguncha o‘z erkin fikrini aytishi va shaxsiy hayotini tinchgina yashab yurishiga qo‘yib berilgan.

O‘liklarni bosib o‘tib erishilgan hokimiyat

1762 yil 28 iyunda gvardiyachilar to‘ntarishi natijasida taxtga o‘tirgan Yekaterina tarixchi Vasiliy Klyuchevskiyning fikricha, "U hokimiyatni ketma-ket qamal qilishga ulgurdi: taxtni eridan tortib olib uni o‘g‘liga bermadi".

"Ekaterina II o‘zida betartib XVIII asrga xos bo‘lmagan qator xususiyatlarni qamrab olgan, u Rossiya taxtidagi oxirgi hodisa edi", deb aytadi tarixchi Vasiliy Klyuchevskiy.

Xalqqa va xorijiy davlat rahbarlariga Pyotr III ning shafqatsiz o‘ldirilgani aytilgan.

Jamiyatning yopiqligi va hukumat yolg‘onining darajasi shu qadar bo‘lganki, 34 yildan so‘ng merosxo‘r Pavel taxtga chiqaturib, "Mening otam tirikmi?", deb so‘raydi.

Yekaterina tomonidan yana bir imperator "Rus temir niqobi" laqabli Ioann VI ning ham o‘ldirtirib yuborilgani aytiladi.

Tarixchi Kazimir Valishevskiyga binoan, Yekaterina davrida "yoqimtoylar" davlat instituti" darajasiga ko‘tariladi. Yekaterina shaxsining bu tomoni ayniqsa mish-mishlarga to‘la.

Podshoning o‘z jazmanlariga tortiq qilib yuborgan 92 million 820 ming rubl pullari uning taxtda bo‘lgan davridagi Rossiyaning ichki va tashqi qarzlarining miqdoriga teng bo‘lgan.

Aleksandr Dyumaning yozishicha, Yekaterina jazmanlari uchun nafaqat ma‘shuqa, balki "janobi oliyalari" bo‘lib qola olgan. Uning saxiyligi orqali turli vakolatlarga ega bo‘lgan davlat amaldorlarini o‘ziga hukm o‘tqazishlariga yo‘l bermagan.

Grigoriy Orlov ismli shaxs Yekaterina bilan 10 yil yashagani, Yekaterina sovg‘a qilgan pullarga sotib olingan mashhur "Orlov" olmosini unga taqdim qilib, maxfiy nikohdan o‘tgani ma‘lum.

O‘ziga katta baho berib yuborgan Orlov Yekaterinaga shunday so‘zlarni aytadi: "Sen janobi oliyalari o‘zingdan ketma! Biz seni qanday qilib taxtga o‘tqazgan bo‘lsak, shunday olib qo‘yamiz!"

"Eng avvalo biz, sodiqlar seni dorga osamiz!" deydi Yekaterinaning o‘ziga juda ishongan boshqa bir oshig‘i knyaz Kirill Razumovskiy

Yekaterinaning yana bir jazmanlaridan bo‘lgan Grigoriy Potyomkin aqlli edi, o‘zining jonga tekkanini bilib, haydalish kunigacha kutib o‘tirmasdan Novorossiyani tiklashga jo‘nashni afzal biladi va shu bilan birga o‘ziga muhim ulkan obro‘yi bilan birga siyosiy mavqeini ham saqlab qoladi.

Zamondoshlariga ko‘ra, jazmanlaridan bo‘lgan 22 yoshli Platon Zubov oldida o‘z aqlu-hushini yo‘qotgan Yekaterina uni mukofotlarga ko‘mib tashlaydi. Frantsuz diplomati Massonning so‘zlariga ko‘ra, u qadar katta aqli bilan ajralib turmaydigan Zubov kiyimidagi mukofotlarning ko‘pligidan xuddi bozordagi lenta sotuvchini eslatgan. Uning oldida yaltoqlanish esa hamma chegaralardan oshib ketgan. Keyinchalik Napoleonni yenggan sarkarda Mixail Kutuzov esa har kuni tong yorishmasdan Zubov oldiga kelib, unga o‘z qo‘li bilan qanaqadir "maxsus" qahva tayyorlagani va go‘yoki turklarga qarshi jang qilishi uchun harbiy mashqlarni o‘rgatishi lozim bo‘lgan.

