BBC navigation

Eronda ayollarning ayrim fanlarni o‘rganishlari taqiqlandi

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 10:48 GMT

Oxirgi yillarda Eronda oliy ta‘lim olgan ayollarning soni ortgan.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro Human Rights Watch tashkiloti Eron hukumatiga murojaat qilib, mamlakat universitetlarida xotin-qizlarning ta‘lim olishlariga kiritilgan cheklovni bekor qilishga chaqirgan.

22 sentyabrdan Eronda ayollarning universitetlarda ayrim sohalar bo‘yicha o‘qishlarini taqiqlaydigan tartib kuchga kirgan.

Olingan xabarlarga ko‘ra, mamlakatdagi 36 universitetga ayollarning 77 fakulьtetga o‘qishga qabul qilinmasliklari lozimligi haqidagi ko‘rsatmalar berilgan.

Bu sohalar orasida yadro fizikasi, kompyuter bilimlari, hisob-kitob, muhandislik va Ingliz adabiyoti bor.

Rasman Eron rasmiylari nega bunday qarorga kelganlarini izohlamaganlar.

Biroq oxirgi yillarda rasmiylar Eronda tug‘ilish kamayib ketayotgani, buning sabablaridan biri oxirgi 20 yil mobaynida xotin-qizlarning oliy ta‘lim olishga intilib, oila qurishni orqaga surayotganlari haqida ko‘p gapira boshlaganlar.

Human Rights Watch bayonotida aytilishicha, Eron hukumati cheklovchi siyosatni zudlik bilan bekor qilishi lozim, chunki bu har bir inson ta‘lim olishda kamsitilmasligi kerakligi haqidagi xalqaro huquqning poymol etilishidir.

Eron rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda oliy ta‘lim olgan ayollarning soni ortib bormoqda.

Shu yil mamlakatda oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlaridan o‘tganlarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etgan.

Avgust oyida eronlik taniqli Nobel mukofoti sohibi Shirin Ibodiy Birlashgan Millatlar tashkilotiga ochiq xat e‘lon qilgan, Eron hukumatining ushbu qarorini mamlakatdagi "jamoat sahnalaridan xotin-qizlarni siqib chiqarish" maqsadidagi siyosatining bir qismi, deb ta‘riflagan.

Tanqidchilarga ko‘ra, ushbu qadam Eron ichki siyosatida xotin-qizlarning ishtiroki kuchayib borayotganiga qarshi hukumat ko‘rayotgan choradir.

Uch yil oldingi Erondagi prezidentlik saylovidan keyingi norozilik namoyishlarida ayollar faol ishtirok etishgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.