BBC navigation

Qozog‘istonda hukumat rahbari o‘zgardi

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 15:03 GMT

Karim Masimov 2007 yildan beri Bosh vazir kursisini egallab kelgan

Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov iste‘foga chiqarilgan.

Sobiq bosh vazir iste‘foga chiqar chiqmas Prezident Ma‘muriyatining rahbari etib tayinlangan.

Parlament Bosh vazir lavozimiga Prezident tomonidan tavsiya qilingan Serik Axmetov nomzodini qo‘llab quvvatlagan.

Prezident Nazarboyev Masimovning ketishini uning bir vazifada uzoq ishlab charchagani bilan bog‘lagan.

"Bosh vazir ishdan bo‘shash to‘g‘risida menga o‘tgan yili ariza bergan edi. U charchadi, vazifasini o‘zgartirishni istadi. U lavozimidan ketishini yangi odam kerakligi bilan izohladi", - degan Nursulton Nazarboyev.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev ko‘ra Masimovning ketishi Qozog‘istonda almashtirilib bo‘lmas kadr yo‘qligiga yana bir isbot.

Mamlakat yo‘nalishini Prezident Nazarboyev belgilab beradi va qolgan kadrlar ijrochi vazifasini bajaradi.

Biroq Qozog‘iston ichidagi turli guruhlar Elboshi Nazarboyevga yaqin bo‘lish orqali unga ta‘sir ko‘rsatish va boshqaruv lavozimlarning bo‘linishida muhim o‘rin tutadi.

"Kadrlarning so‘nggi almashinuvi mahalliy xarakterga ega va u keyingi vaqtlarda kuzatilgan elitalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga bog‘liq. Karim Masimovning o‘z o‘rnini almashtiruvi, ayniqsa, Prezident ma‘muriyati rahbari Aslan Musinning ketishi bilan chambarchas bog‘liq", - deydi Do‘sim Satpayev.

Karim Masimov Qozog‘iston hukumati tepasida eng uzoq qolgan amaldorlardan edi. U 2007 yildan hukumatni boshqarib keladi va shu yilning yanvar oyida yangi saylangan parlament uning nomzodini yana bir bor qo‘llab quvvatlagan.

Ammo Qozog‘iston ichida Masimovning iste‘fosi har yili kutilgan. Sobiq bosh vazir iste‘foga chiqishi bilanoq yana bir muhim vazifa Prezident ma‘muriyatining rahbari etib tayinlangan va Qozog‘iston boshqaruvida muhim shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda.

Siyosatshunos Do‘sim Satpayev Masimovning lavozimidan ketishi uning maqomi tushganini anglatmasligini aytadi.

"Masimovning o‘z o‘rnini almashtirishi uning ko‘tarilganini ham tushganini ham anglatmaydi. Bosh vazir lavozimi davlat iqtisodiy dasturlarini amalga oshiruvchi joy hisoblanadi.

Prezident apparatining rahbari esa mamlakatdagi siyosiy menejment deb tushunsak bo‘ladi. Ya‘ni Karim Masimov o‘zining ta‘sir doirasini kamaytirgani yo‘q", - deydi Do‘sim Satpayev.

Qozog‘iston prezidenti ma‘muriyatining sobiq rahbari Aslan Musin mamlakatning siyosiy jabhasida kuchli ta‘sir kuchiga ega bo‘lgan shaxs sifatida ko‘rilardi. Bundan sal avvalroq Nazarboyev Musinni lavozimidan olib Respublika byudjeti ijrosini nazorat qilish qo‘mitasi rahbari etib tayinladi.

2011 yilning dekabr oyida Qozog‘iston G‘arbidagi Janao‘zen shahrida neftchilar o‘z haq-huquqini talab qilishi ortidan qonli to‘qnashuvlar bo‘lgan edi.

Mintaqaga safar qilgan Elboshi Nazarboyev ushbu muammolardan bexabar qolib ketganini aytgan va viloyat hokimini lavozimidan chetlatgan.

Bundan sal oldinroq g‘arbdagi yana bir viloyat Atirau hokimi o‘z lavozimidan olindi. Neftga boy bo‘lgan Aqto‘beda o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Ushbu shaxslar asli g‘arbiy bo‘lgadan bo‘lgan Prezident apparatining sobiq rahbari Aslan Musinga yaqin odamlar bo‘lgani aytilmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.