Poraxo‘rlik

Taxtga o‘tirganining uchinchi haftasida Yekaterina "Qalloblik haqida Manifest " chiqarib, poraxo‘rlikka qarshi urush e‘lon qiladi. Biroq inqilobdan oldingi rus tarixchisi Vasiliy Bilbasovga ko‘ra, "Ekaterina tez orada saroydagi qing‘irliklarni farmon va manifestlar bilan tuzatib bo‘lmasligini, buning uchun butun davlat tizimi ildizigacha islohotlar o‘tqazilishi kerakligini anglagan. Bu esa nafaqat o‘sha davrning, balki keyingi hukmdorlarning ham qurbi yetmagan o‘ta murakkab masala bo‘lib qolaverdi".

Yekaterina atrofidagi o‘zining boshqaruviga e‘tiroz bildirmagan o‘ta ketgan qallob shaxslarga ham toqat bildirgani ko‘rinadi. 1771 yil xalqni vabo balosiga tashlab qo‘ygan Saltikov yoki "qallob" deb atagan prokuror Glebovlar shundaylardan bo‘lgan. Ular o‘zlarining jinoyatlari evaziga lavozimidan ozod qilingan xolos. Glebovdan keyin prokuror bo‘lgan Vyazemskiyning pora olmaganiga odamlar mo‘‘jiza sifatida qarashgan.

Saroy pullarini o‘g‘irlaganlikda aloqador Potyomkin ham faqat tushuntirish bilan qutulgan.

Yekaterinaning "Muttahamni hali o‘g‘irlashni o‘rganmagan boshqa birovga almashtirgandan ko‘ra, yaxshisi o‘z joyida qoldirgan ma‘qul" degan gapi hozirgi Rossiya uchun ham mashhur hisoblanadi.

Islohotlar

1766 dekabrida Yekaterinaning qarori bilan krepostnoylardan tashqari har bir joydan 564 deputat saylanadi. Ko‘plar bunga bo‘lajak parlamentning tug‘ilishi sifatida qarashdi. Biroq Yekaterina xalqqa qilgan murojaatida Rossiya uchun eng muqobil tuzum bu yakkahokimlikdir, deb ta‘kidlaydi."Davlatning ulkanligi yakkahokimlikni taqozo qiladi. Rossiya uchun boshqa har qanday ko‘rinishdagi boshqaruv zararli, balki uni parchalanishga ham olib kelishi mumkin", - deb aytadi u.

"Iqtisod ojiz, armiya uch oydan beri ta‘minlanmagan. Savdo-sotiq pasayib ketgan. Mudofaa tizimi qarzga botib ketgan, dengiz kuchlari amallab o‘zini tortmoqda. Qonunchilik bozorda sotilmoqda", deb yozadi Yekaterina Rossiyaning ahvoli to‘g‘risida taxtga o‘tirganining birinchi yillarida. Aslida esa, iqtisod hatto yetti yillik urush paytida ham susaymagani, Yekaterinaning o‘zi to‘ntarishdan so‘ng uning ishtirokchilariga 800 ming rublga yaqin pulni tarqatib yuborgani ma‘lum.

Rossiyaning birinchi tashqi qarzlari ham uning hukmronlik yillarida, dastlabki inflyatsiya ham 150 million rubl qo‘shimcha qog‘oz pullar ishlab chiqarilgach, paydo bo‘ladi.

Hujjatlarga ko‘ra, Yekaterina davrida davlat xarajatlari 16 milliondan 69 milliongacha oshadi. Tashqi savdo kuchayadi. Podsho 29 yangi guberniyalar va 144 ta shaharlarni barpo qildiradi.

Biroq tarixchilarning aytishicha, shaharliklar sinfi o‘z mavqei va boyligi jihatidan hech qachon g‘arbiy Ovro‘po davlatlari darajasiga yetolmagan.

Ovro‘poda Sanoat inqilobi sodir bo‘lganda, Rossiya hali ham agrar davlatligicha qolgan edi.

