BBC navigation

O‘zbek gumondorini uy qamog‘iga o‘tkazish qarori ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 26 сентябр 2012 - 14:39 GMT

Hakamning qirg‘iz hamqishlog‘ini kaltaklagani uchun hibsga olingan etnik o‘zbekni uy qamog‘iga o‘tkazish qaroriga norozilik bildirib, ommaviy tartibsizliklarga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Janubiy Jalol-Obod viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Taalaybek Susunboyevning bildirishicha, Ola-Buqa tumanida sodir etilgan voqealarga aloqadorlikda ko‘rilgan shaxslar, "bezorilik, hokimiyat vakiliga nisbatan kuch qo‘llash, davlat mulkiga ziyon yetkazish va ommaviy tartibsizliklar uyushtirish"da ayblanishmoqda.

O‘tgan kun yuzga yaqin oli-buqalik tuman mahkamasi binosiga kelib, hakam Abidilla Jarimbetovdan tashqariga chiqib, qabul qilgan qarori uchun yig‘ilganlar oldida javob berishini so‘rashgan.

Lekin hakam ularning talablarini rad etib, o‘z xizmat xonasidan tashqariga chiqmagan.

Shunda olomon qo‘riqchilikda turgan militsiya xodimlarini surib tashlab, mahkama binosiga kirib borgan va hakamni ko‘chaga sudrab olib chiqib, kaltaklashgan.

Hakam bilan birga tuman prokuraturasi rahbarlaridan birining ham do‘pposlangani, hozir ikkovlonning ham olgan jarohatlari tufayli kasalxonada ekanliklari aytiladi.

Bundan ikki hafta oldin hakam o‘z qarori bilan o‘zbek mahallasi yashovchilaridan biri Rahmiddin Egamberdiyevni uy qamog‘iga o‘tkazgan bo‘lgan.

Rahmiddin Egamberdiyev esa, hamqishloqlaridan birini kaltaklagan, deb bezorilikda ayblangan.

Tuman hakami hukmini Jalol-Obod viloyati mahkamasi ham tasdiqlashi ortidan, Ola-Buqa markazida olomon yig‘ilib, ommaviy tartibsizliklar boshlanib ketgan.

Odamlar, "Nega aybdorlarni ozodlikka chiqarasan", deya mahkamaga norozilik bildirishgan va noqonuniy holda to‘planishgan", deb aytgan janob Susunboyev.

Buning ortidan, Ola-Buqa tumani mahkamasi o‘zining avvalgi qaroriga zid hukm chiqarib, Rahmiddin Egamberdiyevni qayta qamagan.

Mas‘ullarga ko‘ra, aslida bu - ikki mahalliy fuqaro orasidagi kelishmovchilik bo‘lgan.

Ular hozir tuman markazidagi vaziyat tinch va o‘z xizmatlarini kuchaytirilgan tartibda o‘tayotgan militsiya xodimlari nazorati ostida ekanini aytishmoqda.

Yuz bergan tartibsizliklar manzarasida mamlakat janubiga shoshilinch yetib borgan Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri muovini Qurson Asanov mahalliy mas‘ullar bilan hududdagi vaziyatni muhokama etgan.

2010 yilda yuz bergan va aksariyati o‘zbeklardan iborat yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgan qonli etnik nizolar ortidan Qirg‘iziston janubida vaziyatning hanuz tangligicha qolayotgani kuzatiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.