BBC navigation

O‘zbekiston: bundan keyin biznes mulklari qanchalar himoyalanadi?

Сўнгги янгиланиш 25 сентябр 2012 - 16:19 GMT

O‘zbekistonda mulk huquqini muhofaza qilish qonuni kuchga kirgan.

O‘zbekiston parlamenti Jinoiy Kodeks va Ma‘muriy javobgarlikka o‘zgartirish kiritish qonunini 1 sentyabr arafasida qabul qilgandi, bu qonunni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ma‘qullaganidan keyin u kuchga kirgan.

Qonun "xo‘jalik sub‘ektlarining faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun javobgarlik"ni nazarda tutadi.

Xabar qilinishicha, bundan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekistondagi xususiy shirkatlar uchun biznes muhitini yaxshilash, xususiy shirkatlarning o‘zlarining mol-mulkiga bo‘lgan huquqlarini yanada kuchaytirishdir.

Rossiya ommaviy axborot vositalari ushbu qonunning MTS mobil aloqa shirkati bilan O‘zbekistonda yuz bergan mojarodan keyin qabul qilinganini eslatganlar.

MTS O‘zbek rasmiylarini o‘zlarining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasiga tegishli 700 million dollarga teng mol-mulkini noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblaydi.

"MTS O‘zbekistondagi turli tartibga soluvchi idoralar va huquq-tartibot organlari sodir etgan qator qonun buzilishlari bilan ro‘para keldi. Shu yil yozidan ko‘plab O‘zbekiston qonunlariga zid tekshirishlar boshlandi. Bu tekshirishlar asosida shirkatga biror bir ayblov ilgari surilgani yo‘q. Ayblov bildirilganiga qaramasdan, shirkat xodimlari hibsga olindilar. Bu tekshirishlar asosida qonun talab qiladigan hujjatlar rasmiylashtirilgani yo‘q, kompaniyamizga tegishli hujjatlar o‘zboshimchalik bilan musodara qilindi. Bularning hammasi ushbu ishning MTSning O‘zbekistondagi biznesini tortib olish maqsadidagi buyurtma ish ekanidan dalolat beradi", deydi mobil aloqa shirkati so‘zchisi Valeriya Kuzmenko.

O‘zbek rasmiylarining yuksak-yuksak minbarlardan sarmoyadorlarni O‘zbekistonga taklif qilishlariga qaramasdan, O‘zbekiston xorijiy investorlar nazarida biznes yuritish uchun noqulay va xavfli mamlakatga allaqachon aylanib ulgurgan.

"O‘zbekistonga o‘xshagan mamlakatda pora bermasdan turib biznes qilishni men imkonsiz demayman, juda qiyin ish", degan kuni-kecha Shvetsiya Jamoatchilik televideniyesi SVTning jurnalistik surishtiruv asosida tayyorlab namoyish etgan "Missiya: tekshirish" hujjatli filьmida Markaziy Osiyo va Sharqiy Ovro‘poch bo‘yicha ekspert Joanna Kuroz.

Mahalliy bizneslar esa davlat idora-tashkilotlari uchun "sog‘in sigir"ga aylangan degan fikr shakllangan.

Oxirgi yillarda xususiy tadbirkorlarni turli tadbirlarni moliyalash, xayriya to‘lovlarini to‘lashga majbur qilish hollari kuchaygan, bundan tashqari tuman yoki viloyat miqyosidagi har qanday mansabdorning istagi qondirilmagan taqdirda xususiy shirkat faoliyatini to‘xtatishga "qudrati yetadi".

"Aralashmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Avvalo tuman hokimlari, viloyat hokimlari, respublikadagi vazirliklar xususiy shirkatlar faoliyatiga aralashadi", deydi mustaqil iqtisodiy tahlilchi Jahongir Shosalimov.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonning turli hududlarida yuziga qora niqob taqqan kuch tizimlari maxsus bo‘linmalarining turli do‘konlar, xususiy shirkatlarga reydlar uyushtirgani, reydlar paytida naqd pullar va mol-mulk talon-taroj qilgani haqidagi xabarlar ko‘p tarqalmoqda.

Mamlakatdagi rasmiy idora-tashkilotlar bu reydlar haqida biror axborot tarqatmagan, ayrim tahlilchilar fikricha, bu bo‘shab qolgan davlat g‘aznasini to‘ldirish yo‘li bo‘lgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.