Yekaterina Rossiyada ochtirgan ko‘p sonli to‘rt yillik va ikki yillik maktablarda 70 mingga yaqin bola ta‘lim olgani aytiladi. Rusda birinchi bor keng qamrovli, shu bilan birga mustahkam maorif tizimi yaratiladi. Yekaterina davrida 1764 yilda Peterburgda ilk bor ayollar uchun Smolniy instituti ochiladi.

Agar Pyotr I fanni rivojlanishiga, malakali muhandislar, dengizchi va harbiylarga ehtiyoj sezgan bo‘lsa, Yekaterina davrida "yangi davr kishilari"ni tarbiyalash vazifasi qo‘yildi.

Ilmiy, adabiy va falsafiy qarashlarning yangicha uyg‘onish davri bo‘ladi. Rus ziyolilari birinchi adabiy jurnalni qo‘lga olishadi va birinchi kutubxona ochiladi.

Biroq Fanlar Akademiyasini hamon nemis olimlari boshqarib kelishardi. Buyuk Yekaterinaning 34 yillik hukmronligi davrida biror universitet yoki o‘z vatanida meditsina ta‘limini olgan vrach yetishib chiqmadi.

"Taxtdagi podsho soxtami? Marhum imperator o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga loyiq emasmi?" degan savollar ketidan "Nima bo‘lganda ham men yog‘li parcha ustida o‘tiribman. Atrofdagi yolg‘onlar menga tegishli emas" kabi gap-so‘zlar paydo bo‘ladi.

Yekaterina II buyukmi?

Shunday ekan, taxtni noqonuniy egallab olgan Yekaterinaning nimasi buyuk? U aybdor emasmidi?

Birinchidan, u rus dvoryanlari uchun oltin davrni yaratib bergan edi.

Yakkahokimlik jamiyatning yuqori qatlamiga deyarli yozilmagan qonunni ro‘baro‘ qilib qo‘ygan: konstitutsiyadan va siyosiy huquqlardan voz kechish evaziga shaxsiy erkinlik, o‘tmish boyligini saqlab qolish, krepostnoylar ustidan chegaralanmagan hukmronlik va boshqa ko‘p huquqlar ta‘minlanadi.

Rus aristrokrati siyosatga faqat monarx uni eshitgisi kelgandagina aralasha olar, biroq o‘zining kichkina qirolligida xohlaganicha hukmfarmonlik qilishi mumkin edi.

Yekaterina tarixchilarning ta‘biricha, ertangi kunga ishonch va barqarorlikni olib keldi. Dvoryanlar ko‘z o‘ngida poraxo‘rlik va axloqiy o‘yinlar Pyotr davridagi tinimsiz saroy to‘ntarishlari va "sochni tikka qiladigan" talablar oldida arzimasdek edi go‘yo.

Yekaterina taqdirlashlari bilan sahiy bo‘lgan. 1794 yilda Polьshani bo‘lishda qatnashgan general-anshef Suvorov "Ura, Varshava bizniki!" deb yozganida, Yekaterina "Ura, feldmarshal!" deb uni ham tabriklab, ham taqdirlab yuboradi.

Dvoryan-zodagonlar ichidan keyinchalik dabdabalardan zerikkan, o‘zining haqiqiy hukmron ekanligiga ishonmay qolgan avlodi orasidan Oneginlar, Chatskiylar chiqqan bo‘lsada, Yekaterina davrida ular hali o‘z hayotidan behad mamnun zamonning oldi odamlari hisoblanardi.

Yekaterina hukmronligida tashqi siyosat rivojlanadi. U G‘arbga munosabatini shunday ifodalaydi: "Har bir qudratli davlat bilan do‘st bo‘lish va albatta zarur bo‘lganda dumdan ushlamaslik uchun bitta qo‘lni bo‘sh saqlash kerak".

Shu barqarorlik sababli Rossiya Yekaterinaning hukmronligi paytida yirik urushlarni ko‘rmaydi.

1796 yil 6 noyabrda 67 yoshli qudratli hukmron rasmiy manbalarga ko‘ra, insultdan vafot etadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.