BBC navigation

O‘zbekiston Erkin Savdo Hududiga qo‘shiladi

Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2012 - 15:26 GMT

Erkin savdo hududiga qo‘shilish ortidan o‘zbek avtoulovlarining savdosi yanada qaynaydi

Yaltada MDH davlatlari hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekistonning ham Erkin savdo hududiga kirishi bildirilgan.

O‘zbekistonning 2012 yil oxirida to‘qqizinchi ishtirokchi sifatida Erkin savdo hududiga kirish masalasi shu yilning 30 may kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari yig‘ilishida ma‘qullangan edi.

Rossiya dohil 8 MDH davlatlari o‘rtasida tuzilgan ushbu Savdo hududi bojxona to‘lovlarini imkoni boricha tushirishni maqsad qilgan.

O‘zbekistonning Savdo hududiga qo‘shilish qarori xush qarshi olingan

O‘zbekistonning MDH davlatlari orasida Erkin savdo hududiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xabar qo‘shni mamlakatlarda xush qarshi olingan.

Internetda fikr qoldirgan o‘quvchilar O‘zbekistonning bunday tashkilotlarda faoliyati uni yanada jiddiy va foydali qilishi mumkinligini aytishgan.

Biroq mintaqada anchayin o‘ziga xos va yopiqroq iqtisodiy siyosat yurituvchi O‘zbekistonning ushbu tashkilotda qanchalik to‘laqonli ishtirok etishi savol ostiga ham olingan.

O‘zbekistondagi davlat strukturalarida bir necha yil ishlagan va ayni damda Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan iqtisodchi Safarboy Jubayev O‘zbekistonning turli ittifoqlarga qo‘shilishdan ko‘ra ikki tomonlama hamkorlik qilishni afzal bilib kelganini aytadi.

Biroq davlatlararo muammolarni yechishda O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilishga majbur.

"Davlatlararo muammolarni yechish uchun, bu tashkilotlarga kirishning ahamiyati katta va u yerda o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoni yaratiladi. Agar yopiq siyosat yuritilsa hech kim yordam bermaydi", - deydi iqtisodchi Safarboy Jubayev.

Chegaralar ochiladimi

Qozog‘istonlik iqtisodchiga ko‘ra ushbu tashkilotga qo‘shilish orqali O‘zbekiston o‘z iqtisodida keskin o‘zgarishlar qilish majburiyatida qolishi mumkin. Chegaralarni ochish va pul konvertatsiyasiga erkinlik berish kabi qulayliklar yaratilishi mumkin.

Biroq qozog‘istonlik yana bir iqtisodchi Muxtar Tayjanga ko‘ra Erkin savdo hududini Bojxona ittifoqi bilan aralashtirmaslik lozim.

"Erkin Savdo hududi - bu o‘zaro savdoda bojxona to‘lovlari narxining nolьga tushishi demakdir. Buni Qozog‘iston a‘zosi bo‘lgan Bojxona ittifoqi bilan chalkashtirmaslik kerak. Men ushbu huddudni qo‘llab quvvatlayman. Chunki unda biznes yuritish uchun yengilliklar yaratiladi va shu bilan birga suverenitetga tahdid solmaydi. Dunyoda juda ko‘p davlatlar shunday yashashadi", - deydi Muxtar Tayjan.

Iqtisodchiga ko‘ra Savdo hududiga qo‘shilgan davlatlar o‘z iqtisodini mustaqil yuritishi va hech qanday tashqi bosimni his qilmasligi mumkin.

Boz ustiga ushbu savdo hududiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston uchun o‘ziga xos istisnolar bo‘lishi ham mumkin.

Ichki bozordagi narx navolarni ushlab turish uchun avtomobillar olib kirishdagi mavjud to‘lovlar saqlanib qolishi mumkin.

Shunga qaramay, ushbu savdo hududiga qo‘shilish O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Iqtisodi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga asoslangan O‘zbekiston mahsulotlarni sotishda erkinliklarga ega bo‘lishi va bu mamlakatga qo‘shimcha valyuta olib kelishi mumkin.

MDH bozorlarini Xitoy mollari egallagan bir vaqtda ushbu savdo hududi mintaqadagi ishlab chiqaruvchilar uchun o‘ziga hos himoya vositasini ham yaratishi bashorat qilinmoqda.

MDH Erkin savdo hududi 2011 yili oktyabr oyida 8 davlat o‘rtasida tuzilgan, unga Rossiya, Ukraina, Belarussiya, Qozog‘iston, Armaniston, Tojikiston, Moldova va Qirg‘iziston a‘zo bo‘lgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.