BBC navigation

Liviyalik boyvachchalar suriyalik qochqin qizlarni hol-jonlariga qo‘yishmayapti

Сўнгги янгиланиш 26 сентябр 2012 - 13:15 GMT

Liviyaga qochib o‘tgan suriyalik qochqinlar yashash sharoitlarining og‘irligi sabab, yosh-yosh qizlarini mahalliy boylarga berishga majbur bo‘lishmoqda ekan.

Suriyalik qochqinlarning aytishlaricha, liviyaliklar eshiklarini qoqib, ayniqsa, voyaga yetmagan qizlari bor-yo‘qligini surishtirishni odat qilishgan.

Ahmad Atrash Liviyaning ikkinchi yirik Beng‘ozi shahridan boshpana topgan yuzlab suriyalik qochqinlardan biri. U oilasi bilan birga Suriyadagi qonli nizolardan qochib, bu yerga kelgan.

Liviyalik erkaklarning suriyalik yosh-yosh qizlarga ko‘z tikayotganliklarini ko‘rib, Ahmad hamyurtlarining boyligi uchun ularga turmushga chiqqanlaridan ko‘ra, ko‘chalarda tilanchilik qilganliklarini ko‘rsam afzal edi, deydi.

"Beng‘oziga kelganimga ikki oy bo‘ldi. O‘tgan oy bir erkak eshigimni qoqib, pul evaziga o‘ziga turmushga chiqishini so‘rab, qizim yoki singlim borligi bilan qiziqdi. Men esa, kulib yubordim-da, ikki yashar qizalog‘im bor dedim", deydi Ahmad.

"Uning jahli chiqib ketgandi, "Xudodan qo‘rq! Biz sening yurtingga tahqirlashlari uchun emas, panoh izlab keldik, deb javob qaytardim", deya so‘zlarida davom etadi u.

Damashqda tarxchi bo‘lib ishlagan 38 yoshli Ahmad hozir Liviyada duradgorlik qiladi.

Ikki farzandning otasi. U suriyalik qochqin oilalar nochorlikdan o‘z qizlarini liviyalik boyvachchalarga sotishga majbur bo‘lishayotganidan fig‘oni falakda ekanini aytadi.

"Ular bizning moliyaviy ahvolimizdan foydalanib qolishmoqchi. Chunki aksariyat oilalar bolalariga, hatto, durust-quruq ovqat ham topib berisholmaydi", deydi u.

Suriya Inqilob Uyushmasi vakillaridan biri ham, yosh-yosh qizlariga uylanish uchun liviyalik erkaklar o‘zidan suriyalik qochqinlarning qayerda ekanliklarini tez-tez so‘rab turishlarini aytadi.

Bir liviyalik erkak esa, menga, hatto, "suriyalik qizlar juda chiroyli bo‘lishadi-da", ham deydi.

Boshqasining aytishicha, suriyalik qochqin qizlarga uylanib, liviyalik erkaklar qalin puli balosidan qutulishadi. Deylik, liviyalik qizni oladigan bo‘lishsa, uning oilasi 19.000 AQSh dollari miqdorida qalin puli so‘rashi mumkin ekan.

Ayrim musulmon ulamolari nazdlarida esa, o‘ziga to‘q odamning nochoriga marhamati qabilida bo‘lgani uchun ham bu kabi nikohlar maqbuldir.

Mahalliy imomlardan biri Ashraf Al-Aqrabiyning aytishicha, "agar erkakning cho‘ntagi baquvvat bo‘lsa, hatto, xotin ustiga olayotgan bo‘lsa ham, bunga o‘xshash nikohlarning nojoiz yeri yo‘q".

"Agar har ikki tomonning roziligi bilan bo‘ladigan bo‘lsa, bu erkak kishi uchun farzdir. Biz liviyaliklarni bu kabi nochor oilalarni himoya qilishga undashimiz shart. Aks holda qizlari fohishalik yo‘lini tutishga majbur bo‘lishlari mumkin".

Biroq ularning fikrlariga butkul qo‘shilmasligini aytgan Ahmadning nazdida bu - "Zamonaviy qullik".

Ahmad Atrash o‘zga yurtlardan boshpana izlashga majbur bo‘layotgan suriyalik xotin-qizlarning nomuslarini himoya etish uchun bu haqda ochiqcha gapirishga ahd qilganini aytadi.

"Bashar al-Assad to‘dalarining jinsiy zo‘ravonliklaridan qochib kelgan suriyalik xotin-qizlar endi din nomidan qilinayotgan zo‘ravonliklarga duchor bo‘lishmoqda", deydi u.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.